SUYAK KO’MIGI
Suyak ko’migi (medulla ossgum) markaziy qon yaratuvchi organ bo’lib, embriondan keyingi (postembrional) davrda qon o’zak hujayralarining yagona manbai bo’lib hisoblanadi. Bu yerda yetuk T-limfotsitlardan tashqari, boshqa qonning barcha shaklli elementlari: eritrotsitlar, granulotsitlar, B-limfotsitlar va qon plastinkalari (trombotsitlar) yetiladi.
Taraqqiyoti. Ko’mikning rivojlanishi tog’ayning suyaklanishi bilan parallel yuz berib, u embrion taraqqiyotining ikkinchi oyida dastlab o’mrov suyagida paydo bo`ladi. Ko’mik kurtagi dastavval periost tomondan bo’lajak suyak kurtagiga o’sib kiruvchi mezenxima hujayralaridan iborat bo’ladi. Shu yo’l bilan 3 oyda yassi suyaklarda (o’mrov, qovurg’a, to’sh, umurtqa va boshqa suyaklarda), 4 oyda esa naysimon suyaklarda suyak ko’migi paydo bo’ladi. Mezenxima differensiallashib, mikromuhit hosil qiluvchi retikulyar to’qimaga aylanadi. Bu to’qimaga qon tomirlar o’sib kirib, sinusoid gemokapillyarlarni hosil qiladi. Shu bilan birga mezenxima hujayralaridan qon tomirlar atrofida qonning o’zak hujayralari hosil bo`ladi. Embrion taraqqiyotining 6–7 oylarida suyak ko’migida qon yaratilish faoliyati boshlanadi va unda asosan eritrotsitlar, qisman granulotsitlar va qon plastinkalari hosil bo’ladi. Embrion taraqqiyotining oxirgi oylarida naysimon suyaklarning diafiz qismida joylashgan suyak ko’migida yog’ hujayralari paydo bo’ladi. Bu hujayralar bo’lg’usi sariq suyak ko’migining kurtaklari hisoblanadi. Sariq suyak ko’migi (ilik) yosh ulg’ayishi bilan ko’payib borib, naysimon suyaklar-ning diafizini to’ldiradi va deyarli yog’ hujayralaridan iborat bo’ladi. Homila tug’ilishi paytiga kelib qizil suyak ko’migi markaziy qon yaratuvchi a’zo sifatida xizmat qiladi.
Voyaga yetgan organizmda qizil va sariq suyak ko’migi farqlanadi. Qizil suyak ko’migi (medulla osseum rubra) qon yaratuvchi a’zo bo’lsa, sariq suyak ko’migi (medulla osseum flava) sog’lom organizmda qon yaratish qobiliyatiga ega bo’lmaydi. Qizil suyak ko’migi barcha yassi suyaklar g’ovak moddasini va naysimon suyaklarning epifiz qismini to’ldirib turadi. U organizm umumiy og’irligining 4–5 foizini tashkil etadi va o’rta hisobda 3–3,5 kg atrofida bo’ladi. Qizil suyak ko’migi to’q qizil rangli va qonga nisbatan xiyla quyuqroqdir. Uning yarim suyuq holatda bo’lishi undan surtmalar tayyorlab tekshirish imkoniyatini beradi. Ko’mikni tirik organizmdan punksiya usuli bilan olib tekshirish turli qon kasalliklarini aniqlashda g’oyat muhim ahamiyatga ega. Ko’mikning asosini yoki stromasini retikulyar to’qima tashkil etadi. Bu to’qimaning retikulyar hujayralari o’ziga xos to’r hosil qilib joylashgan. To’r orasidan sinusoid gemokapillyarlar o’tib, ularning atrofida gemotsitopoez jarayonining turli taraqqiyot bosqichida bo’lgan hujayralar joylashadi.
Qariganda esa qizil suyak ko’migi ham sekin-asta yog’ hujayralari va shilliq ishlovchi hujayralar bilan almashina boshlaydi. Shu tufayli qon hujayralarining qayta tiklanishi yosh yoki qari organizmda turlicha kechadi. Yosh organizmda qon hujayralari yuqori darajada tiklanish (regeneratsiya qilish) qobiliyatiga ega bo’lsa, bu qobiliyat qari organizmda ancha susayadi.
Qon bilan ta’minlanishi. Suyak ko’migi suyak usti pardasidan kiruvchi qon tomirlar bilan ta’minlanadi. Ko’mikda ular mayda arteriyalar va arteriolalarga bo’linadi. O’z navbatida ular sinusoid gemokapillarlarga tarmoqlanadi va so’ngra markaziy venulalarga yig’iladi. Markaziy venulalar yirik venoz sinuslar shaklida bo’lib, ularning ichki bo’shlig’i doimo keng va ochiq bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |