Har bir xo'jalik va fermalarda sigirlardan sog'ib olingan sut talabga ko'ra o'z vaqtida kcchiktirilmasdan ma'lum tashkilot (sut zavodlari, savdo muassasalari va h.k.)larga yetkazib berilishi
kerak. Lekin ayrim sabablar (sut zavodlarining uzoqligi, transport vositalarining yetishmasligi va h.k.)ga ko'ra ma'lum vaqt sog'ib olingan sutni xo'jaliklarda saqlanib turishi lozim bo'lib qoladi. Bunda sutning tarkibi va sanitarlik holatini saqlash eng muhim tadbirlardan hisoblanadi. Binobarin shu to'g'rida qisqacha muhim tadbirlar to'g'risida ayrim ma'lumotlarni havola etish mumkin.
Ma'lumki, yirik xo'jalik va komplekslarda sutni saqlash uchun hajmi 2 tonna bo'lgan «tank» deb nomlanuvchi maxsus rezervuarlardan foydalaniladi. Bunday sut tanklari termos prinsipida yasalgan bo'lib, unga sovitilgan holda solingan sut 10-12 soat davomida faqatgina 1°C ga ortishi mumkin. Bundan tashqari, bunday tanklarning ichki qismida aralashtirgich bo'lib, uni talab etilgan vaqtda harakatga keltirish mumkin. Uning vazifasi tank ichidagi sutning qaymoqlanib qolishi oldini olishdan iboratdir.
Jumladan, TOM-2A markali rezervuar ko‘plab kompleks va yirik fermalarda foydalanib kelinmoqda. Uning asosiy vazifasi sog'ilgan sutni qabul qilish, uni sovitish va saqlashdan iborat. Binobarin, bunday sut saqlashga moslashtirilgan rezervuarlar ko‘plab sut zavodlarida ham foydalanib kelinmoqda. Bu agregat bir vaqtning o'zida sutkasiga 72 tonna sutni sovitib berish imkoniga egadir. Agar havo harorati 35°C gacha bo'lsa, u avtomatik ishlay oladi va harorat 40°C bo'lganda, uni qo'l bilan boshqarib turish talab etiladi.
Bundan tashqari, MS-1250 markali sut sovitgich va saqlagich qurilmalaridan ham foydalaniladi. Uning sovitish imkoni 1-4°C bo'lgani holda, sutkasiga 1250 litr sutni sovitib beradi. Binobarin, uncha yirik bo'lmagan ferma va xo'jaliklarda bunday qurilmalardan foydalanish birmuncha afzalliklarga egadir.
Shuningdek, sovitgich-rezervuarlar: R’O-1,6 va R’O-2,5 markali bo'lib, unga solingan sutni 20 soat davomida saqlay olish imkoniga ega. Ular bir-biridan sut vannalarining hajmi bilan farq qiladi.
Ayrim xo'jaliklarda sog'ib olingan sut bak va flyagalarda ham saqlanadi. Lekin bunda maxsus xonalarda, sutning harorati 10°C dan oshmagan holda, uzog'i bilan 20 soat atrofida saqlash mumkin.
Shuni unutmaslik lozimki, saqlanayotgan sutga yangi sog'ib olingan va sovitilgan sut solish mumkin emas. Aks holda sut tarkibida mikrofloralar tez ko‘payib ketadi. Agar har xil vaqtda sog'ib olingan sutlarni bir-biriga qo'shish lozim bo'lsa, u holda ular o'rtasidagi harorat farqi 2°C dan ortiq bo'lmasligi talab etiladi.
Qish kunlari va qattiq sovuq bo'lganida sutni muzlatgan holda tashqarida saqlash mumkin. Lekin muzlatilgan sut faqatgina sut mahsulotlari tayyorlash uchungina ishlatilishi mumkin, ichish uchun esa u uncha ahamiyatga ega bo'lmaydi, chunki uning sifati tubanlashadi.
Agar sut noto'g'ri saqlansa, sut tarkibida turli xil fizik va kimyoviy jarayonlar yuz beradi. Buning natijasida sutning xususiyati o'zgaradi, turli xil kamchiliklar yuz beradi. Jumladan, agar qo'rg'oshindan yasalgan idishlarda saqlansa, unda u ko'k va havorang bo'lib qoladi yoki zanglagan idishda saqlangan sutning mazasi achchiq, hidi qo'lansa bo'lib qoladi. Shuningdek, sut saqlangan xonada biror hid (ammiak, neft mahsuloti, kimyoviy moddalar, atir sovun, dorilar va h.k.) bo'lsa, qisqa vaqt ichida o'sha hid sutga o'tadi va sut iste'mol qilinsa o'sha hid sezilib turadi. Binobarin, sut saqlanayotgan xonalarning havosi nihoyatda toza va hidsiz bo'lmog'i lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |