1. Аrgumetlash (dalillash) va ishonch-eʼtiqodning shakllanishi.
Mantiq ilmida isbotlash va dalillash tushunchalari oʼzaro farqlanadi. Dalillash deb, biror fikr, mulohazani yoki mulohazalar tizimini voqelikka bevosita murojaat qilish yoʼli bilan (kuzatish, tajriba-eksperiment va hokazo asosida) yoki chinligi avvaldan tasdiqlangan boshqa mulohazalar yordamida asoslab berishga aytiladi. Dalillash bevosita yoki vositali boʼladi. Bevosita dalillash hissiy bilishga, yaʼni koʼrish, tajriba-eksperiment orqali amalga oshiriladi. Vositali dalillash esa, chinligi avvaldan tasdiqlangan boshqa mulohazalarga asoslanadi va xulosa chiqarish koʼrinishida namoyon boʼladi. Dalillashning birinchi usuli empirik, ikkinchi usuli nazariy bilimlarga asoslanadi. Nazariy va empirik bilimlarning chegarasi nisbiy boʼlganligi kabi, dalillashning yuqoridagi ikki usulga ajratilishi ham nisbiydir.
Dalillashning xususiy koʼrinishi mantiqiy isbotlashdir. Mantiqiy isbotlash deb, biror fikr, mulohazaning chinligini, chinligi avvaldan tasdiqlangan boshqa mulohazalar orqali asoslashga aytiladi. Isbotlashdan maqsad-biror fikrning chinligini aniqlash boʼlsa, dalillashdan maqsad ham fikrning chinligini aniqlash, uning ahamiyatini va muayyan faoliyat uchun qoʼllash mumkinligini asoslashdir. Isbotlash jarayonida qoʼllaniladigan chin mulohazalar (asoslar) berilgan fikrning chinligini tasdiqlash uchun xizmat qilsa, dalillash, bundan tashqari, dalillanayotgan fikrning boshqa shu kabi fikrlardan afzalroq ekanligini asoslash uchun ham xizmat qiladi. Dalillash uchun keltirilgan argumentlar (asoslar) isbotlash uchun keltirilgan argumentlarga nisbatan rang-barang boʼladi. Dalillash shakllari bilan isbotlash shakllari bir-biriga aynan mos tushmaydi.
Isbotlash xulosa chiqarish koʼrinishida amalga oshadi. Dalillash koʼproq suhbat (dialog) koʼrinishida boʼlib, uning ishtirokchilaridan har biri oʼz fikrining chinligini isbotlashga, raqibining fikrini rad etishga va tinglovchilarning oʼzini ham fikr qilishga, oʼz fikrlariga ishontirishga harakat qiladi.
Dalilillash jarayonida retsipientlarga (lot - qabul qiluvchi) – tinglovchilarga biror fikrning toʼgʼri yoki xatoligi asoslab beriladi va ularda shu fikrga nisbatan ishonch tuygʼusi shakllantiriladi. Dalillovchi shaxsning soʼz sanʼatini qay darajada egallaganligi, yaʼni notiqlik mahorati tinglovchilarda ishonch-eʼtiqodning shakllanishida muhim rol oʼynaydi.
Faktlar va boshqa dalillarga tayanib yuritiladigan fikr yuksak ishontirish kuchiga ega boʼladi, kishilarda ishonch-eʼtiqodni shakllantiradi. Bilishning maqsadi ilmiy asosga ega boʼlgan eʼtiqodni yaratishdan iborat. Dalillash va isbotlash ishonch-eʼtiqodni shakllantirish vositasidir.
Ishonch-eʼtiqod bu kishilarning xulq-atvori va hatti-harakatlarini belgilab beradigan qarashlari va tasavvurlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |