3-bosqich. Boʻgʻinlarni qoʻshish. Eski maktabda boʻgʻinlarni qoʻshish “abjad” bilan boshlangan. Maktabdor taxtaning ikkinchi tomoniga arab tili alfavitidagi 28 ta harf jamlangan 8 soʻzni “zeru zabar” bilan yozib bergan. Bolalar bu 8 ta soʻzni birin-ketin hijo usulida oʻqib yodlab olganlar. Masalan, abjad soʻzi alifga zabar qoʻyib, bega urishtirilsa ab, jimga zabar qoʻyib, dolga urishtirilsa jad, bularning ikkisidan abjad hosil boʻlgan.
Abjaddan keyin eski maktab oʻquv kitobi boʻlgan “Haftiyak”ka oʻtilgan.“Haftiyak”dagi suralar ham “Abjad”dagi kabi hijo usulida oʻqitilgan. Bolalar “Haftiyak”ning bir betini hijo usulida oʻqish uchun juda koʻp vaqt va kuch sarflaganlar.
Soʻzni hijo usulida oʻqishda avval soʻzdagi birinchi undosh harfning, keyin ikkinchi undosh harfning nomini aytib, unga zarur harakatni qoʻyib hijo hosil qilingan. SHu usulda navbatdagi harflardan ham hijo hosil qilinib, hijolarni bir-biriga qoʻshib, bu soʻz bir butunicha aytilgan. Soʻzni hijo usulida oʻqishda tovush emas, balki shu tovushni ifodalovchi harfning nomi asos qilib olingan. Soʻzni tovush jihatidan tahlil qilishga oid hech qanday ish qilinmagan, tovushlarning qoʻshilishi bolalarga tushunarli boʻlmagan, bolalar soʻzdagi har bir harf maʻlum bir tovushni bildirishini mutlaqo anglamaganlar. Hijo usulida oʻqishga oʻrgatish, birinchidan, mexanik ravishda boʻlib, ayni bir narsani qayta-qayta aytishga majbur qilingan, ikkinchidan, bola oʻzi aytgan soʻzining maʻnosini tushunmay, maktabdordan eshitganini takrorlayvergan.
“Haftiyak”ning keyingi ayrim suralari soʻzni yaxlit “oʻqish” usulida olib borilgan, aniqrogʻi bola oʻqimagan, eshitganini toʻtiqush kabi yodlagan. Natijada bolalar maktabxonada oʻqiganlarini oʻzi oʻqib yurgan kitobidan “oʻqib bergan”, ammo ularning qoʻliga maktabda oʻqilmagan boshqa bir kitob berilsa, uni oʻqiy olmagan; eski maktabda 6-10 yil muntazam oʻqigan bolalarning juda koʻp deganda 4-5 foizigina oʻqish va yozish koʻnikmasini hosil qilgan.
Turkistonda ochilgan rus-tuzem maktablari savod oʻrgatishda maʻlum darajada ijobiy oʻrin tutdi. Rus-tuzem maktablarinnng oʻzbekcha sinflarida oʻzbekcha xat-savod oʻrgatish metodi 1900 yildan boshlab asta-sekin isloh qilindi: hijo metodidan tovush metodiga oʻtildi. 1900 yillardan rus-tuzem maktabi oʻzbekcha sinflarining peshqadam muallimlari tovush metodi asosida tuzilgan tatarcha alifbedan foydalana boshladilar. Bu kitobning tili va mazmuni oʻzbekcha sinflarga mos kelmas edi. 1902 yilda Saidrasul Saidazizovning tovush metodi talabiga muvofiq tuzilgan ona tili alifbesi - “Ustodi avval” nashr etildi. “Ustodi avval” nashr qilingandan keyin oʻzbekcha xat-savod oʻrgatishda yangi davr boshlandi. Tovush metodi savod oʻrgatishning eski usulidan tamomila farq qilib, oʻqitishni osonlashtirdi, taʻlimni bola tushunadigan, anglaydigan taʻlimga, yaʻni faol taʻlimga aylantirdi.
“Ustodi avval” 3 boʻlimdan iborat edi: 1-boʻlim, hozirgi atama bilan ataganimizda, alifbe davridir. Muallif bu boʻlimda arab alfavitidagi harflarni alfavit tartibida emas, balki harf orqali ifodalangan tovushning talaffuzi oson-qiyinligini harflarning yozilishi sodda yoki murakkabligini eʻtiborga olgan holda tizib chiqqan. Muallif har bir harfning yozuvda bir necha xil shaklda kelishi xat-savod oʻrgatishni qiyinlashtirishini hisobga olgan; alifbe davrining boshida deyarli har doim bir xil shaklda qoʻllanadigan harflarni bergan. U shakli yozilish oʻrniga qarab turlicha boʻladigan harflarning soʻz boshida, soʻz oʻrtasida, soʻz oxirida va alohida yozilish shaklini berib, ularga mos misollar keltirgan. Masalan, q harfini tanitish uchun qor, uyqu, oq soʻzlarini, gʻ harfini tanitish uchun gʻor, uygʻoq, togʻ soʻzlarini tanlagan. Muallif soddadan murakkabga tamoyiliga amal qilib, alifbe davrini asta-sekin murakkablashtira borgan. Kitobning alifbe qismiga, asosan, oʻzbek tilining lugʻat tarkibidagi soʻzlar tanlab olingan.
“Ustodi avval”ning 2-boʻlimi alifbedan keyingi davrdir. Bu boʻlimda hikoya, masal va 50 maqola berilgan. Ularning ayrimlarida bilim olish targʻib qilinsa, boshqalari tarbiyaviy mazmunda boʻlgan.
S. Saidazizov kitobining 3-boʻlimini “Alifboi qurʻon” deb atagan va oʻz oldiga bolalarga “qurʻon”ni tushunib olishga oʻrgatishni maqsad qilib qoʻygan.
Umuman, tovush metodi Markaziy Osiyoga ikki manbadan yoyilgan:
1. Rus-tuzem maktablari ruscha sinflarida xat-savod tovush metodi bilan oʻrgatilar edi. Oʻzbekcha sinf muallimlari tovush metodi oson va qulayligini amalda oʻz koʻzlari bilan koʻrganlar va asta-sekin tovush metodini oʻz sinflariga tatbiq eta boshlaganlar.
2. XIX asrning oxiridan boshlab Rossiyadan Markaziy Osiyoga kelgan tatar muallimlari, yaʻni jadidlar tovush metodida xat-savod oʻrgata boshlagan edilar, oradan koʻp oʻtmay, bir qancha mahalliy muallimlar ular kabi yangi maktablar ochadilar va bolalarga xat savodni tovush metodi asosida oʻrgata boshlaydilar.
SHunday qilib, Oʻrta Osiyoda tovush metodi asta-sekin hijo metodining oʻrnini egallay boshlagan.
Maʻlumki, tovush metodi bilan xat-savod oʻrgatishga Rossiyada K.D.Ushinskiy asos solib, u sintetik tovush metodini qatʻiy himoya qilgan.
Tovush metodi bilan savod oʻrgatilganda, soʻzning eng kichik boʻlagi, yaʻni nutq tovushlari asos qilib olinadi. Soʻzning maʻnosini oʻzgartira oluvchi har bir tovush yozuvda harf orqali ifodalanishi: soʻzda tovushlar almashinishi, ortishi yoki kamayishi natijasida boshqa bir yangi soʻz hosil boʻlishi mumkinligi bolalar ongiga yetkaziladi. Keyingi yillarda ham xat-savod tovush metodida oʻrgatilmoqda. Atoqli metodistlar (S.P.Redazubov, A.I.Voskresenskaya, K. Qosimova, Y.Abdullaev, O. SHarafiddinov va boshq.) tovush metodida xat-savod oʻrgatishni takomillashtirdilar.
Arab alifbosida yozuvni oʻrgatish qiyin boʻlgan. Bu alifbodagi harflar soʻzda qoʻllash oʻrniga qarab, har xil shaklda yozilgan, bu yozuvni oʻrganishni qiyinlashtirgan. SHuning uchun koʻp maktablarda bolalarga oʻqish oʻrgatilib yozuv oʻrgatilmagan, chunki domla va otinoyilarning koʻpchiligi oʻqishni bilib, yozishni bilmagan.
Eski maktabda yozish chiziqsiz tekis oq qogʻozga dastlab yoʻgʻonroq savagʻich qalamda oʻrgatilgan; bolalar yozishni ozroq oʻrganganlaridan keyin qamish qalamda ham yozishgan, ularga ruchkada yozishga ruxsat etilmagan.
Yozishni oʻrgatish alifbo tartibida harflarning alohida-alohida shaklini yozdirishdan boshlangan. Avval alifni yozish oʻrgatilgan, keyin oʻxshash shaklli harflar bandlarga boʻlinib, oʻxshash unsuri boʻlmaganlari esa ayrim-ayrim yozdirilgan. Baʻzi domlalar ayrim harflarning elementlarini yozishni ham alohida mashq qildirganlar.
SHundan keyin harflarni nusxaga qarab alifbo tartibida katta-katta qilib yozish (bu mufradot (sarhad) deyilgan: bunday yozish bir-ikki yilga choʻzilgan) oʻrgatilgan.
SHundan keyin harflarni bir-biriga qoʻshib yozish mashqi boshlangan. Bu mashqni murakkabbot deyilgan. Harflarni bir-biriga qoʻshib yozish mashqi bir necha bosqichga boʻlinib, harf birikmalarining maʻno anglatish-anglatmasligi umuman eʻtiborga olinmagan, qanday qoʻshilish mashq qilinavergan. Koʻpgina eski maktablarda bunday mashq “abjad yozish” bilan tugallangan.
Murakkabbotdan keyin bayt, qitʻa va ruboiylarni koʻchirib yozish mashqi boshlangan. Bu mashqni muqattaot deyilgan.Bu mashqqa ham juda koʻp vaqt sarflangan; u maʻnoli soʻzlarni yozish bilan boshlanib, duoyi salom (insho) yozish bilan tugallangan.Bola duoyi salom yozishni bilsa, “xati chiqqan” hisoblangan.
Yozuvni oʻrgatish va husnixat mashq qildirishda “Mufradot” kitobidan foydalanilgan. Bu kitobchada har uchala mashq turi, baʻzi nashrlarda esa insho namunalari berilgan.
Eski maktabda yozuvga oʻrgatishning birdan-bir yoʻli koʻchirib yozuv - nusxa koʻchirish hisoblangan, natijada bolada yozma nutq koʻnikmasi hosil qilinmagan.Bu mashq bolani juda zeriktirgan, hech oʻylanmasdan yozishga odatlantirgan.Maktabxonada ijodiy koʻchirib yozuv mashqlarining, shuningdek, boshqa usullarning qoʻllanilmaganligi orqasida bola chiroyli koʻchirib yozish koʻnikmasini hosil qilgan boʻlsa ham, oʻz fikrini yozma ifoda qila olmagan, eng oddiy jumlalarni ham zoʻr-bazoʻr xato bilan yozgan.
Eski maktablarda, madrasalarda oʻzbek tili oʻqitilmagan, natijada eski maktab bolalarigina emas, hatto madrasada bir necha yil umr oʻtkazgan baʻzi bolalar ham oʻz ismini toʻgʻri yozishni bilmaganlar.
Arabchada toʻgʻri, chiroyli yozuvga oʻrgatish uchun xivalik shoir SHermuhammad Avazbiy oʻgʻli Munisning (1778-1829) “Savodi taʻlim” kitobidan foydalanilgan.
Rus-tuzem maktablarida oʻqish va yozishni oʻrgatish, odatda, bir vaqtda boshlanib, bir-biriga bogʻlab olib borilgan, har kuni avval oʻqish, keyin yozuv darsi boʻlgan; oʻqish va yozish onglilik tamoyili asosida oʻrgatilgan; bolalar qaysi tovush, boʻgʻin, soʻz yoki gapni oʻqiyotgan yoki yozayotganini aniq tasavvur qilgan, maʻnosiga tushungan, arabcha harfning yolgʻiz shaklini yoxud biror harfning elementini yozayotganligini ongli ravishda bilgan.
Rus-tuzem maktablarining oʻzbekcha sinfida koʻchirib yozishga va diktantga koʻp vaqt sarf etilgan. Bulardan tashqari, insho (turli tilxat, duoi salom va savdo ishiga oid har xil xatlar) yozishga ham oʻrgatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |