E. Axborotlashtirish qoidalarini buzish
(Jinoyat kodeksining 174-moddasi)
Axborotlashtirish qoidalarini buzish jinoyatining obyekti axborot egasining unga bo‘lgan huquqi, ya’ni
axborotga egalik qilish, undan foydalanishi va uni tasarruf etish huquqidir.
Jinoyatning predmeti faktlar haqidagi ma’lumotlar, biron-bir tadqiqot, shaxslar, voqealar va h.k. haqida
kompyuterda qayd etilgan yoki axborot tarmoqlari (telekommunikatsiya kanallari) orqali uzatiladigan,
elektron hisoblash mashinalari uchun ochiq ma’lumot bazasi, ya’ni axborot bo‘lishi mumkin.
Obyektiv tomondan Jinoyat kodeksining 174-moddasi, 1-qismi-da nazarda tutilgan axborotlashtirish
qoidalarini buzish quyidagi harakatlarda:
1) axborot tarmog‘idan ruxsatsiz foydalanishda;
2) foydalanishga ruxsati bo‘lgani holda tegishli himoya choralarini ko‘rmaslikda;
3) axborotlar tarmog‘idan qonunga xilof ravishda axborotlar olishda;
4) axborotlashtirish tizimidan foydalanishga ruxsati bo‘lgan holda undagi ma’lumotlarni qasddan
o‘zgartirish, yo‘qotish, olib tashlash yoki yo‘q qilib yuborishda ifodalanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 7-mayda qabul qilingan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi
Qonuniga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamda boshqa muassasalar, korxonalar va
tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlovchi axborotlarga ishlov berish tizimlari, ma’lumot bazalari va
banklari, ekspert va axborot qidiruv tizimlari hamda shoxobchalari axborotlashtirish tizimlari jumlasiga
kiradi.
Axborot egasining tegishli ruxsatnomasiga ega bo‘lgan yoki axborot tizimida qonuniy asosda ishlovchi
shaxslargina (dasturlovchilar, muhandislar, xodimlar va boshqalar) axborot tizimlaridan foydalana oladilar.
Ruxsatsiz foydalanish usullari turlicha (o‘zganing parolidan foydalanish, yozuvni belgilash va h.k.) bo‘lishi
mumkin.
Axborotdan foydalanish uni muhofaza qilish qoidalariga qat’iy rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Muhofaza qilish qoidalarining buzilishi qonunga binoan ruxsatsiz foydalanishga tenglashtiriladi.
Axborotni yo‘q qilib yuborish deganda, uning elektron hisoblash mashinasi, magnitlashgan jismlar
(magnit tasmalari, disklar, disketlar va boshqa shu kabi elektron hisoblash mashinalari tizimi yoki ularning
tarmog‘i kabilar)ning xotirasidan yo‘q qilish tushuniladi.
Axborotni o‘zgartirish deganda, mavjud axborotga qonuniy egasining ruxsatisiz turli tuzatishlar kiritish
tushuniladi.
Axborotni yo‘qotish deganda, axborotning tegishli egasi qo‘lidan chiqib ketib, foydalanishga ruxsati
bo‘lmagan shaxslar qo‘liga tushib qolish tushuniladi.
Axborotni olib qo‘yish deganda, axborotni disketga yozib olish, ko‘paytirish yo‘li bilan mashina yoki
boshqa jismlardan nusxalarini olish tushuniladi.
Jinoyat kodeksining 174-moddasi, 1-qismi dispozitsiyasida sanab o‘tilgan harakatlarning sodir etilishi
natijasida ancha miqdordagi zarar ko‘rilishi 174-moddaning 1-qismi obyektiv tomonining zaruriy belgisi
hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 174-moddasi, 2-qismi obyektiv tomoni:
1) kompyuter tizimlarida saqlanayotgan ma’lumotlar yoki dasturlarni o‘zgartirish maqsadida tegishli
ruxsatsiz kompyuter viruslari yoki dasturlarini ishlab chiqish va tarqatishda;
2) ruxsati bo‘lmagani holda axborot tizimidan foydalanish ma’lumotlarning buzilishi, olib tashlanishi
(olib qo‘yilishi, yo‘q qilib yuborilishi yoki bu tizimning ishdan chiqishiga sabab bo‘lishida) kabi harakatlarni
sodir etishda ifodalandi.
Dasturlarni ishlab chiqish – kompyuter tizimiga qat’iy belgilangan izchillikda buyruqlar kiritishdir.
Kompyuter viruslari kompyuter ishiga turli tarzda xalaqit berish, ma’lumotlar bazalarini yo‘q qilib
yuborish xususiyatiga ega bo‘ladi.
Axborotlashtirish qoidalarini buzish Jinoyat kodeksining 174-moddasi, 1-qismi dispozitsiyasida
ko‘rsatilgan harakatlar sodir etilgan va ancha miqdorda zarar yetkazilgan paytdan e’tiboran tamom bo‘lgan,
deb topiladi. Har bir alohida holda sodir etilgan harakat va yuzaga kelgan oqibat o‘rtasidagi sababiy
bog‘lanish mavjudligini aniqlash zarur. Ma’lumotlarning buzilishi, olib tashlanishi (olib qo‘yilishi), yo‘q
qilib yuborilishi yoki kompyuter tizimining ishdan chiqishi axborotlashtirish qoidalarini buzishning oqibatlari
(Jinoyat kodeksining 174-moddasi, 2-qismi) bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksining 174-moddasi, 2-qismi
dispozitsiyasida nazarda tutilgan harakatlar sodir etilgan va ma’lumotlarning buzilishi, olib tashlanishi (olib
qo‘yilishi), yo‘q qilib yuborilishi yoki bu tizimning ishdan chiqishi tarzidagi oqibatlar yuzaga kelgan paytdan
e’tiboran jinoyat tamom bo‘lgan jinoyat, deb hisoblanadi.
Subyektiv tomondan jinoyat qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilishi mumkin. Jinoyatning motiv va
maqsadi uning kvalifikatsiyasiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Jinoyatning subyekti axborot tarmoqlaridan
foydalanishga ruxsati bo‘lgan hamda bunday ruxsatga ega bo‘lmagan 16 yoshga to‘lgan, aqli raso shaxs
bo‘lishi mumkin.
1. O‘zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar talon-taroj qilish jinoyatlaridan farqi va belgilari.
2. Aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish nimalarda ifodalanadi? Bu jinoyat uchun
javobgarlik asoslari.
3. Aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazishning firibgarlikdan farqini aytib bering.
4. Jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish jonoyatining jinoyatda ishtirokchilikdan farqini aniqlang.
5. Mulkni qo‘riqlashga vijdonsiz munosabatda bo‘lish jinoyati bilan kvalifikatsiya qilishda yo‘qotilgan mulkning miqdor
tushunchasi va uning kvalifikatsiyaga ta’siri.
6. Jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish deganda nima tushuniladi? Mulk deganda nimani tushunish kerak?
Jinoyat kodeksining 171-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyektiv tomonining o‘ziga xos xususiyatlari.
7. Mulkni nobud qilish yoki unga zarar yetkazishda yetkazilgan zarar miqdorining kvalifikatsiyaga ta’siri.
8. Mulkni qo‘riqlashga vijdonsiz munosabatda bo‘lish deganda nima tushuniladi? Bu jinoyatning obyektiv va subyektiv
tomonining o‘ziga xos xususiyatlari.
9. Mulkni nobud qilish yoki unga zarar yetkazish deganda nima tushuniladi?
10. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishning zaruriy shartlari.
11. Axborotlashtirish qoidalarini buzishning ijtimoiy xavfliligi nimalarda ifodalanadi? Ushbu jinoyatning o‘ziga xos xususiyatlari.
12. Jinoyat kodeksining 174-moddasida (axborotlashtirish qoidalarini buzish) nazarda tutilgan jinoyatni kvalifikatsiya qilish
uchun qanday shartlar mavjud
bo‘lishi lozim?
Do'stlaringiz bilan baham: |