Toʻrtinchidan, asarlari qanday shakl, koʻrinish, ruhda boʻlishidan qatʼi nazar, hatto keskin dramatik, fojiaviy vaziyatlar ifodasida ham hazil-mutoyiba, yumor yondosh holda keladi. Nihoyat,
beshinchidan, oltmishinchi-yetmishinchi yillar adabiyotida yetakchi tamoyilga aylangan asarda “gap aytish”, hayotning jiddiy muammolariga munosabat bildirish, muallifga tinchlik bermagan, qalbini oʻrtagan, qoʻliga qalam olishga undagan hayot va shaxs jumboqlari borasidagi dil soʻzlarini, koʻngil dardlarini, armon-oʻkinchlarini toʻkib solish hodisasi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning bolalar uchun moʻljallangan sarguzasht asarlariga ham xos yetakchi xususiyatlardandir. Adibning “Sariq devni minib” nomli romanining qahramoni – Hoshimjon tabiatan kuldiruvchan, qiziqchiroq. U topib gapiradi, joʻn gaplarga ham toʻn kiydirib yuboradi. Uning nutqi hazil-mutoyiba, kinoya-kesatiqlarga nihoyatda boy. U oʻzgalarni kuldiradi, oʻzi esa sira kulmaydi. Asarni xuddi shu xil bola tilidan hikoya qilish yumorist yozuvchi uchun juda-juda qoʻl kelgan.
Hoshimjon koʻrinishdan nihoyatda sodda, goʻl, shirinsuxan, mayin-muloyim bola, oyisi chaqirganda “Labbay, oyijon”, ish buyurganda “Xoʻp boʻladi, oyijon”, deb turadi. Aslida, u xiyla mugʻombir, quv, shoʻx bola. U ukalariga kun bermaydi, oʻziga topshirilgan ishlarni ukalariga buyuradi, bordi-yu, ular bajarmasa holi chatoq – och biqiniga musht kelib tushadi. Maktabda ham shunday. Topshiriqlarni bajarishga urinadi. Uning doʻsti har qanday masalani koʻz ochib-yumguncha ishlab tashlaydi. Hoshimjon ham boʻsh kelmaydi, koʻz ochib yumguncha undan koʻchirib oladi. Faqat bu bilan kifoyalanmaydi, hatto maktab direktori nomiga qiyin darslarni jadvaldan chiqarib tashlash haqida ariza yozadi. Xullas, uning mehnatga sira tobi yoʻq, har sohada har doim oson yoʻl qidiradi. Biroq, bu yoʻl uni yaxshilikka eltmaydi, oʻqituvchilarning dashnomiga, oyisining taʼqibiga uchraydi.
Hoshimjon otdan tushsa ham, egardan tushgan emas. Soddadil bola oʻz “eʼtiqodi”dan qaytgan emas. U hamon oʻqimasdan, mehnat qilmasdan shuhrat va martabaga erishish yoʻlini qidiradi. Shu orada birdan uning ishi yurishib ketadi. Xohlagan narsasini muhayyo etadigan afsonaviy sehrli qalpoqchani topib oladi va u bilan sayrga chiqadi.
Shu oʻringa kelib, sarguzasht asar yarim fantastik tus oladi, biri-biridan qiziq, biri-biridan kulgili gʻaroyib sarguzashtlar boshlanib ketadi. Hoshimjonning koʻngli nihoyatda chogʻ. Mana, endi, u oʻz oʻqituvchilari qoʻlida oʻqimasdan turib ham har qanday kasb egasi boʻlaolishi mumkinligini koʻrsatib qoʻymoqchi, koʻksi toʻla orden, katta shon-shuhratlar bilan qishlogʻiga qaytmoqchi. Afsus, ming afsus, hatto afsonaviy sehrli qalpoqcha ham bu borada Hoshimjonga koʻmak berolmaydi. Sehrli qalpoqcha muhayyo etgan imkoniyatlar har safar kutilmagan koʻngilsiz oqibatlarga olib kelaveradi, qahramonning baxti endi kulay deb turganda, ishning pachavasi chiqib qolaveradi. U agronom ham boʻladi, shoir ham, artist ham, injener ham boʻladi, biroq, har safar bilimining, tajribaning yoʻqligi ishning beliga tepaveradi. Zotan, asardagi kulgining haqiqiy manbai xuddi ana shunda.
Muallif yosh qahramon xarakteri va sarguzashti tasvirida bir yoqlamalikdan qochadi, qahramonni olaboʻjiga aylantirib yubormaydi, qahramon hali bola ekanini doimo nazarda tutadi; Hoshimjon tabiatida oʻziga yarashadigan qandaydir erkatoylik, odamni oʻziga tortadigan samimiyat, joziba bor; aslida, unda hech qanaqa yovuz niyat yoʻq, u muayyan darajada romantik, orzu-havaslar egasi. Biroq, u orzu-havaslarga eltadigan katta yoʻldan bir muddat chetga chiqib sarson-sargardon boʻladi, kulgili vaziyatlarga tushib qoladi. Qahramon qanchalik xatolarga yoʻl qoʻymasin, u, aslida, samimiyat egasi boʻlgani uchun asardagi kulgi samimiy, quvnoqligicha qolaveradi. Asar qahramoni nuqul bemaʼnigarchiliklar bilan shugʻullanavermasdan, xayrli ishlar ham qiladi: u sehrli qalpoqcha yordami bilan folbinning kirdikorlarini fosh etadi, olgʻir, poraxoʻr mehmonxona xodimlarini sarosimaga solib qoʻyadi; xususan, qissaning ikkinchi qismida qahramon katta ish koʻrsatadi, soxta, firibgar din homiylarining asl basharasini ochib tashlaydi. Uchinchi qismda Hoshimjonning maktabdagi sarguzashtlari hikoya qilinadi. Koʻp hangomalarni boshidan kechirgan qahramonimiz asar oxirida boshqacha qiyofaga kiradi, orzu-havaslarga eltadigan chinakam yoʻl odob va qunt bilan oʻqishda, mehnatda ekaniga toʻla ishonch hosil qiladi. Qisqasi, oxir-oqibat qahramon bisotidagi samimiyat, ezgu xislatlar gʻolib keladi.
Xulosa shuki, milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan, allaqachon sarguzasht sardori darajasiga koʻtarilgan Xudoyberdi Toʻxtaboyevning ijodi yanayam sermahsul, bardavom boʻlaversin.
Do'stlaringiz bilan baham: |