Тibbiy-oldini olish tadbirlari quyidagilarni ko‘zda tutadi: ishga tushishdan oldin va ish vaqtida davriy ravishda tibbiy ko‘riklardan o‘tishni (ishdan oldingi va ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasallanishlarni aniqlash va oldini olish maqsadida); o‘ta zararli mehnat sharoitida ishlovchilarni davolash-oldini olish oziq-ovqati, vitamin dori-darmonlari, sut, gazli va tuzli suv bilan ta’minlashni; ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shug‘ullanishni; oldini olishning ingalyatsiya (namli, tuz-ishqorli, moyli, kislorodli va boshqa) kurslarini, nafas olish gimnastikasini; ultrabinafsha va bakteriyalarga qarshi nurlanishni; umumiy, nina- bargli (xvoyli), tuzli-xvoyli va boshqa turdagi vanna qabul qilishni, massaj olishni va boshqa.
Iqtisodiy chora-tadbirlar quyidagilarni ko‘zda tutadi: ishchilarga o‘z vaqtida maoshlarini to‘lab turishni ta’minlash; mehnat muhofazasi qoida va talablarini kamchiliksiz bajaradigan jamoalarni va alohida tartibli ishchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish; mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablag‘ va vositalarni maqbul ravishda taqsimlash, ularni maqsadli sarflash ustidan qat’iy va uzluksiz nazorat o‘rnatish; mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoida va talablarini buzgan ma’muriyat xodimlariga jarimalar solish; korxonaga baxtsiz hodisalar natijasida yetkazilgan moddiy zararni qoplash va boshqa.
Ishlovchilarni jarohatlanishlar va kasb kasallanishlaridan sug‘urta qilishning huquqiy-me’yoriy asoslari
Ishlab chiqarish korxonalarida mehnat sharoitlarini va texnika xavfsizligi holatlarini yaxshilashga ish beruvchilarni rag‘batlantirish va ishlovchilarning ijtimoiy muhofazasini yuksaltirish maqsadida, hamda baxtsiz hodisalar va kasb
kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ikkita qonuni qabul qilingan [14, 15].
O‘zbekiston Respublikasining “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risidagi” qonuni. Bu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 26 iyunda qabul qilingan va Senat tomonidan 2008 yil 28 avgustda ma’qullangan. Ushbu Qonunning maqsadi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasining maqsadlari quyidagilardan iborat:
fuqarolarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasiga bo‘lgan huquqlarini qonunda belgilab qo‘yish orqali ularning ijtimoiy himoyasini amalga oshirish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligi oqibatida xodimning hayoti hamda sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi munosabati bilan sug‘urta tovoni to‘lanishini ta’minlash;
ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish holatini, mehnat sharoitlarini va xodimlarning sog‘lig‘ini saqlashni yaxshilash.
Bu qonunga asosan sug‘urtalangan shaxsning quyidagi huquqlari bor: ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta tovoni bilan ta’minlanish; sug‘urta hodisasini tekshirishda, shu jumladan kasaba uyushmasi organi yoki o‘z ishonchli shaxsi jalb qilingan holda ishtirok etish; sug‘urta hodisalarini tekshirish natijalariga doir qarorlar ustidan shikoyat qilish; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlari haqida sug‘urta qildiruvchidan, sug‘urtalovchidan bepul axborot olish; tibbiy tekshiruvdan (qayta tekshiruvdan) o‘tish masalalari yuzasidan davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalariga va tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga mustaqil ravishda murojaat etish; ishlab chiqarishdagi
baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi masalalari bo‘yicha o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga, shuningdek kasaba uyushmasi organlariga murojaat etish huquqiga ega.
Sug‘urtalangan shaxsning bu qonunga asosan majburiyatlari ham mavjud, bular quyidagilardan iborat: mehnatni muhofaza qilish normalariga, qoida va yo‘riqnomalariga rioya etishi; sug‘urta hodisasi yuz berganda, o‘z yashash joyi yoki ish joyi o‘zgarganligi to‘g‘risida, shuningdek o‘zi oladigan sug‘urta tovonining miqdori o‘zgarishiga yoki uni olish huquqining yo‘qolishiga sabab bo‘luvchi holatlar haqida bunday holatlar vujudga kelgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida tuman, shahar ijtimoiy ta’minot bo‘limlarini xabardor qilishi; tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilishga doir tavsiyalarni bajarishi, tibbiy- mehnat ekspert komissiyasi belgilagan muddatlarda tibbiy tekshiruvdan (qayta tekshiruvdan) o‘tishi shart.
Sug‘urta qildiruvchi ham qonunga asosan bir qator huquqlarga ega, bular quyidagilardan iborat: sug‘urtalangan shaxs mehnatni muhofaza qilish me’yorlariga, qoida va yo‘riqnomalariga rioya etishini talab qilish; sug‘urtalangan shaxsga sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘shimcha yordam ko‘rsatish; o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shuningdek sug‘urtalangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda himoya qilish.
Qonunga asosan sug‘urta qildiruvchining quyidagi majburiyatlari mavjud: sug‘urta badallarini sug‘urtalovchiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda to‘lashi; sug‘urta hodisalari sodir bo‘lishining oldini olish choralarini ta’minlashi; sug‘urta hodisalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishi; sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan kundan e’tiboran bir sutka ichida bu haqida mehnat sharoitlarini muhofaza va ekspertiza qilish davlat inspeksiyasiga xabar qilishi; sug‘urtalangan shaxsni tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga tibbiy tekshiruvdan (qayta tekshiruvdan) o‘tish uchun yuborishi; sug‘urta hodisalari sodir bo‘lishining oldini olish va ularni tekshirish masalalari bo‘yicha davlat organlarining qarorlarini ijro etishi hamda kasaba uyushmasi organlarining
takliflarini ko‘rib chiqishi; sug‘urtalangan shaxslarga texnika xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, yong‘in xavfsizligi qoidalarini va mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini o‘z mablag‘lari hisobidan o‘qitishi; sug‘urtalangan shaxsga uning huquq va majburiyatlarini, shuningdek, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasining tartibi hamda shartlarini tushuntirishi; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan hujjatlarning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini sug‘urtalangan shaxsga taqdim etishi shart.
Bu qonunga asosan sug‘urtalovchining huquqlari quyidagilardan iborat: sug‘urta hodisalari to‘g‘risidagi axborotni tekshirish; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi masalalari yuzasidan manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan hamkorlik qilish; o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shuningdek, sug‘urtalangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda himoya qilish.
Qonunga asosan sug‘urtalovchining quyidagi vazifalari bor: sug‘urta tovoni to‘lovlarini amalga oshirish uchun pul mablag‘larini to‘plashi; tuman, shahar ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladigan sug‘urta tovoni to‘lovlarini belgilangan hajmlarda va o‘z vaqtida moliyalashtirishi; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini amalga oshirish uchun mablag‘lardan foydalanishning hisobga olinishini ta’minlashi; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlaydigan zarur choralarni amalga oshirishi; sug‘urta qildiruvchilar, sug‘urtalangan shaxslar va sug‘urta tovoni olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar to‘g‘risida o‘z faoliyati natijasida olingan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi shart.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini amalga oshirish uchun mablag‘lar sug‘urtalovchi
tomonidan quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:
sug‘urta qildiruvchilarning sug‘urta badallari;
undiriladigan jarima va penyalar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Sug‘urta tovoni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi oqibatida tayinlangan dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa, nogironlik pensiyasi hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tarzida to‘lanadi. Sug‘urta tovoni tuman, shahar ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan to‘lanadi.
Sug‘urta tovoni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasining maqsadlari uchun sug‘urtalovchi tomonidan to‘plangan pul mablag‘lari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lanadi. Sug‘urta qildiruvchi ushbu qonun bilan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilishi, sug‘urta badallari o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi uchun javobgardir. Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta badallarini to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni bajarish kechiktirilganda sug‘urtalovchiga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda jarima va penyalar to‘laydi.
Sug‘urtalovchi ushbu qonun talablari bilan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilishi, shuningdek, tuman, shahar ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladigan sug‘urta tovoni to‘lovlarining belgilangan hajmlarda o‘z vaqtida moliyalashtirilishi uchun javobgardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |