26-
noyabrida Qo’qonda o’lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi chaqirildi. Unda
Turkiston o’lkasining 5 viloyatidan 200 nafardan ziyodroq vakillar ishtirok etdi. Qurultoy ishida
“Sho’roi Islom”, “Sho’roi Ulamo”, Musulmon harbiylari Sho’rosi, o’lka yahudiylar jamiyati
namoyandalari ham qatnashdilar. Qurultoyda
Turkiston Muxtoriyati
tuzildi. Bu xususda qabul
qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi
Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini
namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb
e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola
etadi”. Shundan so’ng qurultoy “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining
muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi”.
Yangidan tarkib topayotgan davlat Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo’ldi. Qurultoyda
Turkiston Muxtoriyatining hokimiyat organi - Muvaqqat Kengash tuzildi. Muvaqqat Kengash
tarkibi 12 kishidan iborat etib belgilandi. Dastlab unga quyidagi nomzodlar kiritildi:
1.
M. Tinishpayev - bosh vazir, ichki ishlar vaziri; (Qozoq taraqqiyparvarlari 1917-yil-
dekabrda Orenburgda s’ezd o’tkazib «Alash-O’rda» avtonom Respublikasini tuzdilar, uning
hukumati tarkibiga M.Tinishpayev saylanadi. Shu munosabat bilan M.Tinishpayev «Alash
O’rda» poytaxti Semipalatinskka ketadi.)
2.
Islom Shoahmedov - bosh vazir o’rinbosari;
3.
Mustafo Cho’qayev tashqi ishlar vaziri (keyinroq bosh vazir);
4.
Ubaydulla Xo’jayev - harbiy vazir;
5.
Yurali Agayev - yer va suv boyliklari vaziri;
6.
Obidjon Mahmudov - oziq-ovqat vaziri;
7.
Abdurahmon O’razayev - ichki ishlar vaziri o’rinbosari;
8.
Solomon Gertsfeld - moliya vaziri.
Hukumat tarkibiga yevropalik aholi orasidan yana to’rtta vakil kiritilishi belgilab qo’yilgan
edi.
Qurultoyning yana bir katta xizmati, bu uning tomonidan
Turkiston Milliy majlisi
(parlamenti) tuzilganligi bo’ldi. Unga “Sho’roi Ulamo” tashkiloti rahbari Sherali Lapin rais etib
saylandi.
Milliy Majlis tarkibiga Muvaqqat Kengash a’zolaridan tashqari o’sha davrning atoqli
arboblari: T. Norbo’tabekov, S. Sharifxo’jayev, Nosirxonto’ra Komolxonto’ra o’g’li, M.
Behbudiy, Alixonto’ra Shokirxonto’ra o’g’li, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov singari yurt
peshvolari ham saylangan edilar.
Shunday qilib, o’lkaning mo’’tabar millatparvar zotlaridan iborat milliy hokimiyat tashkil
etilib, uning zimmasiga ulug’vor vazifalar yuklandi. Eng muhimi, Turkiston xalqining erki,
mustaqilligini asta-sekin tiklash - bu xalqchil hukumatning bosh vazifasi edi. Shu boisdan ham
o’lkaning millionlab fuqarolari Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganligini katta qoniqish ruhi
bilan qarshi oldilar. 1917-yil-dekabr oyi boshlarida Toshkent, Namangan, Jalolobod, Qo’qon,
Samarqand shaharlari aholisi mitinglar, namoyishlar uyushtirib, muxtoriyatni qizg’in qo’llab-
quvvatlab chiqdilar.
Biroq o’lkada o’rnashib olgan va asosiy boshqaruv jilovini qo’lda ushlab turgan Turkiston
sovet hukumati va uning joylardagi hokimiyat mahkamalari Turkiston muxtoriyati va uning
tarafdorlarini yo’q qilish yo’lini butun choralar bilan o’tkazib bordi.
1917-yil 13-dekabrida Toshkentda muxtoriyatni yoqlab o’tkazilgan katta mitingni zo’rlik
bilan tarqatib yuborilishi, bugina emas, unda sovet kuchlari otgan miltiq va pulemyotlar sadosi
ostida ko’plab qurbonlar berilishi (eski shaharlik 16 kishi otib o’ldirilgan edi) - bu Turkiston
muxtoriyatiga nisbatan uyushtirilgan dastlabki suiqasd edi.
1917-yil 25-dekabr kuni Qo’qonda o’lka musulmon ishchi, askar va dehqonlarining I
favqulodda qurultoyi ish boshladi. Unda 200 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Qurultoy muxtoriyatni
har tomonlama quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy madad ko’rsatish shiori ostida o’tdi. Unda
Turkiston Muvaqqat Kengashi tarkibini musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari qurultoyi
vakillari hisobiga to’ldirish to’g’risida qaror qilindi. Qurultoy o’zining so’nggi ish kuni - 27-
dekabrda Petrogradga,
Xalq Komissarlari Soveti
Raisi V.I. Lenin nomiga telegramma yo’lladi.
Unda Turkiston muxtoriyatini e’tirof etish, Toshkent Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni
Turkiston muxtoriyati Muvaqqat Kengashiga topshirish to’g’risida farmoyish berish so’ralgan
edi.
Lenin va uning safdoshlari esa ochiq va yashirin tarzda Toshkentda faoliyat yuritayotgan
Turkistondagi sovet hukumati oldiga milliy muxtoriyatni tugatishni vazifa qilib qo’yganligi hech
kimga sir emas. Turkistondagi sovet hokimiyati o’lka muxtoriyati faoliyatini cheklash, uni
butunlay barham toptirishga qaratilgan xoinona yo’l tutdi. Bu manfur maqsadni amalga oshirish
uchun sovetlar hokimiyati tasanufida bo’lgan hamma vositalar ishga solindi. 1918-yil 19-26-
yanvarda bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV s’ezdi Turkiston muxtoriyati
hukumatini, uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hisobladi va ularning boshliqlarini
qamoqqa olishga qaror qildi.
Buning ustiga Turkiston muxtoriyati o’zini o’zi yetarli darajada himoya qila olish
imkoniyatiga ega bo’lolmadi. Muxtoriyatchilar orasida ko’pgina muhim xayotiy masalalarda
birlik, hamjihatlik, jipslik mavjud emasdi. Unga moddiy, ma’naviy hamda harbiy, moliyaviy
madad ko’rsata oladigan real kuchlar va imkoniyatlar yo’q edi. 1918-yil 18-fevralda «Ulamo»
jamiyati tashabbusi bilan Muxtoriyatda to’ntarish sodir etildi. Mustafo Cho’qayev
boshchiligidagi hukumat ag’darildi. Hukumat boshqaruvi Qo’qon shahar militsiyasi boshlig’i
Kichik Ergashga o’tadi.
Turkiston sovet hukumati 1918-yil 14-fevralida Farg’ona viloyati hududida favqulodda
harbiy holat joriy etdi. Uning Qo’qondagi mahalliy hokimiyati - ishchi va askar deputatlari
soveti 17-fevralda muxtoriyat vakillarini taslim bo’lishga da’vat qildi. Ayni vaqtda Toshkentdan
Perefilev boshchiligida qurollangan ko’p sonli qizil qo’shin olib kelindi va ular darhol ishga
solindi. Qo’qondagi ashaddiy millatchi arman dashnoqlari ham bu bosqinga jalb qilindi.
(Dashnoq - 1890-yilda Tiflisda tashkil etilgan «Dashnaktsutyun» («Ittifoq») arman milliy
partiyasi a’zosi. Dashnoqlarning bir qismi 1915-yilgi turk-arman qrig’inida qo’chib Turkistonga
kelgan edilar.)
. Ayniqsa 19-21-fevral kunlari Qo’qon xalqi ustiga balo-kazo yog’ildi. Shahar o’t
ichida yondi. Shu tariqa, Turkiston Muxtoriyati mag’lubiyatga uchradi.
Eng dahshatliligi shuki, bu xunrezlik tagida hech bir gunohi bo’lmagan ming- minglab
Qo’qon fuqarosi mislsiz jabr tortdi, behisob qurbonlar berdi. Qo’qonda sovetlar sodir etgan
qonli fojiani sovet davlati arboblaridan biri D. Manjara keyinroq shunday deb e’tirof etgandi:
“Milliy siyosatda yo’l qo’yilgan xatolarimiz tufayli Qo’qon muxtoriyati vujudga keldi. Uni
yo’qotish paytida yana bir xatoga yo’l qo’ydik. Qurol-yarog’i deyarli bo’lmagan
muxtoriyatchilar joylashgan eski shaharni qamal qilish o’rniga, biz to’plardan o’qqa tutdik,
keyin dashnoqlarning qurolli to’dalarini ishga soldik. Natijada talon-taroj, nomusga tegish,
qirg’in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo’lmagan tinch aholi katta zarar
ko’rdi”
.
Do'stlaringiz bilan baham: |