Bitim shakliga va uning rekvizitlariga nisbatan qo‘shimcha talablar Bitimning yozma shakliga va ularning rekvizitlariga nisbatan umumiy talablar qonunlar, boshqa huquqiy hujjatlar va taraflarning kelishuvi bilan to‘ldirilishi mumkin. Masalan, taraflarning imzolarini muhr bosib tasdiqlanishi to’g’risidagi taraflar bitim ishtirokchilarining kelishuvi bilan belgilanadi, qalbakilashtirishidan muhofaza qilish maqsadida qimmatbaho qog‘ozlar blankalariga qo‘yiladigan talablar qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi. Bitimlarning yozma shakliga qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar turli bo‘lishi mumkin, ularning qateiy doirasi belgilab qo‘yilmagan.
Qonun hujjatlarida, taraflarning kelishuvida qo‘shimcha talablarga rioya qilmaslik oqibatldari nazarda tutilishi mumkin. Agarda bunday oqibatlar nazarda tutilgan bo‘lmasa, FKning 109-moddasida belgilangan bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik oqibatlari qo‘llaniladi.
Nazorat uchun savollar: 1. Koʻp hollarda bitim va shartnoma tushunchasi bir xil hisoblanadi hamda shartnoma tushunchasi oʻrniga bitim va bitim tushunchasi oʻrniga bitim tushunchasi qoʻllaniladi. Mazkur holatlarning qaysi bir huquqiy jihatdan asosli ekanligi muhokama qiling?
2. Shartnomalar tuzish erkinligi tamoyili va FKning 377-moddasida belgilangan majburiy tartibda shartnoma tuzish qoidalarining nisbatini tahlil qiling?
3. Fuqaro Qodirovdan Maqsudov 900.000 soʻm miqdorida 10 kunlik muddat ichida qaytarish sharti bilan qarz oldi. Umumiy qoida boʻyicha Qodirov Maqsudovga shartnomani yozma ravishda ifodalab qoʻyishlarini taklif qildi. Shu ondayoq Maqsudov: “ey, ogʻayni, sen nima deb oʻylayapsan, men aytilgan kundayoq pulni qoʻlingga tutqazaman”, deb ogʻzaki roziligini olib, taraflar bunga kelishgandek boʻldilar. Belgilangan kun oʻtdi, ammo puldan darak boʻlmadi. Qodirov Maqsudovdan pulni talab qilganida, u bunga oʻtaketgan e’tiborsizlik bilan qaradi. Qodirov ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qildi. Sud tergovida Maqsudov shartnoma tuzilayotganida ogʻzaki kelishishga oʻzi rozi boʻlganligini xaspoʻshlashga urindi.
Ish boʻyicha fikringiz qanday? Sukut saqlash aksept boʻla oladimi? Shartnomaning yozma shakli uning ogʻzaki shaklidan qanday afzalliklarga ega? Agar kelishuv yozma shaklda ifodalanganda jarayon qanday kechardi? 4. Fuqarolar E. Qurbanov va D. Xayrullaevalar xonadonni oldi-sotdi shartnomasini imzoladilar. Shartnoma qonunga muvofiq notarius tomonidan rasmiylashtirildi. Biroq xonadonni sotuvchi D. Xayrullayeva mulk huquqini E. Qurbanovga oʻtganligini tasdiqlab, Texnik inventarizastiyalash mahkamasidan roʻyxatga oʻtkazishni ayrim sabablarni roʻkach qilib kechiktirib kelgan. Sotib oluvchi fuqaro E. Qurbanov uyga nisbatan mulk huquqini qoʻlga kiritish uchun qanday harakatlarni amalga oshirishi kerak. Shartnoma bunday vaziyatlarda qachon tuzilgan hisoblanadi.
5. Bozordagi dialog.
Sotuvchi: “Kep qolinglar yangi uzilgan qulpinay kilosi 5 000 soʻm”.
Xaridor: “Kilosiga 4 000 soʻm beraman”.
Sotuvchi: “2 kilosini 9 000 soʻmga beraman”
Xaridor: “Unda 2 kg torting”
Ushbu dialogdagi oferta va akseptni farqlang.