Ushbu jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan va o‘zining tanosil kasalligiga chalinganligini bilgan shaxs
hisoblanadi. Aybdorning tanosil kasalligiga chalinganligini bilgan bo‘lishi jinoyatni Jinoyat kodeksining 113-
moddasi bilan kvalifikatsiya qilishning zaruriy shartidir.
Aybdor o‘ziga tanosil kasalligi yuqqanligini bilmagan va bilishi mumkin bo‘lmagan hollarda u Jinoyat
kodeksining 113-moddasi bilan javobgarlikka tortilmaydi. Masalan, shifokor tahlilni tekshirib, tanosil
kasalligiga chalinganligi taxmin qilingan bemorga uning sog‘lomligini aytadi va «bemor» sog‘lomligiga
ishonib, jinsiy aloqa qiladi va natijada kasalini jabrlanuvchiga yuqtiradi. Bunday holda ham Jinoyat
kodeksining 113-moddasida belgilangan javobgarlik vujudga kelmaydi.
Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni o‘zida tanosil
kasalligi borligini bilgan shaxsning bu kasallikni boshqa shaxsga yuqtirishida ifodalanadi. Agar
jabrlanuvchiga tanosil kasalligi yuqtirilgan bo‘lsa, shaxs Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 2-qismi bilan
javobgarlikka tortiladi, agar bunday oqibatlar yuz bermagan bo‘lsa, aybdorning qilmishini Jinoyat
kodeksining 113-moddasi, 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilish zarur.
Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat jabrlanuvchiga tanosil kasalligi
yuqtirilgan paytdan tamom bo‘lgan, deb hisoblanadi. Biroq, barcha hollarda ham tanosil kasalligiga
chalingan
bemorning harakatlari bilan jabrlanuvchiga kasallik yuqtirilishi o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish mavjudligini
aniqlash zarur. Agar bunday bog‘lanish bo‘lmasa, aybdorning qilmishi Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 1-
qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Mazkur jinoyatning subyekti o‘zida tanosil
kasalligi borligini bilgan har ikki jinsdagi shaxs bo‘lishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 3-qismida:
a) ikki yoki undan
ortiq shaxsni;
b) voyaga yetmagan shaxsni bila turib, tanosil kasalligini yuqtirish xavf ostida qoldirganlik yoki ularga
kasallikni yuqtirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Agar avval sodir etilgan tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirganlik yoki yuqtirganlik uchun
jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketmagan bo‘lsa, aybdor ikki yoki undan ortiq shaxsni tanosil
kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirgan yoki ularga yuqtirgan bo‘lsa, bunday holda qilmish Jinoyat
kodeksining 113-moddasi, 3-qismi, «a» bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Boshqa hollarda jinoyatni
yuqoridagi belgilarga ko‘ra, kvalifikatsiya qilish uchun birinchi marta tanosil kasalligini yuqtirish
xavfi ostida
qoldirganlik yoki yuqtirganlik bilan keyingi sodir etilgan qilmish oralig‘ida qancha vaqt o‘tganligining
ahamiyati yo‘q.
Jabrlanuvchi 18 yoshga to‘lmagan hollardagina aybdorning harakatlari: voyaga yetmagan shaxsni bila
turib, tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirishi yoki unga bu kasalni yuqtirishi Jinoyat kodeksining
133-moddasi, 3-qismi, «b» bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Subyektiv tomondan Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat to‘g‘ri
qasddan sodir etiladi.
Aybdorning qilmishini Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 3-qismi bilan kvalifikatsiya qilishda uning bila
turib 18 yoshga to‘lmagan shaxsni tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirganligi yoki kasallikni
yuqtirganligini yoki ongli ravishda bunga yo‘l qo‘yganligini aniqlash zarur. Aybdor voyaga yetmagan
shaxsning yoshi xususida adashgan hollarda, uning qilmishini Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 1 yoki 2-
qismlari bilan kvalifikatsiya qilish kerak bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 3-qismi, «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti 16 yoshga
to‘lgan shaxs va o‘zining tanosil kasalligini bilgan, 18 yoshga to‘lgan shaxs bo‘lishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 113-moddasi, 4-qismida bila turib, boshqa shaxsni OIТS (orttirilgan immunitet
tanqisligi sindromi) kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirganlik yoki unga OIТS kasalligini yuqtirganlik
uchun javobgarlik belgilangan. OIТS virusi jinsiy aloqa natijasida, ukol qilish uchun sterillanmagan
shprislardan foydalanilganda, tarkibida virus bo‘lgan donor qoni yoki dorilarni tomirga yuborish yo‘li bilan,
ona suti orqali va boshqa shu kabi manbalardan yuqtirilishi mumkin. Shuni esda saqlash kerakki, bunday
kasallikka
chalingan shaxsga, hozircha davo yo‘q va bu kasallikka chalingan shaxs o‘lim xavfidan xoli emas.
Ushbu kasalliklarning oldini olish va qarshi kurash masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining
1991-yil 14-iyundagi «OIТS bilan kasallanishning oldini olish to‘g‘risida»gi hamda 1999-yil 19-avgustdagi
«Odamning immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanishining (OIТS kasalligining) oldini olish to‘g‘risida»gi
Qonunlari qabul qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: