Shartnoma tuzish
Shartnomaning tuzilishi FKning 354-moddasida koʻrsatilganidek, agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnomaning umumiy tartibda tuzilishi ikki davr bilan belgilanadi. Birinchi davr–shartnoma tuzishga taklif qilish davri; bu oferta, shartnoma tuzishga taklif qiluvchi esa, offerent, deb ataladi.
Ikkinchi davr–shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklifni qabul qilish davri; bu aksept, taklifni qabul qiluvchi akseptant deb aytiladi.
Shartnoma tuzishning umumiy tartibiga oid qoidalar FKning 364-381-moddalarida berilgan. Bu qoidalarda aytilishicha, agar shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklif (oferta) javob uchun muddat tayinlab qilingan boʻlsa, bu holda shartnoma ikkinchi taraf (akseptant) tomonidan taklifning qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi javob shu muddat ichida taklif qiluvchi (offerent) tomonidan olingan holdagina tuzilgan hisoblanadi. Oferta yoʻllagan shaxs uning akseptini olgan paytdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Shartnoma tuzish haqidagi taklif (oferta) akseptantga bildirilgunicha chaqirib olinishi mumkin. Biroq u akseptant tomonidan qabul qilib olingan boʻlsa, akseptlash uchun belgilangan muddat davomida chaqirib olinishi mumkin emas. Oferta muayyan shaxsga ham, nomuayyan shaxslarga ham qaratilgan boʻlishi mumkin. Masalan, mahsulotni reklama qilish, oʻz xizmatini taklif etib e’lon berish–nomuayyan shaxslar doirasida yoʻllangan oferta hisoblanadi. Bunday ofertani, odatda, ommaviy oferta deb ham yuritiladi. Oferta yuborilgan shaxsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi aksept hisoblanadi. Aksept toʻliq va pisandasiz boʻlmogʻi shart. Agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish boʻyicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha ma’no kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept boʻlmaydi. Agar shartnoma toʻgʻrisidagi taklif (oferta) javob uchun muddat tayinlanmasdan, ogʻzaki ravishda qilingan boʻlsa, ikkinchi taraf (akseptant) bu taklifni qabul qilganligini darhol taklif qiluvchiga (offerentga) bildirgan holdagina shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar bunday taklif yozma ravishda qilingan boʻlsa, taklifni qabul qilganlik (aksept) toʻgʻrisidagi javob uni olish uchun lozim boʻlgan normal vaqt davomida olingan taqdirdagina, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar shartnoma tuzishga rozi boʻlganlik toʻgʻrisidagi kechiktirilib olingan javobdan uning oʻz vaqtida yuborilganligi ma’lum boʻlsa, bu holda taklif qiluvchi shaxs (offerent javobning kechiktirilib olinganligi toʻgʻrisida ikkinchi taraf (akseptant)ni darhol xabardor qilsagina javob kechiktirilgan hisoblanadi. Bu holda javob ayni paytda yangi taklif (oferta) hisoblanadi. FKning 375-moddasida koʻrsatilganidek, ofertada taklif qilinganidan boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish toʻgʻrisidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi. Odatda, shartnomada u tuzilgan joy koʻrsatib oʻtilishi kerak. Agar shartnomada uning tuzilgan joyi koʻrsatilmagan boʻlsa, shartnoma oferta yoʻllagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi (FK 376-modda).
Do'stlaringiz bilan baham: |