Shartnomaning mazmuni
Shartnomaning mazmunini uning bandlari (shartlari, rekvizitlari) tashkil etadi. Amaldagi qonunchilikka koʻra, agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnoma shartlari (bandlari) muhim, odatdagi va tasodifiy shartlarga boʻlinadi. Shartnomaning narsasi toʻgʻrisidagi shartlar qonun hujjatlarida bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek, taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi. Ba’zi shartnomalar uchun xos muhim bandlar qonun bilan belgilanadi. Shuningdek, muhim shartlari matnda oʻz ifodasini topishi shart.
Odatdagi shartlar muayyan majburiyatga oid munosabatni tartibga soladigan dispozitiv normalar bilan belgilanadigan shartlar hisoblanadi. Bunday shartlar odatdagidek nazarda tutiladi. Masalan, mulk ijarasi shartnomasida mulkni mayda (joriy) ta’mirlash shart qilib koʻrsatilsa ham, koʻrsatilmasa ham boʻladi, chunki bu shart toʻgʻrisida qonunchilikda (dipozitiv xarakterdagi) koʻrsatma berilgan. Odatdagi shartlar matnda koʻrsatilishi shart emas.
Tasodifiy shartlar umumiy huquq me’yorlari bilan tartibga solinmagan masalalar boʻyicha oʻzaro kelishuv boʻlib koʻriladi. Chunonchi, ijaraga olingan mulkni ta’mirlash muddati toʻgʻrisidagi masala tasodifiy shartlardan biri hisoblanadi. Bunday shart matnda koʻrsatilishi shart.
Shartnomada uning ayrim shartlari tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan namunaviy shartlar bilan belgilanishi nazarda tutilishi mumkin. Shartnomada namunaviy shartlarga havola qilinmagan hollarda, bunday namunaviy shartlar taraflarning munosabatlariga ish muomalasi odatlari sifatida qoʻllaniladi (FK 359-modda).
Ijro etish jarayonida shartnomani shartlarining mazmuni boʻyicha taraflarda turlicha yondashuvlar, turlicha talqin qilishlar vujudga kelishi mumkin. FKning 363-moddasida shartnomani sharhlash masalalari oʻz ifodasini topgan. Unga asosan, sud shartnoma shartlarini sharhlashda undagi soʻz va iboralarning asl ma’nosini e’tiborga oladi. Shartnomaning sharti aniq boʻlmasa, uning asl ma’nosi uni boshqa shartlarga va butun shartnomaning ma’nosiga taqqoslash yoʻli bilan aniqlanadi.
Agar yuqorida bayon etilgan qoidalar shartnomaning mazmunini aniqlash imkonini bermasa, taraflarning haqiqiy umumiy xohish-irodasi shartnomaning maqsadini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak. Bunda barcha tegishli holatlar, shu jumladan shartnoma tuzish oldidan olib borilgan muzokaralar va yozishmalar, taraflarning oʻzaro munosabatlarida qaror topgan amaliyot, ish muomalasi odatlari, taraflarning keyinchalik oʻzlarini qanday tutganligi e’tiborga olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |