Navoiy davlat pedagogika instituti pedagogika kafedrasi
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA`LIMI VAZIRLIGI
NAVOIY DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI
PEDAGOGIKA KAFEDRASI
Navoiy - 2007
Ushbu matn qo’llanma bakalavriat ta`lim standartlariga kiritilgan «Pedagogik texnologiya asoslari» fani sohasiga oid bilimlar majmuini qamrab oladi
Ma’ruzalar matnida pedagogik texnologiya tizimining hozirgi davridagi maqsad va vazifalari, mazmuni va ish uslubi, yosh avlodning bilimdonligini o’stirishdagi vazifasini yoritishga harakat qilingan. Ma`rifatli va ma`naviyatli yoshlarni tarbiyalashda, oliy maktab muallimi, maktab o’qituvchisi birinchi navbatda ularga yangi bilimlar, tushunchalar, axborotlar berishning samarali yo’llaridan xabardor bo’lishi lozim. Shu sababli mazkur qo’llanma oliy hamda o’rta maktab, litsey va kollej o’qituvchilari va talabalari, shuningdek mazkur fan bilan qiziquvchi kitobxonlarga mo’ljallangan.
Tuzuvchi mualliflar: p.f.d. prof. Sh.A.Abdullayeva,
p.f.n. dots. D.A.Axatova
Mas`ul muharrir: p.f.n. E.Y. To’qmurodov
Taqrizchilar: p.f.n. dots.O.Shomiyeva
p.f.n. S.S. Sayitov
(Ma’ruzalar matni NavDPI Pedagogika kafedrasining 2007 yil 28- avgustdagi №1 yig’ilishida muhokama qilingan )
KIRISH
Mustaqil Respublikamizda uzlukiz ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohatlar milliy ta`lim-tarbiya tizimini takomillashtirishga, zamon talablari bilan uyg’unlashtirilgan, jahon andozalari darajasiga mos «milliy modelni» hayotga tadbiq qilishga, ma`naviyatimizni yanada yuksaltirishga qaratilgan.
Bu esa o’z navbatida talabalarning umumpedagogik bilim darajasini kengaytirishni, ma`naviy va intellektual meroslarimizga to’g’ri munosabatda bo’lishni talab qiladi.
Ma`lumki, bugungi kunda pedagogikani insonparvar pedagogikaga aylantirish ta`lim sohasining muhim masalasiga aylanib qoldi. Shuning uchun ham ta`limni insonparvarlashtirish orqali yuzaga kelgan mavjud muammolarni oqilona hal etib borish yangicha ishlashni, yangi pedagogik tafakkurni shakllantirishni taqozo etadi.
O’zbekiston Respublikasida uzluksiz ta`lim tizimini isloh qilish kelajakda o’qituvchilik kasbini egallaydigan yangi avlodni yuqori kasbiy madaniyat, ijodiy va ijtimoiy faollik, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil qatnasha olish qobiliyatlarini shakllantirishga yo’naltirilgan.
Mazkur vazifalarni bajarishda zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ahamiyati o’ta salmoqlidir.
Ijtimoiy hayotdagi mafkuraviy jarayonlar pedagogik voqelikni aks ettiradigan ta`limiy faoliyat loyihalarini asoslaydigan fan sohasi, tasavvurlarini qamrab olmasdan iloji yo’q. «Yangi pedagogik bilimlar ko’lami Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida kengayib bormoqda, tadqiqot yo’nalishlari erkin shaxsni shakllantirish muammolariga qaratilyapti»1,- deb ta`kidlaydi professor Nurali Sayidahmedov.
Haqiqatan ham yangi pedagogik bilimlar ko’lami bugungi kunda ta`lim-tarbiya tizimida yangicha metodologik yondashuvlarni yuzaga keltirayotir.
Biz qo’l urgan ushbu qo’llanmada pedagogik texnologiya konsesiyasining rivojlanish tarixi, pedagogik texnologiya loyihalari, zamonaviy pedagogik texnologiyaning tarkibiy tuzilishi, didaktik jarayon tuzilmasiga asoslangan o’qitish metodlari to’g’risida baholi qudrat fikr bildirishga harakat qilindi.
Qo’llanmada O’zbekistonda yangi pedagogik texnologiya konsepsiyasini rivojlantirish istiqbollari, uzluksiz ta`lim tizimida masofaviy o’qitishning istiqbollari to’g’risida mulohazalar bildirilgan.
Mazkur qo’llanma «bakalavr» yo’nalishi bo’yicha ta`lim standartlariga kiritilgan «Pedagogik texnologiya asoslari» kursida o’tilishi mo’ljallangan mavzularni o’z ichiga qamrab oladi. Talabalar kurs bo’yicha egallagan nazariy bilimlarini mustahkamlashga imkoniyat yaratadi.
Qo’llanmani yaratishdan mualliflar quyidagi maqsad va vazifalarni qo’yishdi:
Davlat ta`lim standartlarining bosh talabi bo’lmish, ijodiy tafakkur sohibini shakllantirish;
tahsil oluvchilarni pedagogik texnologiya asoslari bilan tanishtirish;
yangi va axborot texnologiyalari to’g’risida tushuncha berish; fan va tajribadagi yangi muvaffaqiyatlarni aks ettirish;
ilg’or pedagogik texnologiya elementlarini darslarda tadbiq qilishda ko’nikma hosil qilishlari uchun zamin yaratish.
Albatta qo’llanma bir qator ilmiy-uslubiy to’ldirishlarni talab etishi mumkin. Barcha taklif va mulohazalaringizni mualliflar chuqur samimiyat bilan qarshi olishadi.
I bob. PEDAGOGIK TEXNOLOGIYA- TA`LIM TARAQQIYOTI-
Do'stlaringiz bilan baham: |