166-modda. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida shaxslarning ishtirok etish huquqi haqida ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatilib, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarga hamda ularning bunday majlisda ishtirok etishiga ko‘maklashadigan tegishli sudga yuboriladi.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashadigan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarning vakillari vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar, shuningdek sud majlisida taqdim etilgan dalillar ishni ko‘rayotgan sudga yuborilishini ta’minlaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi birinchi, apellatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlarining sud majlisida amalga oshirilishi mumkin.
(166-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son) 167-modda. Sud majlisidagi tartib Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir bo‘lganlarning barchasi o‘rinlaridan turadi.
Sud jarayoni ishtirokchilari sudga “Hurmatli sud!” degan so‘zlar bilan murojaat qiladi. Ular sudga o‘z tushuntirishlari va ko‘rsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Sud majlisi sudning normal ishlashini va sud jarayoni ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlaydigan sharoitlarda o‘tkaziladi. Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan hamda sudning ruxsati bilan sud majlisining fototasvirini, videoyozuvini, radio va televideniye orqali translatsiyasini amalga oshirayotgan shaxslarning harakatlari sud majlisidagi tartibga xalaqit bermasligi kerak. Bu harakatlar sud tomonidan vaqt bo‘yicha cheklanishi mumkin.
Majlis vaqtida tartib buzilgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni buzgan shaxsni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.
Sudning hal qiluv qarorini majlis zalida hozir bo‘lganlarning barchasi tik turib eshitadi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 164 — 166, 168 — 175-moddalari.