2.Periferik immun tizimi azolari
Taloq immun-himoya sistemasining periferik a’zosi bo`lib, organizmda bir qancha muhim vazifalarni o`taydi.
1. Qon yaratuvchi va himoya vazifasi. Taloqda T- va V-limfotsitlarning ko`payishi hamda ularning mikromuhit hujayralari bilan hamkorlikdagi faoliyati kuzatiladi. Shu tufayli taloq hujayraviy va gumoral immunitetda aktiv ishtirok etadi. Bundan tashqari, taloqda yot zarrachalar ushlanib qolib, makrofaglar tomonidan yemiriladi. Embrion taraqqiyoti davomida taloqda granulotsitlar, eritrotsitlar va qon plastinkalari ham hosil bo`ladi. Ammo bu jarayon homila tug`ilishi paytiga kelib yo`qolib ketadi.
2. Taloqda yashash muddatini o`tagan eritrotsitlar va qon plastinkalari yemiriladi. Halok bo`lgan eritrotsitlar makrofaglar tomonidan yutilib, ulardagi gemoglobin parchalanadi. Natijada, o`zida temir saqlovchi transferrin va bilirubin moddalari hosil bo`ladi. Bilirubin qon orqali jigarga borib, u yerda o`t tarkibiga qo`shiladi. Transferrin esa suyak ko`migiga kelib, yangi hosil bo`layotgan eritrotsitlarda gemoglobin sintezi uchun ishlatiladi. Taloqning eritrotsitlarni yemirish xususiyati uni eritrotsitlar «mozori» deyilishiga sabab bo`lgan.
3. Taloqda bir qancha biologik aktiv moddalar ishlanib, ular qizil suyak ko`migida kechadigan eritropoez va trombotsitopoez jarayonlarini boshqarib turadi. Taloqning bu faoliyati juda kuchayib ketsa, qonda eritrotsitlar va trombotsitlar miqdori kamayib ketadi.
4. Taloqda ma’lum miqdorda qon zapasi saqlanib turadi va zarur bo`lganda qon aylanish doirasiga chiqariladi. Shu tufayli taloqni qon deposi ham deyish rasm bo`lgan.
Shunday qilib, taloq faol immun-himoya a’zosigina bo`lib qolmay, balki bir qancha boshqa vazifalarni ham bajaradi. Taloq olib tashlanganda (splenektomiya) organizmning himoya qobiliyati susayadi. Oxirgi yillarda turli xil kasalliklarda (zaharlanish, infeksiyalar) qonni hayvondan olingan taloq orqali o`tkazib tozalash (splenosorbsiya) usuli keng qo`llanilmoqda. Bu taloqning muhim ahamiyatini yanada bir bor tasdiqlaydi.
Taraqqiyoti. Taloq kurtagi dastavval embrion taraqqiyotining 5–6- haftasida paydo bo`ladi. U rivojlanayotgan katta charvi ichidagi mezenxima hujayralarining zich to`plamidan hosil bo`la boshlaydi. Taloqning qon tomirlar sistemasi avvalroq differensiallashadi. So`ngra tomirlar orasida joylashgan retikulyar hujayralar hosil bo`ladi. Ularning orasida qonning o`zak hujayralari joylashadi. 7-8- haftalarga borib taloqda makrofaglar, 11–12-haftalarda esa B-limfotsitlar paydo bo`ladi. Embrion taraqqiyotining 5-oyigacha taloqda granulotsitopoez, eritropoez va trombotsitopoez jarayonlari faol kechadi. So`ngra bu jarayonlar asta-sekin susayadi, limfotsitopoez esa, aksincha, kuchayadi.Embrion taraqqiyotining 3–5-oylarida arteriyalar atrofida dastavval T-limfotsitlar to`planadi (T-zona yoki periarterial zona). So`ngra bu yerda B-limfotsitlar ham to’planib, taloqning oq pulpasi hosil bo`ladi. Ular orasidagi retikulyar to`qima yirik sinusoid qon tomirlar bilan birgalikda qizil pulpani tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |