Uchqunli razryad. Kuchlanish ortishi bilan tojning o'rniga yanada kuchliroq elektron oqimlari hosil bo’ladi, nurlanayotgan shoxchalar paydo bo'lib, tojli razryad shokilali razryadga o'tadi. Agar kuchlanish yanada orttirilsa, shokilaning shoxchalari o'sib yanada uzunlashadi va ulardan birortasi ikkinchi elektrodga yetganida oraliqdagi gaz teshilib uchqun hosil bo’ladi. Uchqun razryad uzilish xarakteriga ega, chunki gazning teshilishidan keyin elektrodlardagi kuchlanish keskin kamayadi, ya'ni elektrodlar o'rtasidagi oraliqda qisqa tutashuv ro'y beradi. Uchqunli razryad yo'qoladi, kuchlanish yanada ortadi va teshilish jarayoni takrorlanadi.
Biz tabiatda kuzatadigan chaqmoq tabiiy uchqunli razryadning ulkan elektr uchqunidir. Ma'lumki, Yerning sirtida elektr maydon bo'lib, momaqaldiroqdan oldin u juda kuchayadi. Bunga sabab bulutlardagi elektr zaryadlaridir. Odatda, bulutning pastki, Yerga qaragan qismida manfiy, yuqori qismida esa musbat zaryadlar bo’ladi. Chaqmoq yoki bulutlar orasida, yoki bulut va Yer orasida hosil bo’ladi. Chaqmoqning ba'zi razryadlari mikrosekundlar davomida ro'y berib, tok kuchi 500 000 A ga yetadi. Chaqmoq bo'lishidan oldingi kuchlanish 108 — 109 V gacha bo'lishi mumkin. Chaqmoqda havoning kuchli qizishi ro'y berib, kuchli tovush to'lqini — momaqaldiroq vujudga keladi.
Turli binolarni chaqmoqdan himoya qilish uchun chaqmoq qaytargichlar qo'yiladi. Ular uchli metall langarlardan iborat bo'lib, himoya qilinadigan binodan balandroq o'rnatiladi va yerga ulanadi. Uning ish prinsipi zaryadni tayoq uchidan yerga o'tib ketishiga asoslangan.
Elektr yoyi. Agar zanjirda kuchli tok manbayi mavjud bo'lsa, uchqunni elektr yoyiga aylantirish mumkin. Elektr yoyi birinchi bo'lib rus fizigi V.Petrov tomonidan 1802- yilda hosil qilingan. U ikkita ko'mir parchasini olib, galvanik elementlarning kuchli batareyasiga birlashtirgan va oldin ularni bir-birlariga tegdirib, so'ngra ajrata boshlagan. Ideal bog'lanish bo'lmaganligi uchun ko'mir bo'laklarining bir-birlariga tegib turgan joylarida katta qarshilik vujudga kelgan. Tok o'tganda ko'mir ulangan sim uchlarining qizishi kuzatilsada, issiqlik o'tkazuvchanligi katta bo'lmaganligi uchun ko'mir bo'lakchalari qizimagan. Ko'mir bo'lakchalari ajratilganda, qizigan katoddan termo-elektron emissiya natijasida gaz oralig'ining issiqlik ionlashuvi ro'y bergan. Yoyning eng qizigan joyi elektronlarning uzilishi natijasida musbat elektrodda hosil bo'lgan chuqurcha — yoyning og'zidir. Normal atmosfera bosimida yoy og'zidagi temperatura 4000 °C gacha ko'tarilishi mumkin. Yoy razryadi vujudga kelishi uchun gaz ionlashuvining asosiy sababchisi termoelektron emissiya, ya'ni elektronlarning kuchli qizigan jismlardan chiqishidir. Yoy razryadi metallarni payvandlash va kesishda, kuchli yorug'lik manbayi sifatida projektor, proyeksion va kinoapparatlarda foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |