Oddiy hukmlar
Hukmlar tuzilishiga koʼra oddiy va murakkab boʼladi. Oddiy hukm deb tarkibidan yana bir hukmni ajratib boʼlmaydigan mulohazaga aytiladi. Tarkibidan ikki yoki undan ortiq hukmni ajratish mumkin boʼlgan mulohazalarga murakkab hukm deyiladi. Masalan, «Mantiq ilmini oʼrganish toʼgʼri fikrlash madaniyatini shakllantiradi» degan mulohaza oddiy hukmni ifodalaydi. «Mantiq ilmi tafakkur shakllari va qonunlarini oʼrganadi», degan mulohaza murakkab humkmdir. Bu mulohazaning tarkibi ikki qismdan: «Mantiq ilmi tafakkur shakllarini oʼrganadi» va «Mantiq ilmi tafakkur qonunlarini oʼrganadi», degan ikki oddiy hukmdan iborat.
Mulohaza (hukm) tarkibida mantiqiy ega va mantiqiy kesimni ajratib koʼrsatish mumkin. Mantiqiy ega-subʼekt (S) fikr qilinayotgan predmet va hodisani bildiradi. Mantiqiy kesim-predikat (P) predmetga xos xususiyatni, munosabatni bildiradi. Predikatda ifodalangan bilimlar hisobiga subʼekt haqidagi tasavvur boyitiladi. Hukmning subʼekt va predikati uning terminlari deb ataladi.
Hukmning uchinchi zaruriy elementi mantiqiy bogʼlamadir. U subʼekt va predikatni bir-biri bilan bogʼlaydi, natijada hukm hosil boʼladi. Oddiy qatʼiy hukmning formulasi quyidagicha yoziladi: S-P.
Oddiy hukmlar sifati va miqdoriga koʼra turlarga boʼlinadi. Sifatiga koʼra tasdiq va inkor hukmlar farqlanadi. Hukmning sifatini vantiqiy bogʼlama belgilaydi. Tasdiq hukmlarda belgining predmetga xosligi, inkor hukmlarda, aksincha, xos emasligi koʼrsatiladi. Masalan, «А. Oripov Oʼzbekiston Respublikasi Madxiyasining muallifidir»-tasdiq hukm, «Matematika ijtimoiy fan emas»-inkor hukm. Miqdoriga koʼra oddiy hukmlar yakka, umumiy va juzʼiy hukmlarga boʼlinadi. Bunda subʼektda ifodalangan predmetlarning soni, yaʼni uning hajmidan kelib chiqiladi.
Yakka hukmlarda birorta belgining predmetga xosligi yoki xos emasligi haqida fikr bildiriladi. Masalan: «Oʼzbekiston Respublikasi mustaqil davlatdir», «Аxmedov tarixchi emas».
Umumiy hukmlarda birorta belgining yakka predmetlar sinfining hammasiga yoki undagi har bir predmetga taalluqli yoki taalluqli emasligi haqida fikr bayon qilinadi. Masalan: «Har bir inson baxtli boʼlishni hohlaydi», va «Hech bir aqlli odam vaqtini behuda sarflamaydi».
Juzʼiy hukmlarda birorta belgining predmetlar toʼplamining bir qismiga xos yoki xos emasligi haqida fikr bildiriladi. Masalan: «Baʼzi faylasuflar notiqdir». «Koʼpchilik talabalar dangasa emas». Juzʼiy hukmlarda «baʼzi» soʼzi «hech boʼlmasa bittasi, balki hammasi» degan maʼnoda qoʼllaniladi. Shunga koʼra «Baʼzi toshlar tirik mavjudot emas», degan hukm chin boʼladi, chunki hech bir tosh tirik mavjudot emas.
Maʼlum maʼnoda yakka hukmlarni umumiy hukmlar bilan tenglashtirish mumkin. Chunki har ikki hukmda ham toʼplamdagi predmetlarning har biriga nimadir taalluqli yoki taalluqli emas, deb koʼrsatiladi. Yakka hukmlarda esa bu toʼplam birgina predmetdan iborat boʼladi.
Mulohazalarning toʼgʼri yoki notoʼgʼriligini aniqlashda va baʼzi boshqa holatlarda oddiy hukmlarning miqdor va sifati boʼyicha birlashgan klassifikatsiyasi (asosiy turlari) dan foydalaniladi. Ular quyidagilardan iborat:
1. Umumiy tasdiq hukmlar. Ular bir vaqtning oʼzida ham umumiy, ham tasdiq boʼlgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hamma talabalar mantiq ilmini oʼrganadilar». Bu hukmlar lotin alifbosidagi А harfi bilan belgilanadi va «Hamma S-Pdir» formulasi orqali ifodalanadi.
2. Umumiy inkor hukmlar bir vaqtning oʼzida ham umumiy, ham inkor boʼlgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hech bir ishbilarmon rejasiz ish yuritmaydi». Bu hukm»Hech bir S-P emas» formulasi orqali ifodalanadi va lotincha E harfi bilan belgilanadi.
3. Juzʼiy tasdiq hukmlar bir vaqtning oʼzida ham juzʼiy, ham tasdiq boʼlgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Baʼzi talabalar masʼuliyatli». U lotincha I harfi bilan belgilanadi va «Baʼzi S-P dir» formulasi orqali ifodalanadi.
4. Juzʼiy inkor hukm bir vaqtning oʼzida ham juzʼiy, ham inkor boʼlgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Baʼzi talabalar sport bilan shugʼullanmaydilar». Uning formulasi «Baʼzi S-P emas»boʼlib, lotincha O harfi bilan belgilanadi.
Oddiy hukmlarda terminlar hajmi. Oddiy hukmlardagi terminlar (S va P) tushunchalar orqali ifodalanganligi tufayli ularning hajmiga koʼra oʼzaro munosabatlarini aniqlash mumkin. Hukmlarda terminlar (S va P) toʼliq yoki toʼliqsiz hajmda olingan boʼladi. Termin toʼliq hajmda olinganda uning hajmi boshqa terminning hajmiga toʼliq mos boʼladi yoki mutlaqo mos boʼlmaydi (ularning hajmi bir-birini istisno qiladi). Termin toʼliqsiz hajmda olingan boʼlsa, unda uning hajmi boshqasining hajmiga qisman mos keladi yoki undan qisman istisno qilinadi. Oddiy hukmlarda terminlar hajmi quyidagicha boʼladi:
1. А - Umumiy tasdiq hukmlarning subʼekti hamma vaqt toʼliq hajmda olingan boʼladi. Predikati esa baʼzan toʼliq, baʼzan toʼliqsiz hajmda boʼladi. Masalan: «Hamma insonlar tirik mavjudotdir».
Bu hukmning subʼekti – «Inson», predikati – «Tirik mavjudot» tushunchasidir, «Hamma»-umumiylik kvantori. Bu hukmning subʼekti toʼliq hajmda olingan, chunki unda hamma insonlar toʼgʼrisida fikr bildirilgan va bu tushuncha «tirik mavjudot» tushunchasining hajmiga toʼliq kirishadi. Uning predikati toʼliq hajmda olinmagan, chunki unda tirik mavjudotlarning bir qismi-insonlar haqida fikr yuritiladi. Buning doiraviy sxemasi quyidagicha: (1-rasm).
1-rasm 2-rasm
Umumiy tasdiq hukmlarning baʼzilarida S ham, R ham toʼla hajmda boʼlishi mumkin. Masalan, «Hamma musulmonlar Islom diniga eʼtiqod qiladilar» (2-rasm).
2. Ye – Umumiy inkor hukmlarning subʼekti ham, predikati ham toʼliq hajmda olingan boʼladi. Masalan, «Hech bir dindor eʼtiqodsiz emas». Bu hukmda S – dindorlarni, P – eʼtiqodsizlarni ifodalaydi, hech bir – umumiylik kvantoridir. Bunda har ikki terminning hajmi bir-birini istisno qiladi (3-rasm).
3-rasm
3. I – Juzʼiy tasdiq hukmlarning subʼekti hamma vaqt toʼliqsiz hajmda olinadi, predikati esa baʼzan toʼliq, baʼzan toʼliqsiz hajmda boʼladi. Masalan: «Baʼzi talabalar ingliz tilini biladi». hukmning terminlari quyidagicha: S – talabalar, R – ingliz tilini biladiganlar, baʼzi – mavjudlik kvantori. Bu hukmda S ham, R ham toʼliqsiz hajmda olingan boʼlib, har ikki terminning hajmi bir-biriga qisman mos keladi (4-rasm).
4-rasm
Yana bir misolni koʼramiz: «Baʼzi vrachlar xirurgdir». Bu hukmda S – vrachlar, R – xirurglar, baʼzi-mavjudlik kvantoridir. Hukmda subʼekt toʼliq hajmda olinmagan, chunki unda baʼzi vrachlar haqida fikr bildirilgan, predikat esa toʼliq hajmda olingan, chunki xirurglarning hammasi vrachdir. Predikatning hajmi subʼektning hajmiga kirgani uchun u toʼliq hajmda olingan boʼladi (5-rasm).
5-rasm.
4. O – Juzʼiy inkor hukmlarning subʼekti hamma vaqt toʼliqsiz hajmda, predikati esa toʼliq hajmda olinadi. Masalan, «Baʼzi yoshlar hunarmand emas». Bu hukmning terminlari S – yoshlar, R – hunarmand emaslar, baʼzi – mavjudlik kvantori. Hukmning subʼekti toʼliq hajmda olinmagan, unda yoshlarning bir qismi haqida fikr yuritiladi, xolos. Hukmning predikati esa toʼliq hajmda olingan. Unda hunarmandlarning hammasi haqida fikr bildirilgan (6-rasm).
6-rasm
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib aytish mumkinki, umumiy hukmlarning subʼekti hamma vaqt toʼliq hajmda, juzʼiy hukmlarning subʼekti toʼliqsiz hajmda olinadi. Inkor hukmlarning predikati hamma vaqt toʼliq hajmda boʼladi. Tasdiq hukmlarning predikati R S boʼlgandagina toʼliq hajmda boʼladi, boshqa hollarda esa toʼliqsiz hajmda olinadi.
Hukmlarda terminlar hajmini aniqlash qatʼiy sillogizmni toʼgʼri tuzishda va bevosita xulosa chiqarishda muhim ahamiyatga ega.
Oddiy hukmlarda terminlar hajmini quyidagi sxema orqali yaqqol ifodalash mumkin. Bunda «+» – toʼliq hajmni, « » toʼliqsiz hajmni bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |