Statik elektr zaryadlanishga qarshi kurash. Statik elektr zaryadlarining hosil bo‘lishini va to‘planishini ishlab chiqarish xonasining mikroiqlim ko‘rsatkichlarini me’yorlashtirish (havoning nisbiy namligi 70 % kam bo‘lmasligi zarur), asosiy materiallarga antistatik materiallar qo‘shish, muhit havosini ionizatsiyalash orqali kamaytirish yoki bartaraf etish mumkin. Modda va materiallarning, mashina qismlarining harakat tezligini kamaytirish ham statik elektrlanishni kamaytiradi. Statik elektr zaryadlarining ta’siridan himoyalanishning asosiy yo‘llaridan yana biri ish qurollari, uskunalari va materiallarining metall qismlarini yerga ulashdir. Yerga ulashda elektrod sifatida po‘lat armaturalardan, quvurlardan va burchak prokatlardan foydalanish mumkin.
Statik elektr zaryadlariga qarshi qurilgan yerga ulash tizimining qarshiligi
100 Om dan yoki texnologik jarayonda ishtirok etayotgan uskuna va jihozlar metall qismining barcha nuqtalaridagi elektr qarshiligi 10 Om dan kichik bo‘lishi kerak.
Shuningdek, statik zaryadlar razryadi natijasida yong‘in va portlash sodir bo‘lish xavfining oldini olish maqsadida quyidagi talablarni bajarish shart: - dielektrik suyuqliklarni oqizgan vaqtda shlangni sig‘imning tubigacha tushirish lozim; - dielektrik suyuqliklarni transport vositasida tashish paytida sig‘im yerda sudraladigan zanjir yordamida yerga ulangan bo‘lishi kerak; - tasmali uzatmalarda elektr zaryadlarini hosil bo‘lishini kamaytirish maqsadida tasmalarni moylab turish tavsiya qilinadi; - vaqt-vaqti bilan xonalarning nisbiy namligini 70 % gacha yetkazib turish zarur; - uskunalarda elektr zaryadlarining paydo bo‘lishini va ularni hosil bo‘lish sabablarini yo‘qotish tadbirlarini har doim nazorat qilib turish kerak.
Atmosfera elektrining (yashinning) yuzaga kelish shart-sharoitlari, turlari va tavsifi
Buyuk rus olimi M.S. Lomonosov momaqaldiroq hodisasi bilan keng shug‘ullangan. Buning natijasida u atmosferada elektrlashish hodisasi nazariyasini ishlab chiqdi. Uning nazariyasi bo‘yicha atmosferaning notekis qizishi natijasida tepaga va pastga harakat qiluvchi juda katta massali havo oqimlari yuzaga keladi. Bunday harakat natijasida havodagi suv bug‘lari zarrachalari ishqalanadi va ular elektrostatik elektrlashadi. Buning natijasida esa oxir-oqibat momaqaldiroq hodisasi yuzaga keladi.
Yashin – bu atmosfera elektrostatik elektrining razryadidir. Har bir yashin razryadidan oldin bulutlarda elektr zaryadining guruhlanish va to‘planish jarayoni kechadi (4.52 – rasm). Bulutda to‘plangan zaryad ta’siri natijasida yer yuzasida va unda joylashgan obyektlarda boshqa belgidagi zaryad to‘planadi, ya’ni induksiya hodisasi sodir bo‘ladi. Elektrostatik maydon kuchlanganligining oshib borishi natijasida havoda ionlashish yuz beradi va bulutdan hamda yer yuzasidagi eng baland obyektdan bir biriga qarab harakat qiluvchi razryad kanallari (lider va qarshi lider) hosil bo‘ladi. Ular bir biri bilan to‘qnashganda esa asosiy bosqich –
razryad, ya’ni yashin yuz beradi. Bu jarayon yerdan bulutga tomon 107 m/s tezlikda tarqaladi. U quyidagi ko‘rsatkichlarga ega bo‘ladi [34, 35, 46]: yashin uzunligi – 50 km va undan katta; yashin boshlanishi va oxiridagi potensiallar farqi
1 mlrd. V; yashindagi tok kuchi – 500000 A; razryad kanali eni – 0,5 m.; razryad temperaturasi – 30000 ˚C; yashinning davom etish vaqti – 0,001...1 sek.
Yashin razryadi obyektlarga bevosita yashin zarbasi, elektrostatik va elektromagnit induksiyasi, metall jismlar orqali potensiallarni bino ichiga kiritish shaklida ta’sir qiladi. Bularning natijasida bino va obyektlarda yong‘inlar, portlashlar, asbob-uskunalarning ishdan chiqishi kabi ko‘ngilsiz holatlar yuzaga keladi.
– rasm. Bulutlarda elektr zaryadining guruhlanishi, to‘planishi (a) va yashin yuz berish jarayoni (b): 1 - bulut; 2 - yer yuzidagi obyekt; 3 - lider; 4 - qarshi lider; 5 va 6 ionlanish zonalari; 7-yashin kanali.
Do'stlaringiz bilan baham: |