Ikkinchidan, adib romanlarining qahramonlari bolalar boʻladimi, kattalar boʻladimi, kim boʻlishidan qatʼi nazar, ular tasviri, talqini hamisha bolalarga xos nigoh, samimiyat bilan yoʻgʻrilgan. Yozuvchi Shukur Xolmirzayev topib aytgan: “Xudoyberdi akaning tabiatida oʻzi qandaydir moʻjaz, yaxshi maʼnoda bolalik bor”. Ayni mana shu xislat – bolalarcha begʻubor soddalik asarlariga koʻchib oʻtib ularga ajib ruh, samimiyat baxsh etadi.
Uchinchidan, adib asarlari poetikasi, ifoda tarzi, usullari jihatidan rang-barang; ular orasida sof hayotiy, realistik yoʻnalishdagi romanlarni ham, milliy xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari bilan yoʻgʻrilgan xayoliy fantastika, zamonaviy jahon tajribalariga xos shiddatkor detektiv namunalarini ham, tarixiy-biografik sarguzasht turlarini ham uchratish mumkin. Muallifning shunday romanlari ham borki, ularda bir emas, bir necha ifoda tarzi sinteziga duch kelamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |