Mavzuning maqsad va vazifalari. Publitsistik uslub va unga xos xususiyatlarni yoritish orqali uni boshqa uslublarga solishtirib, publitsistik uslubning yuzaga kelishi va takomili, leksikasi va grammatikasi, lisoniy taraqqiyotini bugungi kun tilshunosligi nuqtai nazaridan yondoshgan holda o‘rganishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. O‘z maqsadimizga erishish uchun esa quyidagi vazifalarni belgiladik:
– publitsistik uslubning boshqa uslublar doirasida tutgan o‘rnini o‘rganish;
– publitsistik uslubning janr-xususiyatlari va uning mustaqillik davridagi taraqqiyotini o‘rganish;
– publitsistik uslub leksikasining adabiy til leksikasi doirasida tutgan o‘rnini belgilash;
– publitsistik uslub doirasida qo‘llangan leksik vositalarning uslubiy bo‘yog‘ini ko‘rib chiqish;
– publitsistik uslubda adabiy me’yor tamoyillarini o‘rganish.
Ishning umumiy tavsifi. O‘zbekiston respublikasida mustaqillik sharofati bilan bir qator sohalarning rivojiga yanada keng yo‘l ochildi. Bugungi kunda ijtimoiy hayotimizni yanada yaxshilash, xalq hayotini farovonlashtirish, ma’naviy dunyoqarashimizni o‘stirish, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizni yanada yuksaltirish, xalq dardini keng olib chiqib, uning yechimlari yo‘lida maqbul ishlarni olib borish va bu yo‘lda barcha davlat xizmatlari hamda mas’ul shaxslar faoliyati markazida inson manfaatlari yotishini namoyon etish yo‘lida gazeta, jurnallar hamda televideniya faoliyatiga daxldor bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Xususan, 2018-yil 24-mayda yurtboshimizning PQ3737 sonli qarori bugungi kunda yetuk jurnalistlarni yetishtirib chiqarish bo‘yicha bir qator masalalarni o‘z ichiga olgan. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga qilgan murojatida quyidagi fikrlar mavjud: “Bugungi kunda Oʻzbekistonda 1,5 mingdan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ular mulk shakli, yoʻnalishi, axborot uzatish vositalariga koʻra turlichadir. Oʻz-oʻzidan ravshanki, ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarur. Afsuski, bunday keng koʻlamli vazifani bir joyda markazlashtirgan holda hal etadigan tayanch oliy oʻquv yurti mamlakatimizda mavjud emas”.1
Yurtimizda bugungi kunning muhim masalalari avvalida yoshlarimizni ma’naviy barkamol va chuqur bilim egasi qilib tarbiyalash turadi. O‘zbekistondagi barcha qatlam vakillarini bugungi kun yangiliklari bilan tanishtirib borish bilan bir qatorda ularning ijtimoiy ahvolini yaqindan yoritish asosan jurnalistlarimiz chekiga tushgan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbek adabiy tili xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, madaniy, fan, badiiy adabiyot, san’at va boshqa ko‘plab sohalarning muloqot jarayonida asosiy vosita hisoblanadi. Shunga ko‘ra, adabiy tilning turli nutq uslublari yuzaga keladi: ilmiy, rasmiy, publitsistik, so‘zlashuv va badiiy uslub. Har bir uslubning o‘ziga xos uslubiyati, leksikasi, grammatikasi va semantikasi mavjud. Nutq uslubi tilning vazifasi bilan bevosita bogʻliq boʻladi. Shuning uchun ham ular vazifaviy (funksional) uslublar deb yuritiladi. Vazifaviy uslub deganda, tildan farq qiladigan qandaydir alohida narsa tushunilmaydi, balki aniq bir adabiy til ichida qaraladigan, oʻziga xos xususiyatlari, xizmat qilish doirasi bilan oʻzaro farq qilib turadigan yordamchi tizim tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |