Xalqaro huquqda hududiy o‘zgarishlar
Qulchilik va feodallik tuzumi davrlarida hududiy o‘zgarishlarning eng asosiy sababi bu urush orqali hududlarni bosib olish va unga ega chiqish hisoblanardi. U davrda hudud monarxning yoki davlatning absolut mulki hisoblanardi. Burjua inqiloblaridan so‘ng xalqaro huquqda davlat hududi deb, davlat o‘z suverenligini, ustuvorligi va yurisdiksiyasini amalga oshirish mumkin bo‘lgan hudud deb atalishni boshladi.
Turli huquqiy adabiyotlarda hududiy o‘zgarishlarning har xil ko‘rinishlari aks ettirilgan. Masalan, ba’zilarida hududiy o‘zgarishlar birlamchi va ikkilamchi turlarga bo‘lingan. Birlamchiga okkupatsiya (egallash), qo‘shimcha qo‘shib olish, sessiya (o‘z xoxshi bilan voz kechish), bosib olish, tarixiy qo‘shib olishlar kiradi. Qolganlari esa ikkilamchiga kirib ketadi, masalan, Rim Papasi tomonidan in’om etilishi, hududdan o‘z xohishi bilan voz kechish, Xalqaro sud qaroriga bionoan hududga ega bo‘lish.
Boshqa manbalarda esa hududiy o‘zgarishlar qonuniy va noqonuniy hududiy o‘zgarishlarga bo‘linadi. O‘rta asrlarda okkupatsiya deb biron bir davlat tomonidan yangi ochilgan yerlarni o‘zlashtirish hisoblangan. Ammo okkupatsiya iborasi boshqa lug‘aviy ma’nolarga ham egadir:
Okkupatsiya – vaqtinchalik bir davlatning hududini va suverenitetga ega bo‘lish maqsadi bo‘lmagan holda egallab olish.
Masalan, BMTning Xalqaro sudi G‘arbiy Saxara hududi bo‘yicha o‘z konsultativ xulosasida ta’kidlaganki, agar okkupatsiya qilingan hudud okkupatsiya vaqtida terra nullius maqomiga ega bo‘lsa, ya’ni hech kimga tegishli bo‘lmasa, okkupatsiyaning hududiy egallashning qonuniy yo‘li deb belgilagan. Okkupatsiyani anneksiya bilan adashtirmaslik lozim, chunki: Anneksiya – bu bir davlat tomonidan ikkinchi davlatning butun hududini yoki bir qismini bir tomonlama tartibda qo‘shib olish.
Ammo ba’zi g‘arb olimlari Osiyo va Afrika davlatlari hududlarini kolonizatsiyalash ham okkupatsiya bo‘lishini ta’kidlashadi, vaholanki, bu yerda urush, bosqinchilik orqali bosib olish amalga oshirilgan (debellatio).
Qo‘shimcha qo‘shib olish ham qonuniy hududiy o‘zgarish turiga kiradi. Lekin bu kamdan kam yuzaga keladigan holat. Tabiatdagi o‘zgarishlar hisobiga biron daryo yoki dengiz hududida vulqonlar hisobidan paydo bo‘lgan orollar va boshqa bir o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Italiya hududiga tegishli O‘rta yer dengizida paydo bo‘lgan Pantelleriya vulqonini keltirish mumkin.
Hozirgi zamon xalqaro huquqi hududiy o‘zgarishlarni faqatgina xalqaro huquqning norma va prinsiplariga, xalqaro shartnoma va kelishuvlar asosida tartibga soladi hamda tinch yo‘l bilan hal etish prinsipiga tayanadi.
Hududiy o‘zgarishlar aholini o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqlarini hurmat qilgan holda amalga oshiriladi, masalan, biron bir davlat o‘z davlat hududini boshqa bir davlatning hududiy tarkibiga qo‘shilish yoki alohida ajralib chiqishi va mustaqil davlat yuzaga kelishi jarayonida. Shunda, hududiy tegishlilik masalasi ham xalqaro huquq norma va prinsiplariga asosan o‘z yechimini topadi.
Ba’zi davlatlar xalqaro munosabatlarni amalga oshirayotganida ma’lum bir holatlarda o‘z xohishiga binoan boshqa davlat bilan o‘z hududlarini almashishlari mumkin, ya’ni xalqaro huquqda bunday holat sessiya deb ataladi. Sessiya – bu o‘z hududini ma’lum qismini o‘z xohishi bilan boshqa davlatga turli kompensatsiya almashuvi asosida boshqa davlat tasarrufiga berish
Masalan, 1951-yilgi SSSR va Polsha Lyublinsk va Lvov tumanlardagi chegaradosh hududlarni almashuvini amalga oshirishgan. Sessiya amalga oshirilganida, aholi uchun optatsiya huquqi berilgan, ya’ni ular ikki davlatdan birining fuqaroligini tanlaydi.
Ikkinchi jahon urushining yakunida ma’lum bir hududiy o‘zgarishlar agressiv urush boshlagani va uning natijalari uchun xalqaro huquqiy javobgarlik sifatida Germaniya, Italiya va Yaponiyaga nisbatan amalga oshirilgan. 1945-yilgi Postdam deklaratsiyasiga binoan Sharqiy Prussiyaning shimoliy qismi SSSR tasarrufiga o‘tkazilgan (Kaliningrad tumani), janubiy qismi esa Polshaga.
Hududiy o‘zgarishlar bo‘yicha xalqaro nizolar hal qilinayotganida, 1969-yilgi “Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 45-moddasida belgilangan estoppel konsepsiyasiga murojaat qilinishi mumkin.
Ya’ni, estoppel konsepsiyasi davlatning ma’lum bir holatga nisbatan sukunat saqlashi yoki ilgaridan tan olinganligini hisobga olib ushbu holat bo‘yicha o‘z qarashlarini o‘zgartirmasligidir.
Masalan, BMTning Xalqaro sudi 1962-yilgi Kambodja va Tailand o‘rtasidagi Preax Vixear ibodatxonasi bo‘yicha nizoni Kambodja foydasiga qaror chiqargan, chunki Tayland 15-yil davomida ushbu masala bo‘yicha hech qanday e’tiroz bildirmanganligi uchun Tayland tomonidan ma’qul deb hisoblangan va shu sababli estoppel prinsipi qo‘llanildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |