III-bob. Bosh, bo’yin va ko’krak soxasidagi operatsiyalar
Mashg’ulot № 14
BOSHNING ANATOMO-TOPOGRAFIK TUZILISHI. BOSH NERVLARINI OG’RIQSIZLANTIRISH.
Darsning maqsadi. Talabalarga har turdagi hayvonlar bosh qismi, organ, nerv va qon tomirlar anatomo-topografik tuzilishini va bosh oblastidagi nervlarni o’tkazuvchan usulda og’riqsizlantirish usullarini o’rgatish.
Jihoz va asbob-uskunalar. Turli hayvonlarning anatomik bosh suyaklari, hayvonlardan ot, eshak, qoramol, qo’y va it hayvonlarni fiksasiya qilish uchun moslamalar, qaychi, 3% yodning spirtdagi eritmasi, paxtali tampon, novokainning 2-3% li eritmasi, har xil qalinlikdagi va o’lchamdagi ninalar, 10-20 ml sig’imga ega bo’lgan shprislar.
Darsning o’tilish uslubi. Darsning 1-yarmida talabalarga o’qituvchi tomonidan hayvonlarning bosh suyagi, anatomo-topografik tuzilishini, organlar, qon tomir va nervlar joylashgan joyni, bosh mintaqasidagi nervlarni o’tkazuvchanlik usulida og’riqsizlantirish usullarini tushuntirib beradi.
Darsning 2-yarmida talabalar kichik guruhlarga ajratilib, har xil turdagi tirik hayvonlarda nervlarni anatomo-topografik tuzilishini, joylashgan joyini, og’riqsizlantirish nuqtalarini topib, o’qituvchi rahbarligida, aseptika va antiseptika qoidalariga rioya qilib og’riqsizlantirishning har xil usullarini qo’llashadi. Dars yakunida o’qituvchi talabalarning ish faoliyatini baholaydi. Talabalarning o’tilgan dars bo’yicha o’zlashtirilishi tekshiriladi va o’tilgan dars mustahkamlanadi.
Bosh suyagi (cranium) – umurtqa pog’onasining old tomonida bo’lib, unda eng muhim organlar, bosh miya, sezgi (eshitish, ko’rish va hid bilish) organlari joylashgan. Ovqat hazm qilish, nafas olish sistemasining boshlanish qismi ham bosh suyagida bo’ladi. Bosh skeleti bir-biriga nisbatan zich joylashgan yassi juft va toq suyaklardan, kovaklardan, qon tomir va nervlar o’tadigan teshiklardan iborat.
Bosh va bo’yin chegarasi pastki jag’ suyagining orqa tomon qirrasidan o’tkazilgan sigmental chiziq bo’lib hisoblanadi. Bosh oblasti ikkiga: bosh miya va yuza qismlarga bo’linib, ko’z orbitasining orqa tomon qirrasidan yonoq suyagining burilish burchagi orqali o’tib ensa suyagining buyinturuq o’simta uchigacha o’tkazilgan chiziq bosh miya va yuza bo’limi chegarasini hosil qiladi.
Qoramollarda bosh suyagining yuza bo’limida bet do’ngligi, otlarda yonoq suyagi tarog’i, jag’ bo’g’imi, burun jag’ va jag’ oraliq burchaklar, pastki jag’ burchagi, ko’z osti va iyak osti teshiklar, pastki jag’ suyagining qon tomir va nerv kesigi, lunjlar oriyentir bo’ladi.
Qoramol va otlarda bosh suyagining bosh miya qismida, ensa, ensa suyagining buyunturuq o’simtasi, peshana suyagi, shox oraliq va shox o’simtasi, peshana tarog’i, peshona suyagining chakka o’simtasi, chakka chuqurchasi, ko’z usti va ko’z osti teshik va kanalcha yo’li, ko’z orbitasi va hakozolar oriyentir bo’ladi.
Qoramol va otlar bosh oblastidagi teri qatlami uch tarmoqli nerv (n.trigeminus), uchta – ko’z, yuqorigi va pastki jag’ tarmoqlarni hosil qilib, bosh mintaqasidagi organ va to’qima va teri qatlamlarini innervasiya qiladi.
Ko’z nervi (n.opthalmicus) – otlarda ko’rish yoriqchasidan chiqib ko’z yosh nerviga, qoramollarda esa ko’rish teshigidan chiqib shox nervini, peshona, burun qovoq nerv tarmoqlarini hosil qiladi.
Yuqorigi jag’ nervi (n.maxillaris) – otlarda ponasimon tanglay chuqurchasidan, qoramollarda ko’zning aylanma ko’rish teshigidan chiqadi. Bu nerv chakka, ko’z osti, ponasimon tanglay, kata va kichik tanglay, burunning obaral nerv tarmoqlarini hosil qiladi.
Pastki jag’ nervi (n.mandibularis) otlarda oval kesikdan, qoramollarda oval teshikdan chiqadi. Bu nerv lunj, chaynovchi muskul, chakkaning chuqur va yuza nervini, miya, qanotsimon, jag’ oraliq va pastki jag’ tishlari hosil qilgan chuqurchalarga tarmoq beradi.
Bosh oblastini umumiy uyqu arteriyasi qon bilan ta’minlaydi. Umumiy uyqu arteriyasi ichki va tashqi jag’ arteriyasi tarmog’ini hosil qiladi. Ichki jag’ arteriyasi – faqat bosh miya va qavatlarini qon bilan ta’minlaydi. Ichki jag’ arteriyasi – pastki jag’ suyagi kesigidan yuzaga chiqib – yuza arteriyasini hosil qiladi va atrof muskul va fassiya qavatlarini qon bilan ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |