Zararni qoplash fuqarolik-huquqiy javobgarlik shakli sifatida
Fuqarolik-huquqiy javobgarlikning asosiy shakli boʻlgan zararni qoplashni uchta turi bor. Birinchisi zarar (real va boy berilgan foyda)ni qoplash (FKning 14-moddasi) boʻlib, bu umumiy xususiyatga ega. Bundan tashqari zararni qoplash maxsus usuli sifatida, agar huquqbuzar huquqbuzarlik orqali ma’lum bir foyda koʻrgan boʻlsa, mazkur foydani zarar koʻrgan shaxs foydasiga undirish ham qoʻllaniladi. Va nihoyat mualliflik huquq va turdosh huquqiy munosabatlarda zararlar yetkazilishidan qat’i nazar, huquqbuzarlik xususiyati va huquqbuzar aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zararni oʻrnini qoplash evaziga toʻlanishi lozim boʻlgan tovonni toʻlanishi (Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonunning 65-moddasi) ham mavjud.
Moddiy zararni qoplashdan tashqari ma’naviy zararni qoplash ham fuqarolik-huquqiy javobgarlikning oʻziga xos shakli hisoblanadi. Fuqarolik-huquqiy javobgarlikning alohida turlari boʻlgan majburiyatni buzganlik uchun javobgarlik va zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni qoʻllash masalalari ushbu darslikning tegishli qismlarida bayon etilgan.
Fuqarolik-huquqiy javobgarlikdan ozod qilish
Umumiy qoida boʻyicha fuqarolik javobgarlikdan ozod qilish asoslaridan biri sifatida yengib boʻlmaydigan kuch va favqulodda vaziyatlar ya’ni fors-major holatlari e’tirof etiladi. Fors-major holatlari shartnomaviy majburiyatlari boʻyicha ham (FKning 333-moddasi 3-qismi) va muayyan holatlar boʻyicha delikt majburiyatlar boʻyicha ham (999-moddaning 1-qismi) javobgarlikdan ozod qilish asosi sifatida qoʻllaniladi. Fors-major holatlari roʻy bergan deb hisoblash uchun ushbu holatlar quyidagi ikki belgiga ega boʻlishlari lozim.
Birinchidan, fuqarolik huquqiy munosabatning tegishli ishtirokchisi insofli va jonkuyarlik bilan harakat qilganda ham ushbu holatni oldini olishga, uni oqibatlarini bartaraf qilishga imkoniyati boʻlmasligi shart. Boshqacha aytganda fuqarolik huquqi munosabatlari subyekti uchun u yengib boʻlmaydigan, qarshi turib boʻlmaydigan kuch hisoblanadi. Ba’zi holatlarda esa ushbu kuch ta’sirida roʻy bergan vaziyat hisoblanadi. Toʻgʻri, muayyan holatlarda subyekt bunday kuchga qarshi turishi, oqibatlarini bartaraf etishi mumkin boʻladi. Biroq, bu inson hayotini qurbon berish yoxud juda katta moddiy talafotlar yoki xarajatlar evaziga amalga oshirishi mumkin. Ham ahloqiy, ham huquqiy nuqtai nazardan olganda kuchni bartaraf etish say-harakatlari va xarajatlari hajmi bilan buning evaziga erishiladigan natija (majburiyatni ijro etilishi) oʻrtasida juda kuchli nomutanosiblik roʻy berishi mumkin. Shu sababli ham subyektni bunday holatda yengib boʻlmas kuchga qarshi turishi maqsadga nomuvofiq hisoblanadi. Ikkinchidan, bunday holat kutilmaganda, toʻsatdan roʻy beradi. Fuqarolik munosabat ishtirokchilari bunday holat roʻy berishini oldindan koʻra bilmagan, hisobga olmagan boʻladilar.
Kundalik turmushda tavakkalchilik xavf-xatari bilan fors-major holatlari oʻrtasida tafovutlar har doim ham hisobga olinavermaydi. Fors-major holatlari har doim umumiy normal holat doirasidan tashqarida boʻladi. Tavakkalchilki xavf-hatari esa umumiy normal holat doirasida boʻladi. Biroq shuni ta’kidlash oʻrinliki, fors-major holatlari FK 333-modda mazmuniga koʻra javobgarlikdan ozod qilishning dispozitiv asosi hisoblanadi. Qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan holdagina fors-major holati qoʻllanilishi mumkin. Taraflar shartnoma asosida oʻz majburiyatlarini belgilashganda taraflardan biriga tavakkalchilki burchini kengaytirgan holda fors-major holatlari oqibatlari uchun mas’ul sifatida belgilashlari mumkin. Masalan, eksport-import kontrakti tuzilganda muayyan taraf uni davlat roʻyxatidan oʻtkazdirish, bojxona taomillari va shu kabi masalalar boʻyicha tavakkalchilik burchini oʻz zimmasiga olishi mumkin. Bunday holatda kontrakt davlat roʻyxatidan oʻtkazdirmaslik, tovarni bojxonada ushlab qolish, garchi ular davlat hokimiyati idoralarining harakatlari orqali roʻy bergan boʻlsa ham fors-major holatlari hisoblanmaydi. Odatda investorda, kreditorda mustahkam ishonch uygʻotish uchun muayyan holatlarda shartnomalarda fors-major oqibatlarini manfaatdor taraf oʻz zimmasiga olishi mumkin. Xalqaro tajriba boʻyicha fors-major holatlari sifatida quyidagilar tan olinadi:
- xarbiy harakatlar shu jumladan e’lon qilingan va e’lon qilinmagan urushlar, fuqarolar urushlari, va shu kabilar natijasida majburiyatni ijro etilmasligi;
- tabiiy ofatlar shu jumladan, zilzila, suv toshqini, sunami, koʻchkilar, qurgʻoqchilik, doʻl urushi va shu kabilar. Bu oʻrinda shuni unutmaslik lozimki, ba’zi tabiiy ofatlar hozirgi zamon fan-texnikasi yutuqlari asosida bashorat qilinishi, qarshi turilishi mumkin. Yoxud bir holat muayyan vaziyatda fors-major holati, boshqa vaziyatda esa qarzdorni mas’uliyatsizligi sifatida qaralishi mumkin.
Masalan har bir korxonaning koʻchmas mulkida yashin qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlishi shart. Biroq qishloq xoʻjaligiga tegishli ekin maydonlari, bogʻlarda yashin qaytargichlar oʻrnatilishi talab etilmaydi. Binobarin korxonani yashin urib vayron qilishi fors-major holati hisoblanmaydi, biroq bogʻni yashin urib yonib ketishi fors-major holatlari hisoblanadi.
Jumladan:
-ish beruvchi va xodimlar oʻrtasidagi nizolar, shu jumladan ish tashlashlar, lokautlar, ishlab chiqarishni sekinlashtirishlar va shu kabilar oqibatida majburiyatni bajarilmasligi;
-davlat hokimiyati va idora organlarini qonuniy yoki gʻayriqonuniy harakatlari sababli majburiyatni ijro etilmasligi (agarda taraflardan biri ushbu holatlar boʻyicha oʻziga tegishli majburiyat yoki tavakkalchilik burchini zimmasiga olmagan boʻlsa).
Mamlakatimizda fors-major holatlarini qoʻllash boʻyicha muayyan amaliyot vujudga kelgan. Masalan. Qishloq xoʻjalik ekinlarini qurgʻoqchilik, doʻl urushi yoki suv toshqini oqibatida majburiyatni bajarmasligi tegishli mahalliy meteokuzatuv stansiyalari ma’lumotlari asosida tasdiqlanadi.
Tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida boshlangan yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi mavjud. Mazkur tartib nizom asosida ya’ni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan “Yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida tartibga solinadi. Mazkur nizomga koʻra yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari - bu tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bogʻliq boʻlmagan tabiat hodisalari (zilzila, koʻchki, boʻron, qurgʻoqchilik va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (urush holati, qamal, davlat manfaatlarini koʻzlab import va eksportni taqiqlash va boshqalar) sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib boʻlmaydigan va kutilmagan holatlardir.
Yengib boʻlmaydigan kuchlar oqibatida shartnoma tomoni majburiyatlarni bajarishi uchun imkoniyat boʻlmaganda shartnoma tomoni yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari tasdigʻini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga murojaat qilishi mumkin. Yengib boʻlmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash manfaatdor tomonning yengib boʻlmaydigan kuchlar holatlari koʻrsatilgan yozma arizasi asosida vazirlik tomonidan tegishli sertifikat berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Fors-major holatlari roʻy berganda qarzdor darhol kreditorni bu haqda xabardor qilishi va taraflar fors-major holatlari oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlik qilishlari shart. Fors-major holatlari oqibatida roʻy bergan moddiy zararlarga nisbatan status-kvo (qanday boʻlsa shunday qolsin) holati joriy etiladi, ya’ni kreditor qarzdordan majburiyatni ijro etilmasligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplanishini talab eta olmaydi.
Majburiyatni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish (zarar yetkazganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish) asoslaridan biri boʻlib kreditorni (jabrlanuvchi)ning aybini mavjudligi hisoblanadi. Ularni qoʻllash asoslari ushbu darslikning keyingi qismlarida batafsil koʻrib chiqilgan.
Mantiqan olganda majburiyatlarni ijro etilmasdan bekor boʻlish asoslari FKning 346, 348, 349, 350, 351, 352-moddalarida nazarda tutilgan boʻlib, ular shuningdek tadbirkorlik subyektining bankrotligi va belgilangan tartibda umidsiz qarz majburiyatlar boʻyicha ham javobgarlikdan ozod qilish holatlari mavjud. Bu haqda batafsil keyingi paragraflarda bayon etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |