O‘zlik nisbati. O‘zlik nisbati asosan -(i)n, ba’zan -(i)l ko‘rsatkichi yordamida o‘timli fe’ldan hosil bo‘ladi. -(i)sh affiksi o‘zlik nisbati hosil qilishda kammahsuldir: kerishdi, joylashdi, qorishdi kabi so‘zshakllardagina buni kuzatish mumkin. O‘zlik nisbati UGMsi – «harakatning subyekti va obyektini birlashtirish, o‘timli fe’lni o‘timsiz fe’lga aylantirish».
Ayrim holda grammatik shakl o‘zlik nisbatiniki bo‘lsa-da, bu shakl harakatning bajaruvchiga qaytishini, bajaruvchi ham harakat obyekti ekanini bildirmaydi: 1. Bir mahal G‘ulomjon tuynukdan erinib chiqayotgan tutunga qarab so‘zlandi. (M.Ism.) 2.So‘ng uzun do‘nglik ortiga o‘tib, ko‘rinmay ketdi. (P.Qod.) 3. Yigit ko‘zini yashirishga joy topolmay qiynaldi. (S.Ahm.) 4. Davlatbekovning tug‘ilgan qishlog‘i Bodomzor bu yerdan o‘n bir chaqirim pastda. (P.Qod.) O‘zlik nisbati shakli o‘timli fe’lni o‘timsiz fe’lga aylantiradi.
O‘zlik nisbati shakli har qanday o‘timli fe’ldan ham yasalavermaydi. Masalan, o‘qi, hayda, kes, ek, min, tik, sug‘or kabi fe’ldan o‘zlik nisbati hosil qilinmaydi. Shuningdek, orttirma nisbatdagi o‘timli fe’ldan ham o‘zlik nisbati hosil qilinmaydi.
Semantikasida ma’noviy siljish ro‘y berayotgan o‘zlik nisbati shakliga ega fe’llar bu nisbatdan xoli qaralishi lozim: 1. Yuzlari semizlikdan tirsillagan Arabboy kerilgan bir holda so‘radi. (P.Tur.) 2. Bu qishloqda Avazning eng ochilib gaplashadigan tengdoshi shu Zamonali edi. (P.Qod.) Bunday hol ayrim mualliflarning ba’zan nisbatni so‘z yasalishi sifatida qarashiga, ba’zan izohli lug‘atlarda bosh so‘z (leksema) sifatida berishlariga sabab bo‘ladi.
Shaklning to‘laqonli o‘zlik nisbati ekanligi yoki emasligini aniqlashda boshqariladigan so‘z yordam beradi. Aslida o‘zlik nisbatdagi fe’l o‘timsiz bo‘lganligi sababli tushum kelishigidagi fe’l bilan bog‘lanmaydi. Ayrim hollarda bu shakldagi fe’l bilan boshqacha hol kuzatiladi. Masalan, choponini yopindi birikuvida o‘zlik nisbat shaklidagi fe’l tushum kelishigidagi fe’lni boshqarmoqda. Demak, bunda nisbat shakli bo‘lsa-da, mazkur nisbatga tegishli ma’no mavjud emas. Ma’no va shakl yaxlit emas ekan, bu birikuvda o‘zlik nisbatini qidirish ma’qul emas.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, o‘zlik nisbatida harakat subyekti «subyekt-obyekt» qiyofasiga kirib, avvalgi obyekt yo‘qoladi. Qiyoslang: Halim kiyimini kiydi – Halim kiyindi. Birinchi gapda Halim subyekt, kiyim obyekt, ikkinchi gapda obyekt yo‘q, Halim esa «subyekt-obyekt»dir.
Do'stlaringiz bilan baham: |