Kuyishda birlamchi yordam berish. Kuyish deb – inson gavdasi terisi va to‘qimalarining yuqori haroratli modda va jismlar ta’sirida, elektr toki yoki uning yoyi ta’sirida, hamda kimyoviy moddalar ta’sirida shikastlanishlariga aytiladi, (3.16–rasm). To‘qimalarining yuqori haroratli modda va jismlar ta’sirida, hamda elektr toki yoki uning yoyi ta’sirida shikastlanishlari termik kuyish deb ataladi. To‘qimalarining kimyoviy moddalar (kislotalar, ishqorlar va boshqa) ta’sirida shikastlanishlarga esa kimyoviy kuyish deb ataladi.
Тermik kuyish – to‘qimalarga yuqori harorat, issiqlik, bug‘, issiq suv va boshqalar ta’sir etganda ro‘y beradi.
Umuman kuyishning 4 ta darajasi farqlanadi. Kuyishning I darajasi unchalik yuqori bo‘lmagan termik omilning qisqa muddatli ta’sirida kuzatilib, terining qizarishi va ozgina shishishi bilan xarakterlanadi. Bunda teri kapillarlari kengayadi va qonning suyuq qismi (plazmasi) atrofdagi to‘qimalarga chiqadi. Kuygan joyda teri pigmentatsiyasi va keyinroq epidermesning ko‘chib tushishi kuzatiladi.
Kuyishning II darajasi terida suyuqliqli pufaklar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bunda yallig‘lanish yuzaga chiqadi. Kuyishning III darajasida teri butun qalinligida kuyadi va o‘lik holga o‘tadi. Kuyishning IV darajasida esa teri va boshqa to’qimalar suyaklargacha kuyib nekroz (ko‘mirga aylanish) jarayoni yuzaga keladi.
Kuyishda birinchi yordam berishda kiyim bosh yechilmaydi, balki qirqiladi. Birinchi darajali kuyishda terining kuygan joyi toza suv oqimi, sovuq sut mahsulotlari, margansovkaning kuchsiz eritmasi, 70 gradusli spirt bilan namlanadi. Keyin tananing kuygan joylari aseptik mazlar surtib bog‘lab qo‘yiladi. Aseptik bog‘lamlar qo‘yiladi va davolash muassasasiga yuboriladi.
Kimyoviy kuyish – termik kuyishga nisbatan birmuncha kam uchraydi. Bu to‘qimalarda kimyoviy moddalar (kislotalar, ishqorlar, og‘ir metallarning tuzlari, fosfor va boshqalar) ta’sir etganda ro‘y beradi.
– rasm. To‘qimalar kuyishning darajalari:
I - kuyishning I darajasi; II - kuyishning II darajasi; III- kuyishning III darajasi. 1- epidermis; 2 - derma; 3 - teri osti moy kletchatka.
Kimyoviy kuyishda birinchi yordam kimyoviy moddani kuchli suv oqimi bilan tez yuvib tashlashdan boshlanadi. Modda qoldiqlarini esa neytrallash kerak. Kislotalarni neytrallash uchun 2 % li ichimlik soda eritmasi qo‘llaniladi. Qattiq kuyishda bu sohaga bo‘r kukuni sepiladi. Ishqorlarni 2 % li sirka kislota yoki limon kislota eritmasi bilan neytrallanadi.
Тeriga yonib turgan fosfor bo‘lakchalari tushganda gavdaning bu qismini suvga botirib turish va fosfor qoldig‘ini pinset bilan olib tashlash kerak. Shikastlangan sohaga 5 % li mis kuprosi eritmasiga ho‘llangan bog‘lam qo‘yiladi yoki talk kukuni sepiladi. Fosforga qarshi turli xil pastalar yaxshi naf beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |