2.3 Avlodlar dovoni hikmatlari
Tarixga doir ilmiy tadqiqotlarda xayol qonuniyatlari aniq dalillar
tahlil vositasida ochib berilgan holda, tarixiy romanlarda anna shunday
qonuniyatlarni yaqqol-ochib beruvchi adabiy tiplarning badiiy talqini
ustuvorlik qiladi.Tarixiy voqelikning badiiy to`qima bilan qo`shilib ketishi yozuvchi tasvirlayotgan davr haqiqatini yanada aniqroq va yaqqolroq tasavvur qilishga imkon beradi. Shuning uchun ham adabiy asardagi badiiy to`qimani boshqa hech bir vosita bilan almashtirib bo`lmaydi. Badiiy to`qimaning boshlanishi ijodiy niyatning tug`ilishidayoq yarq etib ko`zga tashlanadi.P.Qodirovning «Avlodlar dovoni» romanida «muallifdan» deyilgan izoh bor. Ana shu bitikda yozuvchini roman yaratishga ilhomlantirgan ijodiy niyatning tug`ilishiga asos bo`lgan sabablarga quyidagicha ishora bor.
«Zamonaviy ehtiyojlar bizni tarixdan saboq olishga undaydi. Bugungi
odamzodni bezovta qilayotgan katta muammolar o`tmish zamonlarda
boshqacha shakllarda va o`zgacha miqyoslarda bo`lsa ham ajdodlarimizning boshiga tushgan. Ular bu muammolarni tushunish va hal qilish yo`lida juda ko`p ma`naviy izlanishlarni boshidan kechirganlar va o`z tarixiy tajribalarini bizga meros qilib qoldirganlar.
O`sha davrda dunyoning eng qudratli va taraqqiyparvar mamlakatlaridan biriga aylangan Hindiston barcha xalqlarni milliy nizo,
diniy adovat balolaridan xalos qilishning yangi yo`llarini izlagan, hamma
ellar va e`tiqodlarni teng deb e`lon qilgan, jahonda birinchilardan bo`lib
«sulhi kull»-har tomonlama tinchlik siyosatini boshlab bergan edi.
Hindistonda tug`ilib o`sgan va uni o`zining vatani deb bilgan Akbar manna shu siyosatning tashabbuskori bo`lgan edi. Albatta siyosat bilan hayot orasida katta farqlar va kuchli ziddiyatlar mavjud edi. Akbar ham uning otasi Humoyun ham umr bo`yi ichki-tashqi ziddiyatlar girdobida yashaganlar. Eng xatarli asnolarda beg`araz, xalol mehnatkash xalq vakillari ularni naqd o`limlardan qutqazib qolganligi tarixiy hujjatlardan ma`lum. Shu sababli romanning g`oyaviy yo`nalishini Nizom, Salim, La`l, Chand, Mohim enaga kabi xalq vakillari orqali belgilashga intildim».
Badiiy to`qima ijodiy niyatning tug`ilishidan boshlanadi deyilganda,
eng avvalo, obrazli g`oya ko`zda tutiladi. Chunki, yozuvchi bugungi
zamonaviy ehtiyojlarni ham, tarix saboqlarini ham badiiy tahlil qilish
jarayonida olgan taassurotlaridan ta`sirlanib ketadi-yu, yozilajak romanga
asos bo`ladigan bosh g`oyani topib oladi. Zamondoshlarimizni bezovta
qilayotgan ko`pgina muammolar qachonlardir ajdodlarimiz boshiga ham
tushgani, ular esa bu muammolarni hal qilib, o`z tarixiy tajribalarini bizga
meros qilib qoldirganlikliklarini yozuvchi obrazli tasavvur qila boshlaydi.
Ana shu obrazli g`oya Humoyun va Akbar singari tarixiy shaxslar
faoliyatlarini yozuvchi ruhiy olamiga muhrlab, ularning umum insoniy
ahamiyatga molik ulug` ishlari adovat tufayli kelib chiqadigan qirg`in-barot urushlarning oldini olish va tinchlik sevarlik g`oyalarini keng yoyishdek ezgu faoliyatlari yozuvchi ijodiy niyatini to`lishtira boradi.
Yozuvchining mahorati shundaki, u har ikkala podsho obrazini
chizayotganida ham tarafkashlikka berilmaydi, balki adolat mezoniga
tayanib turib davr haqikatini berishga intiladi. Shu boisdan ham sherxonning yaxshi jihatlari qanchalik yoritilmasin. Hiyla va nayrangda ustamonligi ham e`tibordan chetda qolmaydi. Sherxonning Chunar hokimi qo`lida sipohi bo`lib yurib, keyinchalik uning go`zal xotini Lod malikasiga uylanishi, shuningdek, Krishan Roy qal`asiga bir ming ikki yuz kishilik ayol kiyimidagi qo`shinni kiritib, qal`ani zabt etishi, Amir Bahlulni tuhmatdan o`ldirtirishi va nihoyat, Humoyun sulhiga xiyonat qilishi tasvirida ham yozuvchi bu adabiy tipni xolisona tavsiflaganligini ko`ramiz.
«Avlodlar dovoni»dagi eng go`zal sahifalar, aqllarni lol qoldiradigan
shijoat, o`lim bilan yuzma-yuz jangga kirishib, g`olib kelgan mashaqqatli
mehnat Nizom adabiy tipida o`z badiiy ifodasini topgandir. Kitobxonlar
Nizom faoliyati qarshisida Xumoyunning bosh egishiga, dunyoda oddiy xalq vakili bo`lgan Nizomning aql-farosati, uning tasavvuri, o`limlarni engishdagi o`ylab topgan tadbirlari qarshisida qandaydir bir tabiiylik borligiga ishonadilar. Shu boisdan ham ushbu adabiy tipni muqaddas deb biladilar.
Chunki, Nizomdagi qat`iyat, insof, o`ziga ishonch do`stiga sadoqat
muqaddasdir. Uning o`zi yaratgan yaxshiliklariyu, har qanday iflosliklarga qarshi nafrati muqaddasdir. Unda hasaddan ochko`zlikdan, jinoyat qilishdan uchqun ham yo`q. U faqat halollik, sadoqat, yaxshilik timsolidir. Yozuvchi bu adabiy tipga juda katta e`tibor beradi, unga butun mehrini beradi, ibrat yuksakligiga ko`taradi, shu boisdan ham Nizom voqeadan voqeaga o`tilgani sayin o`stirilib boriladi. Aslida bu obraz ham muarrixlar asarlarida nomi zikr etilgan tarixiy shaxsdir. Xumoyunning Nizom suvchini taxtga chiqarganligi Abulfazlning «Akbarnoma»sida, Javhariyning «Xumoyunnoma»sida, Gulbadanbegimning esdaliklarida qayd etilganligini yozuvchi to`g`ri izohlagan. Halollik faqat mehnatkash insonlargagina xos fazilat ekanligi ana shu harakterda o`z badiiy ifodasini topgan. Sherxon bilan bo`lgan dahshatli jangda bir necha o`limlarni chetlab o`tgan bo`lsa-da, behos daryoda cho`qayotgan Xumoyunni Nizom suvchi qutqazmoqchi bo`ladi. Biroq, Humoyun daryodan tirik chiqishiga ko`zi etmay, «meni qo`ying, o`zingizni qutqaring», - deydi. Nizom esa «Yo`q, hazrat, Men sizning kemangizda xizmat qilib, maosh olurman. Sizni suvdan o`tkazib qo`ymasam, bergan noningiz harom bo`lgay. Men halol non yeb o`rganganmen», - deydi. Xumoyun kemada eshkakchi bo`lib xizmat qiluvchi yigit shunday xatarli vaziyatda ham halol-haromni unutmasa, bunda bir karomat bor deb tushunadi. Haqiqatan ham u tezda shu karomatning shohidi bo`ladi. Nizom kiyimlari shalabbo bu yarador yigit zamona tojdori – podsho ekanini eslaydi-yu, unga «agar meni rostdan tutingan ini o`rnida ko`rsangiz ikki og`iz arzim bor», - deydi va Xumoyun taqdirida muhim ahamiyat kasb etgan davr haqikatini unga tushuntiradi: «Poraxo`r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar mamlakat xalqini sizdan bezdirdi. Qancha hind yigitlari sherxon tomonga o`tib ketdi. Axir Sherxon hindiyu muslimni bir-biridan ajratmas ekan…
- Men ham hindi-yu muslimni yakdil qilish orzusida edim. Ammo bu
mushkul ishda kimga tayanishimni bilmadim.
- Hind xalqiga tayaning-da, hazrat bu elda bhaqtiylar (adolatparvar xalq harakatining ishtirokchilari) bor. Ularning shiori Kobir hindi-yu muslimni o`z dilida birlashtirgan. Mening otam Bhaqtiy tarafdori bo`lgani uchun tuhmat bilan zindonga tashlandi.
- Kim tuhmat qildi?
- Siz ishongan amaldoru shayxlar.
- Men o`zim adolatsiz muhitdan qanday qutulishimni bilmasman.
Otangiz. Agradagi zindondami? Poytaxtga qaytaylik…Siz o`zingiz,
otangizga tuhmat qilgan amaldoru shayxlarga jazo bergaydirsiz».
Xumoyunning Sherxon bilan olib borgan urushidagi mag`lubiyatining
dahshatli oqibatlari borgan sari o`pqonga aylanadi. Suvda cho`qib o`lgan etti ming, jangda halok bo`lgan besh minglab kishilarning ota-onalari, qavmu qarindoshlari
Xumoyunga malomat toshi ota boshlaydilar. Hindlar Xumoyundan bezadi. U Nizomni taxtga chiqarib, hindlarning ko`nglini
olmoqchi va shu yo`l bilan ularning ishonchini qozonmokchi bo`ladi. Biroq, Boburning boshiga tushgan kulfatlar Xumoyunni ham chetlab o`tmaydi. Og`a-inilar o`rtasidagi nizolar kuchaya boshlaydi. Toju-taxt Nizomning boshiga ham baxtsizliklar to`fonini yog`dirib, uni bir umrga majruh qilib tashlaydi. Nizomning roziligi bilan Xumoyun va Hamida bonuning nikoh to`ylari bo`lib o`tadi. Shunday qilib, roman bosh qahramon Akbarning dunyoga kelishi uchun zamin yaratilgan.
Yozuvchi Akbarning shohlik faoliyatida, o`y va xayollaridan doimo
davr haqiqatini bo`rttirib berishga intiladi. Uning diniy adovati keskin qarshi turganini, ilmu ma`rifat va madaniy qurilishlarga keng yo`l berganini, elu ulus manfaati va osoyishtaligini o`ylab ish tutishini keng yoritadi. U g`animlar bilan kurashda otasining xatolarini takrorlamaslikka intiladi.
Yangi davlat ham bamisoli daraxt kabi mustahkam ildiz otmaguncha uni sug`urib tashlash oson bo`lishini otasining Ganga bo`yidagi mag`lubiyati misolida idrok etgan edi. Akbar ichki adovatlarni bartaraf etgandan keyingina tashqi dushmandlarini bartaraf etishga otlanadi. Natijada Akbar Bengaliyadan boshlanib arab dengizi va Kambey ko`rfazigacha cho`zilgan ulkan hududdagi saltanatning hukmdori bo`lib qoladi. Hind sarkardalari va brahmanlari Akbarni eng oliy daho – chakvarti (gineralissimus unvoniga o`xshash) deb atay boshlaydilar. Sharqdagi g`alaba uchun uni «ming bir tug`iladigan engilmas Mahdiy» deb entikib ulug`laydigan bo`ladilar. Bu me`yorsiz maqtovlar Hamida bonuni ham hovliqtirib yuboradi. Hamida bonu ham, Akbar ham bosar-tusarini bilmay qoladilar. Akbar o`ziga qarata aytilgan «dovyurak botir» ta`rifini eshitgan sayin yangidan-yangi xatolarga yo`l qo`ya boshlaydi. Mastlikda hindlarning qilich o`yinini bajaraman deb o`lib ketishiga sal qoladi. Fil janglarida ham o`zini xatarga qo`yib, o`limdan bazo`r qutuladi. Akbar ma`naviy olamida zilzila boshlanadi. U tabiatdagi poklik, go`zallik va muvozanatni ko`rib havasi keladi. Akbar tabiatdan-da ulug`roq, undan-da abadiyroq mutlaq haqiqatni qalb ko`zi bilan ko`rishga va
o`z ruhini borliq oxanglari ila uyg`unlashtirishga intiladi. Lekin bunga
muvaffaq bo`lolmay, ruhiy iztirob girdobida qoladi. Uni bunday ruhiy
qiynoqlardan onasi Hamida bonu qutqazadi:
«- Inson ham daraxt kabi moddiy ildizlardan oziqlanarkan, shoh
o`g`lim. Qon bilan taraluvchi oziq ruhga quvvat berarkan.
- Lekin nafs bilan ko`ngil ruhning dushmanidir, - dedi Akbar.
- Nechun? Komil insonlarda ruh hamisha ko`ngilga etakchilik
qilgay, aql bil n dil juft qanotlardek birga parvoz etgay.
- Demak, men hali kamolotdan juda uzoqdamen, - dedi Akbar. –
Ruhim mudom osmonga talpinur. Ammo ko`nglimni ruhim ko`tarilgan
yuksaklikka olib chiqolmay, aro yo`lda muallaq qolurmen.
Akbar o`zining holatiga to`g`ri baho bera boshlaganidan Hamida begim ichida «xayriyat» deb qo`ydiyu, uni muallaq holatdan tezroq erga qaytib tushirgisi keldi.
- Men o`tgan hafta tushimda Xumoy qushni ko`ribmen, - dedi begim, -
qanotlari burgutnikidan ham bahaybat. Boshiyu bunni sher taxlit.
Odamnikidan ikki ilki bor. Tog` etagida odamlar tunlangan ekan. Xumoy
qush ilkida kattakon bir kitobni kutarib o`tib, tog` tepasiga borib qo`ndi.
Odamlar unga qarab yugurdilar, Xumoi kitobni tashlab uchib ketdi. Toqqa oldinroq etib borgan to`rt-besh odam xaligi kitobni: «Men olay, men olay!» deb talashib qoldilar. Biri-biriga bermaganidan keyin uni to`rt-besh bo`lak qilib bo`lib, turli tomonga olib keta boshladilar. Shunda siz paydo bo`ldingiz. «To`xtanglar, axir yaxlit kitobni parchalab olib ketish gunohku», deb ularni qaytarishga tushdingiz. Lekin ularning birini qaytarsangiz, boshqasi tutiqich bermaydir. Azbaroyi achinganimdan oh tortib uyg`onib ketibmen.
Akbar o`ylanib turdiyu:
- Yaxshi tush ko`ribsiz, - dedi, - Kitob haqiqat ramzi. Odamlar
haqiqatni parcha-parcha qilib turli tomonga olib ketganlari rost. Ma`naviyat ham parchalangan. Har kim ilkidagi bir parcha haqiqatu ma`naviyatni mahkam tutib olgan. Boshqalarning ilkida ham haqiqatu ma`naviyat borligini tan olmaydilar. “Faqat men haqmen!” deb, boshqalarni kamsitadilar. O`zaro urushlar, dinu, millat ayirishlar mudom shundan kelib chiqqay… Siz tushingizda ko`rgan kitobning parchalarini odamzod bir joyga yig`ib, yaxlit holga keltirmaguncha, dunyoga adolat o`rnatib bo`lmagay.
Mening orzuyim sochilib ketgan o`lkalarni bir davlat qilib birlashtirishgina emas, balki parchalanib ketgan haqikatni bir ulug` mahzarga yig`ishdir.
- Ilhom, bu orzuyingizga eting, shoh o`g`lim. Turkiy ulusdan chiqib,
Hindistonga farzand bo`ldingiz. Endi bilsam bir ulusning qobig`ini yorib
chiqqan odam, faqat ikkinchi bir xalqning farzandi bo`lib qololmas ekan.
Ummonga quyilgan daryo butun dunyo kengliklariga chiqarkan. Shunga
o`xshab, siz o`z ulusingiz: o`z mamlakatingiz tashvishlaridan kuch orttirib, umumbashariy muammolarni echishga bel bog`lamoqdasiz. Ma`naviyat bobida ajdodlaringizni hech biri bunday mushkul, bunday murakkab maqsadlarni o`z oldiga qo`ymagan edilar. Sizda ulkan iste`dodu g`ayrat bor. Ammo, men tushimda oh tortib uyg`onganimga sabab – yolg`izlik qildingiz, bolam.
Yozuvchi Akbar siymosida davr adabiy tipini, yaratar ekan, atrofdagi
odamlarning unga munosabatidan tarixiy voqelik haqiqatini yuzaga chiqarish vositasi sifatida samarali foydalangan. Ayrim xushomadgo`ylar uning ruhini ko`kka talpintirib shuhrat balosiga yo`liqtirgan bo`lsalar, o`zlatni ixtiyor etib, yolg`izlik dardiga mubtalo bo`lgan Akbarni xushyor tortishga sadoqatli kishilar muhitiga qaytishga undagan Hamidabonu umumbashariy e`tiqodlarni amalga oshirish yo`lidagi chala qolgan ishlarini yodiga tushiradi.
Adib romanning xotimasida shunday fikrlarni yozib qoldiradi: “Kishini hayratga soladigan yana bir hodisa – Bobur va Akbar mansub bo`lgan sulolaning asrdan asrga va mamlakatdan mamlakatga o`tib, besh asrdan ortiq umr ko`rganligidadir. “Iste’dod meros bo`lib o`tmaydi” degan aqida bor. Lekin Amir Temurning ulug` iste’dodi kichik o`g`li Shohruh orqali Ulug`bekka o`tganligi, uning o`rtancha o`g`li Amiranshoh esa otasining o`lmas dahosini chevarasi Mirzo Boburga yetkazib berganligi tarix tomonidan tasdiq etil;gan hodisalardir. Ayniqsa,Amir Temurning ulug` davlat arbobi va yengilmas sarkarda sifatidagi ioste’dodi ikki asrdan so`ng Akbarda yangi bir shaklda qayta tirilgani sharqning barcha mashhur tarixchilari tomonidan e’tirof etilgandir. Akbarning me’mor sifatidagi iste’dodi esa uning nevarasi Shohjahonda yanada baland bosqichga ko`tarilgani – bu sulolaga xos irsiy daho insoniyat tarixida kam uchraydigan bir qudrat va umrboqiylik bilan hayratomuz mo`jizalar yaratganini isbot etadi. Bu ulug` sulolaning sarzamini bizning qadimiy Turkiston ekanini ko`p mamlakatlar hali bilmaydi. Chunki Bobur va uning avlodlarini “Ulug` mo`g`ullar” deb atash bir odat tarzida ko`pgina mamlakatlarda saqlanib kelmoqda. Holbuki, Bobur ham, uning avlodlari ham o`zlarining turkey ulusdan ekanliklarini ta’kidlab yozganlar va temuriyzoda bo`lganliklari bilan iftixor qilganlar. Yaqin vaqtlargacha O`zbekistonni tanimagan-bilmagan yuzdan ortiq mamlakatlar undan sun’iy ravishda begona qilingan bu ulug` tarixiy siymolarning ota yurti – bizning bugungi Vatanimiz ekanini jahon miqyosida tan oladigan kunlar keladi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |