Oddiy qatʼiy sillogizm.
Maʼlumki, deduktiv xulosa chiqarish aslida sillogizm shaklida boʼladi. Sillogizm qoʼshib hisoblash, degan maʼnoni anglatadi. Bu termindan mantiqda, odatda, deduktiv xulosa chiqarishning koʼproq ishlatiladigan turi hisoblangan oddiy qatʼiy sillogizmni ifoda qilish uchun foydalaniladi. Sillogizm xulosa chiqarishning shunday shakliki, unda oʼzaro mantiqiy bogʼlangan ikki qatʼiy mulohazadan uchinchi-yangi qatʼiy mulohaza zaruriy tarzda kelib chiqadi. Bunda dastlabki mulohazalardan biri albatta yo umumiy tasdiq yoki umumiy inkor mulohaza boʼladi. Hosil qilingan yangi mulohaza dastlabki mulohazalardan umumiyroq boʼlmaydi. Shunga koʼra sillogizmni umumiylikka asoslangan xulosa chiqarish, deb atasa boʼladi. Masalan, quyidagi mulohazalar berilgan boʼlsin:
Hech bir xasis saxiy emas.
Baʼzi boylar xasisdir.
Bu mulohazalardan zaruriy ravishda - «Baʼzi boylar saxiy emas», degan uchinchi mulohaza kelib chiqadi. Sillogizmning tarkibi oddiy qatʼiy mulohazalardan tashkil topgani uchun u oddiy qatʼiy sillogizm deyiladi.
Sillogizmning tarkibi xulosa asoslari (praemissae) va xulosa (conslusio) dan tashkil topgan. Xulosa asoslari va xulosadagi tushunchalar terminlar deb ataladi. Xulosaning mantiqiy egasi – S - kichik termin (terminus minor), mantiqiy kesimi – R - katta termin (terminus major) deb ataladi. Xulosa asoslari uchun umumiy boʼlgan, lekin xulosada uchramaydigan tushuncha – M - (terminus medius) oʼrta termin deb ataladi. Аsoslarda katta terminni oʼz ichiga olgan mulohaza katta asos, kichik terminni oʼz ichiga olgan mulohaza kichik asos deb ataladi.
Terminlarning katta yoki kichik deb atalishi ular ifodalagan tushunchalarning hajmiga bogʼliq. Terminlar oʼrtasidagi munosabatni doiralar yordamida quyidagicha ifodalash mumkin.
S - kichik termin.
M - oʼrta termin.
R - katta termin.
Oʼrta termin katta va kichik terminni mantiqiy bogʼlovchi element hisoblanadi.
Sillogizm aksiomasi.
Аksiomalar isbotsiz chin deb qabul qilingan nazariy mulohazalar boʼlib, ular vositasida boshqa fikr va mulohazalar asoslab beriladi. Sillogizmning aksiomasi xulosalashning mantiqiy asoslanganligini ifodalaydi. Sillogizm aksiomasini terminlarning hajmiga yoki mazmuniga koʼra, yaʼni atributiv taʼriflash mumkin.
Sillogizm xulosasining asoslardan zaruriy keltirib chiqarilishi quyidagi qoidaga asoslanadi: «agar bir buyum ikkinchi buyumda joylashgan boʼlsa, ikkinchi buyum esa uchinchi bir buyumning ichida boʼlsa, unda birinchi buyum ham uchinchi buyumning ichida joylashgan boʼladi» yoki «bir buyum ikkinchi buyumda joylashgan boʼlsa, ikkinchi buyum esa uchinchi bir buyumdan tashqarida boʼlsa, unda birinchi buyum ham uchinchi buyumdan tashqarida joylashgan boʼladi». Bu qoidani quyidagi sxemalar yordamida yaqqol ifodalash mumkin.
Bu qoida sillogizm aksiomasining mohiyatini terminlarning hajmi munosabatlari asosida tushuntirib beradi. Sillogizm aksiomaning mohiyati quyidagicha: buyum va hodisalarning sinfi toʼgʼrisida tasdiqlab yoki inkor etib bayon qilingan fikr shu sinf ichiga kiruvchi barcha buyum va hodisalarning har biri yoki ayrim qismiga ham taalluqli boʼlgan tasdiq yoki inkor fikr hisoblanadi.
Masalan:
Tafakkur shakllari obʼektiv xarakterga ega.
Tushuncha tafakkur shaklidir.
Tushuncha obʼektiv xarakterga ega.
Sillogizm aksiomasini atributiv ifodalaganda predmet bilan uning belgisi oʼrtasidagi munosabatga asoslaniladi: biror buyum, hodisa belgisining belgisi, shu buyum hodisaning belgisidir; buyum, hodisa belgisiga zid boʼlgan narsalar buyum, hodisaning oʼziga ham ziddir.
Sillogizm aksiomalarida fikr shakli va mazmuni oʼzaro uzluksiz, obʼektiv bogʼlangan bir butunning ayrim tomonlarini ifodalaydi. Bu bir tomondan, hamma umumiylikka xususiylik, juzʼiylik va yakkalik xos ekanligini va har bir yakkalik, juzʼiylik, xususiylik umumiylik xislatiga ega boʼlishini ifodalasa, ikkinchi tomondan, buyum va belgining oʼzaro uzviy bogʼlanganligini, yaʼni buyumlar jinsi ayrim oʼziga xos belgiga ega boʼlsa, albatta, bu belgi shu jinsdagi hamma buyumlar uchun ham xos belgi boʼlishini ifodalaydi. Bular esa oʼz navbatida yakkalik va umumiylik oʼrtasidagi, miqdor va sifat oʼrtasidagi dialektik aloqadorlikning tafakkur jarayonida oʼziga xos namoyon boʼlishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |