Eronning - Markaziy Osiyo va Kavkaz respublikalari bilan
munosabatlari.
Markaziy Osiyo mintaqasi Eron tashqi siyosatining muhim
yo’nalishlaridan biri bo’lib qolishni davom etmoqda. Amalda bo’lgan
sanksiyalarga qaramay, Eron so’nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari
bilan aloqalarini mustahkamlashga muvaffaq bo’ldi.
Jumladan, Eron va Qozog’iston ko’p marotaba do’stona va yaxshi
qo’shnichilik munosabatlarini rivojlantirishdan manfaatdorligi va
o’zlarining siyosiy intilishlarini tasdiqlagan edilar. Tomonlar mintaqaviy
va xalqaro tashkilotlar doirasida birgalikda yaqindan harakat qilishadi. Ikki
davlat o’rtasida har yili tovar aylanmasining o’sishi kuzatiladi (2012-yilda
89
678,9 mln. AQSh dollari, 2013-yilda 620,5 mln. AQSh dollari, 2014-yilda
987,1 mln. AQSh dollari). Shu vaqtning o’zida Qozog’iston bu
munosabatlar o’zining Vashington, YEI va Turkiya bilan muloqotiga ta’sir
etishini hisobga olgan holda Eronga nisbatan muvozanatli siyosat yuritadi.
Aynan shuning uchun Ostona ShHTga a’zo bo’lish reglamentini
o’zgartirishning tashabbuskori bo’lib chiqdi va uning natijasida xalqaro
sanksiyalar ostida bo’lgan davlatlar tashkilot a’zoligiga kira olmasligi
to’g’risida band kiritildi. Ko’pgina mutaxassislar bu taklifni Tehronni
ShHTning to’liq a’zoligiga kirishi uchun yo’lini yopib turuvchi ko’tarma
g’ovga aylanganligini ta’kidlashdi. Shu tariqa Qozog’iston G’arbning
mintaqada “Eronni tiyib turish” siyosatini yoqlashini namoyish etib,
ehtiyotkorlik va sabot bilan bu masalada AQSh va YEI manfaatlarining
vositachisi bo’lib chiqmoqda.
Eron va Tojikiston, shubhasiz, mushtarak tarixiy-madaniy qadriyatlar
va savdo-iqtisodiy va siyosiy manfaatlarni hisobga olgan holda o’zaro
yaqinlashishdan
manfaatdordirlar.
Tehron
Tojikistonni
forszabon
dunyoning bir qismi sifatida qabul qilganligi bois bu munosabatlarga
alohida ahamiyat beradi. Eron Dushanbe bilan barcha sohalarda, jumladan,
iqtisodiy sohada munosabatlarni kengaytirishga intiladi. Tojikistonda 150
dan ortiq Eron firmalari faoliyat ko’rsatadi, 2014-yil yakuniga ko’ra esa
ikki davlat o’rtasida savdo aylanmasi 228 mln. AQSh dollarini tashkil etib,
bu Tojikiston savdo aylanmasi umumiy hajmining 4,3 foizini tashkil etadi.
Eron Tojikistonga fuqarolik urushidan so’ng davlatni tiklashda yordam
ko’rsatdi. Bundan tashqari, Eron tomoni 2008-yilda Forszabon ittifoqining
iqtisodiy kengashini tuzish to’g’risidagi imzolangan kelishuv asosida
Eron-Tojikiston-Afg’oniston ittifoqini rivojlantirish bo’yicha ishlar olib
bormoqda. Shu bilan birga Rossiya va AQShning avj olib borayotgan
faoliyati va ta’siri sababli, ham Tojikiston ham Afg’oniston bu davlatlarga
bog’liqlik asosida siyosat yuritadilar. Bu vaziyat “uchlar ittifoqi”
faoliyatini faol bosqichga o’tishiga yo’l qo’ymaydigan omil hisoblanadi.
Eron va Turkmaniston munosabatlarini haqli ravishda eng faol deb
atash mumkin. Bu ko’p jihatdan ikki davlatni umumiy chegaralar
birlashtirishi, ko’p asrli tarixiy va konfessional yaqinligi bilan bog’liq.
Eron shimolida e’tiborli darajada turkman millatiga mansub ko’p
aholisining joylashganligi mustahkam yaxshi qo’shnichilik poydevori
sifatida xizmat qiladi. Ikki davlatning munosabatlari o’zaro manfaatlar
asosida ham barpo etilgan. Tovar aylanmasi 1992-yildagi 52 ming
dollardan 2014-yildagi 3,7 mlrd. AQSh dollariga yetdi. Turkmanistonda
Eron ko’magida yuzlab sanoat ob’ektlari amalga oshirilgan yoki amalga
90
oshirish bosqichida bo’lib, ular milliy iqtisodiyot uchun muhim ustuvor
ahamiyat kasb etadi.
2015-yil Qirg’iziston Respublikasi prezidenti O.Atambaevning shu
yil sentabrda Eronga tashrifi, hamda Eron prezidenti H.Ruhoniyning 2016-
yil dekabrda Bishkekka uyushtirgan javob tashrifi ikki davlat o’rtasidagi
munosabatlarning do’stona ekanligini tasdiqladi. Bundan ilgariroq, dekabr
oyining boshida Eron elchisi Ali Mujtob Ruzbahoniy Qirg’iziston sanoat,
energetika va yer osti boyliklaridan foydalanish qo’mitasi raisi
Duyshanbek Ziloliyev bilan uchrashuv davomida ikki tomonlama
munosabatlar yetarlicha rivojlanmaganligini va o’zaro savdo aylanmasi
bor yo’g’i 30 mln. dollarni tashkil etishini ta’kidlab o’tdi. Qirg’iziston
prezidentining Tehronga tashrifi davomida eronlik hamkasbi e’tiborli
bayonot berdi: “Bugungi kunda Qirg’iziston mustaqil siyosat yuritish
yo’lidan bormoqda. Biz sizlar amerikaliklarning Manasdagi aviabazasini
yopganligingizni guvohi bo’ldik. Bu holat bugungi kunda xalqaro va
mintaqaviy masalalarda pozitsiyalarimiz va g’oyalarimiz yaqinligidan
dalolat beradi. Va bizlar bu jabhada o’z munosabatlarimizni
rivojlantirishimiz mumkin. Shuningdek, bizlar zo’ravonlik va terrorizmga
qarshi kurash sohalarida yaqindan hamkorlik qilishimiz lozim”. Bundan
tashqari, tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar va boshqa
sohalarda o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo’lidan borishda
davom ettirishlarini izhor etdilar.
Ma’lumki, O’zbekiston 1990-yillarda Eronga nisbatan sanksiyalar
joriy etilishini yoqlab chiqqan edi. Keyinchalik Muhammad Hotamiy
prezidentlikka kelganidan so’ng munosabatlarda tiklanish kuzatildi. Oxirgi
yillarda O’zbekiston va Eron o’rtasida iqtisodiy aloqalar ancha yaxshi
rivojlanib bormoqda. Ushbu munosabatlar mahsuliga e’tibor qaratsak, u
holda 2014-yil natijalariga ko’ra, o’zaro tovar ayirboshlash ko’rsatkichlari
374,9 mln. AQSh dollari, shu jumladan eksport – 317,8 mln. AQSh
dollari, import – 57 mln. AQSh dollarini tashklil etganini ko’rishimiz
mumkin. Hozirgi kunda O’zbekiston va Eron munosabatlarining
shartnoma-huquqiy asosini 59 dan ortiq imzolangan hujjatlar tashkil etadi.
O’zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o’rtasida savdo-
iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo’yicha Hukumatlararo qo’shma
komissiya tashkil etilgan bo’lib, 2015-yilning iyun oyida Toshkent
shahrida uning 11-yig’ilishi bo’lib o’tdi. Hozirgi kunda O’zbekistonda
Eron sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 116 dan ortiq korxona faoliyat
ko’rsatmoqda. Shulardan 19 tasi to’liq Eron sarmoyasi asosida ish olib
bormoqda. O’zbekiston va Eron munosabatlarida transport va transport
91
kommunikatsiyalari
sohasidagi hamkorlik muhim o’rin tutadi.
Mamlakatimiz o’z mahsulotlarini Eronning Bandar-Abbos va Chobahor
portlari orqali Hind okeaniga chiqaradi. Eron esa O’zbekiston hududi
orqali Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlariga tovar yetkazib beradi.
2017-yil mart oyida O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar
vazirligida O’zbekiston-Eron vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining
beshinchi raundi bo’lib o’tdi. Unda Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar
vaziri o’rinbosari Ibrohim Rahimpur rahbarligidagi delegatsiya ishtirok
etdi. Uchrashuvda iqtisodiyot, savdo, transport va tranzit kabi sohalardagi
aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O’zbekiston –
Turkmaniston – Eron – O’mon mintaqalararo transport koridorini ishga
tushirish o’zaro hamkorlik rivojida alohida ahamiyat kasb etishi qayd
etildi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Eron Janubiy Kavkaz
davlatlari – Ozarbayjon, Armaniston va Gruziya davlatlari bilan yaqin
munosabatlarga ega. Bugungi kunda Eron-Ozarbayjon munosabatlari
yuqori darajada sanaladi. Ikkala davlat ham xalqaro tashkilotlar doirasida
chambarchas hamkorlik qiladi. Rasmiy darajada ikki davlatning
munosabatlari “birodarona” deb ataladi. Eron yadro dasturi bo’yicha
kelishuvga erishilgandan so’ng ozar tomoni Eron bilan munosabatlarni
faollashtirib, neft-gaz sohasida bir qator takliflar bilan chiqdi. Gruziya
bilan munosabatlarga Eron o’zining siyosiy rejalarini amalga oshirish,
shuningdek, o’zining geostrategik va iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish
mumkin bo’lgan mamlakat sifatida jiddiy ahamiyat beradi. 2015-yil
iyulida Eron Ozarbayjon va Gruziya fuqarolariga viza tartibini bekor
qilgan bo’lib, bu Eronning mazkur davlatlar bilan ikkitomonlama
yaqinlashuviga intilishidan guvohlik beradi. Eron va Armaniston o’rtasida
munosabatlar deyarli ittifoqchilik darajasidadir. Doimiy ravishda oliy
darajadagi tashriflar amalga oshirilar, madaniy aloqalar rivojlanar va shu
bilan birga ikki qo’shni mamlakat o’rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarning
darajasi uncha katta emasdir.
Shunday qilib, “oltilik” xalqaro vositachi davlatlarning Eron tomoni
bilan yadro dasturi bo’yicha bitimga kelishi Eronga nafaqat mintaqada
balki jahonda o’z mavqeini mustahkamlashga imkon bergan bo’lsa-da,
ba’zi davlatlarning hanuz yetarlicha ishonchiga sazovor bo’lishga
muvaffaq bo’lmadi. Bu ko’p jihatdan Eron to’g’risida shakllangan salbiy
tasavvurlar bilan bog’liqdir. Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, islom
rejimining tashqi siyosiy konsepsiyalari va Eronning amaliy tashqi siyosati
so’nggi yillarda sifatli o’zgarishlarga uchramoqda. “G’arb ham emas,
92
Sharq ham emas, balki Islom”, “Islom inqilobining eksporti”
konsepsiyalari tashqi siyosatni yuritishda ochiqlik yo’lini tutishga
almashmoqda. Hozirgi davrda Eronning Yaqin Sharq mintaqasidagi tashqi
siyosatida Islom davlatining Yaqin Sharqdagi faoliyati va kurd omili
muhim ahamiyat kasb etadi. Eron tomoni mazkur ikki omillarni AQSh va
Buyuk Britaniya mintaqada o’zlarining manfaatlariga erishish maqsadida
o’ziga nisbatan bosim o’tkazishda foydalanishi mumkin deb hisoblaydi.
Yadro kelishuvi imzolanganidan so’ng, Yevropa davlatlari bilan aloqalarni
yaxshilash va qo’shni mamlakatlar (Ozarbayjon, Afg’oniston, Iroq,
Turkiya,
Pokiston,
Turkmaniston)
bilan
munosabatlarni
yanada
mustahkamlash Eron tashqi siyosatida muhim yo’nalishlaridan biri
hisoblanadi. Shuningdek, Eron tashqi siyosiy yo’lida Xitoy va Rossiya
alohida muhim ahamiyat kasb etib, bu davlatlar bilan munosabatlar borgan
sari strategik xarakterni kasb etmoqda. Eron tomonining ba’zi Yaqin Sharq
davlatlari (Falastin, Yaman, Suriya, Bahrayn), Markaziy Osiyo hamda
Kavkaz davlatlariga nisbatan pozitsiyasi ilgarigidek, o’zgarishsiz qolishda
davom etib, bu mintaqa davlatlarida o’z ta’sirini mustahkamlash
maqsadida yaxshi va puxta rejalashtirilgan siyosiy muloqotdan vosita
sifatida foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |