Siydik yo‘li uzunligi 25-30sm.gacha bo‘lgan muskulli naychadir. U buyrak jomidan pastga tomon tushib qovuqqa ochiladi. Siydik yo‘li qorinpardadan tashqaridida joylashgan. Siydik yo‘li, joylashishiga ko‘ra 2 qismga bo‘linadi: qorin va chanoq qismlarga. Chanoq bo‘shlig‘iga kirgan siydik yo‘li qiya xolda qovuq bo‘shlig‘iga ochiladi. Siydik yo‘lini devori uch qavatdan: biriktiruvchi to‘qimali tashqi pardadan, muskulli o‘rta va ichki shilliq pardadan iborat. Shilliq parda o‘zgaruvchang epiteliy bilan qoplangan va ko‘ndalang kesmada siydik yo‘lini teshigi yo‘lduzsimon shaklga ega. O‘zgaruvchang epiteliy xujayralari qovuqning funktsional xolatiga ko‘ra o‘z shaklini o‘zgartira oladi. Siydikni siydik yo‘li bo‘yicha xarakatlanishi uning qalin bo‘lgan muskul qavatining peristalьtik qisqarishi orqali ro‘y beradi. Muskul parda tashqi tsirkulyar va ichki buylama qavatlardan tarkib topgan. Siydik yo‘lining quyi qismida ichki buylama, o‘rta aylanma va tashqi buylama qavatlar farqlanadi. Sidik yo‘lining devori yupqa bo‘lishiga qaramay u ancha kengaya oladi.
Qovuq
Qovuq kichik tos bo‘shlig‘ida, qov simfizi orqasida joylashgan ichki kovak toq a‘zodir. Qovuqning xajmi 350 ml dan 0.5 l gacha bo‘ladi. Qovuq uch qismga bo‘linadi: cho‘qqisi, tanasi va tubi bo‘ladi. Yuqori tomonida cho‘qqisi joylashgan. Pastdagi qismi keng bo‘lib qovuq tubi deb ataladi. Cho‘qqisi bilan tubi orasida qovuq tanasi joylashgan. Qovuqning quyi bo‘limi torayib qovuq bo‘yinchasini xosil qiladi va siydik yo‘li bilan tutashadi.Qovuq ichida siydik bor yo‘qligiga qarab o‘z shaklini o‘zgartiradi. Qovuq siydik bilan to‘lganda cho‘qqisi yuqoriga ko‘tariladi, qorinparda yon va orqa tomonlarini qoplaydi. Erkaklarda qovuqning tubi tagidan prostata beziga, urug pufakchalariga, orqadan to‘g‘ri ichakning kengaygan qismiga, aellarda bachadonga tegib turadi. Qovuq orqa devorining ustki ikki yon qismiga ikkita siydik yo‘lining teshiklari ochiladi,
pastdan esa siydik chiqarish kanali ochiladi. SHunday qilib qovuqqa uchta teshik ochilib, qovuq tubidagi teshiklar o‘rtasidagi uchburchakli soxaga qovuquchburchagi deyiladi.
Qovuq devori 3 pardadan - shilliq parda shilliq osti qavati bilan, muskul va seroz pardalardan xosil bo‘ladi. Siydikdan bo‘shagan qovuqda shilliq parda ko‘p burmalar xosil qiladi, siydik bilan tula qovuqda burmalar yassilanib tekislanadi. Shilliq parda yuzasi ko‘p qavatli o‘zgaruvchang epiteliy bilan qoplangan. Bunday epiteliy uz balandligini o‘zgartirish qobiliyatga ega va bu belgi qovuq uchun funktsional axamiyatga ega. Muskul parda bir-biri bilan tutashib ketgan uch qavatdan tuzilgan. Tashqi va ichki qavatlari buylama , o‘rta qavati esa aylanma joylashgan muskul xujayralaridan iborat. Qavatlarni tutashib ketishi katta axamiyatga ega, chunki siydikni siydik chiqarish yo‘liga bir tekisda tushishini ta‘minlaydi. Qorin press muskullarini qisqarishi qovuqda bosim ortishiga olib keladi va siydik chiqarish kanaliga xaydalanadi.
Siydik chiqarish kanali erkak va ayollarda turlicha tuzilgan. Erkaklarning siydik chiqarish kanali qovuq bo‘shlig‘ida ichki teshik bo‘lib boshlanadi va erkak jinsiy a‘zoning boshchasida tashqi teshik bilan tugaydi. Qovuq muskul tolalari siydik chiqarish kanalini ichki teshigi atrofida ichki sfinkterni xosil qiladi. Erkaklar siydik chiqarish kanalining uzunligi 18-20 sm. bo‘ladi. Ayollarning siydik chiqarish kanali ancha kalta 3-6 sm bo‘lib, kov simfizini orqasida joylashgan. Shilliq pardasi burmali va yolg‘onko‘pqavatli epiteliy bilan qoplangan. Siydik chiqarish kanalining muskul pardasi ikki qavatdan:ichki buylama va tashqi xalqasimon qavatlardan tuzilgan. Tashqi teshigi kin oldida joylashib,ko‘ndalang-targ‘il muskul to‘qimadan tuzilgan siydik kanalining tashqi sfinkteri bilan chegaralangan.