D. Jinoiy ravishda homila tushirish (abort)
(Jinoyat kodeksining 114-moddasi)
Hozirgi vaqtda respublikamizda abort man etilmaydi. Biroq, faqat davolash muassasalarida va tibbiy
monelik bo‘lmasagina, shunday operatsiyaning amalga oshirilishiga ruxsat etiladi.
Ushbu jinoyatning obyekti homilador ayolning (homilaning emas) hayoti yoki sog‘lig‘idir.
Obyektiv tomondan jinoyat shifokor akusher yoki ginekolog tomonidan davolash muassasalaridan
tashqari joylarda yoki tibbiy mumkin bo‘lmagan sun’iy ravishda homila tushirishda ifodalanadi.
Agar sun’iy ravishda homila tushirish (abort):
1) davolash muassasasidan tashqari joylarda amalga oshirilgan;
2) tibbiy mumkin bo‘lmagan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, jinoiy ravishda amalga oshirilgan, deb
topiladi.
Quyidagi hollarda:
a) og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir kechadigan so‘zak, jinsiy a’zolarning yallig‘lanish jarayonlari, joylashgan
joyidan qat’iy nazar, yiring o‘choqlari, og‘ir kechadigan yuqumli kasalliklar va boshqa shu singarilar
mavjudligida;
b) homilaning 12 haftalikdan katta ekanligida;
d) avvalgi abortdan keyin 6 oy o‘tmasdan abort qildirish, shuningdek, abortni amalga oshirishga doir
yo‘riqnomada nazarda tutilgan boshqa holatlarning mavjudligi tibbiy nuqtayi nazardan abortni amalga
oshirish mumkin emas, deb topilishiga asos bo‘ladi.
Agar abort davolash muassasasidan tashqari joylarda amalga oshirilgan bo‘lsa, tibbiy moneliklar bor yoki
yo‘qligidan qat’iy nazar, u jinoiy, deb topiladi. Homilaning sun’iy ravishda tushirish boshlangan paytdan
e’tiboran abort tamom bo‘lgan jinoyat, deb topiladi. Agar qilmish homilani tushirishga qaratilgan bo‘lsa-yu,
lekin abort aybdorning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirilmay qolsa, u jinoiy ravishda abortni
amalga oshirishga suiqasd qilish sifatida Jinoyat kodeksining 25 va 114-moddalari bilan kvalifikatsiya
qilinmog‘i lozim.
Jinoiy ravishda homila tushirishda homiladorlik muddatlari jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta’sir qilmaydi.
Homila tushirish usullari turlicha (jarrohlik, mexanik, toksik, termik, medikamentoz va h.k.) bo‘lishi mumkin
va ular jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.
Agar homila tushirish ayol sog‘lig‘iga shikast yetkazgan bo‘lsa, aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksining
114-moddasi bilan emas, balki qasddan badanga og‘ir shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda
tutuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Subyektiv tomondan jinoyat faqat to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Jinoyatning motivi va maqsadi uning
kvalifikatsiyasiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ushbu jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan shaxs hisoblanadi. Agar
jinoiy abort shifokor-akusher yoki ginekolog tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, aybdor Jinoyat
kodeksining 114-moddasi, 1-qismi bilan javobgarlikka tortiladi.
Bunday qilmish abort qilish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, jinoyat
Jinoyat kodeksining 114-moddasi, 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Abortni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmaganlar jumlasiga:
1) shifokor-akusherlar yoki ginekologlardan tashqari, barcha toifadagi shifokorlar, ya’ni oliy tibbiy
ma’lumotli shaxslar;
2) o‘rta tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar (akusherkalar, tibbiyot hamshiralari va h.k.);
3) yoxud tibbiyotga hech qanday aloqasi yo‘q boshqa shaxslar kiradi.
Agar abortni amalga oshirgan shaxs oxirgi zarurat holatida harakat qilgan bo‘lsa (masalan, homilador
ayolning hayoti xavf ostida qolgan taqdirda, davolash muassasasidan tashqari joyda yoki tibbiy mumkin
bo‘lmagan holda homila tushirilganda), jinoiy ravishda homilani tushirganlik uchun javobgarlik vujudga
kelmaydi.
Homilasini o‘zi tushirgan yoki jinoiy ravishda homilasi tushirilgan ayol Jinoyat kodeksining 114-moddasi
bilan jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Agar homilani tushirish:
a) jabrlanuvchining o‘limiga;
b) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa, jinoiy ravishda homilani tushirishda aybdor harakatlari
Jinoyat kodeksining 114-moddasi, 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim.
Jinoiy ravishda homila tushirish natijasida vujudga keladigan boshqa og‘ir oqibatlar jumlasiga:
jabrlanuvchi salomatligining yo‘qolishi, uning badaniga og‘ir shikast yetishi (masalan, bola tug‘ish
qobiliyatini yo‘qotish, bachadonni kesib tashlash), ruhiy faoliyatning buzilishi kabilar kiradi.
Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksining 114-moddasi, 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilish uchun sodir
etilgan jinoiy ravishdagi abort va jabrlanuvchining o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarning yuz berishi
o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish mavjudligini aniqlash lozim. Jinoyat subyektining shu oqibatlarga nisbatan
aybi ehtiyotsizlikda ifodalanadi.
Agar jinoiy ravishda abortni sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsning jabrlanuvchining o‘limi yoki boshqa
og‘ir oqibatlar yuz berishiga nisbatan egri yoki to‘g‘ri qasdi bo‘lsa, bunday hollarda uning qilmishi jinoyatlar
jami bo‘yicha jinoiy ravishda homila tushirish va qasddan odam o‘ldirish yoki qasddan badanga og‘ir shikast
yetkazish, deb kvalifikatsiya qilinadi.
E. Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda
tushirishga majburlash
(Jinoyat kodeksining 115-moddasi)
Mazkur jinoyatning obyekti ayolning hayoti yoki sog‘lig‘idir. Obyektiv tomondan jinoyat ayolni o‘z
homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash natijasida homilani sun’iy tushirilishida namoyon bo‘ladi.
Majburlash deganda, homilador ayolga har qanday shaxs (eri, o‘ynashi, qarindoshi va h.k.) tomonidan uni
o‘z xohishiga qarshi (masalan, nikoh yoki ishqiy munosabatlarini to‘xtatish, moddiy yordamdan mahrum
qilish bilan qo‘rqitish va h.k. bilan) homilasini sun’iy ravishda tushirishga (abort qilishga) majbur etish uchun
biron-bir usulda ta’sir ko‘rsatish tushuniladi.
Faqat jinoiy bo‘lmagan abortni sodir etishga majburlash Jinoyat kodeksining 115-moddasiga ko‘ra
kvalifikatsiya qilinadi. Aybdor ayolni jinoiy abortni sodir etishga majburlayotganini anglagan hollarda, uning
qilmishini jinoiy ravishdagi abortni sodir etishga dalolat qilish, deb Jinoyat kodeksining 28, 114-moddalari
bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Jinoyat homila sun’iy ravishda tushirilgan paytdan e’tiboran tamom bo‘lgan deb, topiladi. Agar
aybdorning ayolni homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlashi natijasida uning sog‘lig‘iga zarar
yetkazilgan bo‘lsa (masalan, badaniga yengil, o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazgan bo‘lsa), subyektning
qilmishi jinoyatlarning jami bo‘yicha Jinoyat kodeksining 115-moddasi va homilador ayolning sog‘lig‘iga
ziyon yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan
kvalifikatsiya qilinadi.
Subyektiv tomondan jinoyat faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Jinoyatning motiv va maqsadi jinoyatni
kvalifikatsiya qilish uchun ahamiyatga ega emas. Ushbu jinoyatning subyekti ayolning homilasini sun’iy
ravishda tushirishga majbur qilgan 16 yoshga to‘lgan aqli raso shaxs, shuningdek, jabrlanuvchining homilasi
tushirilishidan manfaatdor bo‘lgan har qanday boshqa shaxslar bo‘lishi mumkin.
1. O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish deganda nima tushuniladi?
2. Nimalar Jinoyat kodeksining 112-moddasidagi harakatlarni kvalifikatsiya qilishning eng zarur shartlari hisoblanadi?
3. Тanosil yoki OIТS kasalligini tarqatganlik uchun shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishning asoslari nimadan iborat?
4. Jinoiy, sun’iy ravishda homila tushirish (abort) nima? Jinoiy, sun’iy ravishda homila tushirish (abort)ning og‘ir oqibatlari
qanday?
5. Jinoiy abortning qasddan badanga og‘ir (o‘rtacha og‘ir) shikast yetkazish, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga shikast
yetkazish jinoyatlaridan farqlari.
6. Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majbur qilish deganda nima tushuniladi?
7. Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik jinoyatini kvalifikatsiya qilishning qanday shartlari mavjud?
8. Xavf ostida qoldirish jinoyati uchun javobgarlikka tortish asoslari.
9. Xavf ostida qoldirishning kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik jinoyatidan farqlari nimalardan iborat?
Do'stlaringiz bilan baham: |