Hukmlar (mulohazalar) oʼrtasidagi munosabatlar
Mulohazalar (hukmlar) ham tushunchalr kabi taqqoslanadigan (umumiy subʼekt yoki predikatga ega boʼlgan) va taqqoslanmaydigan turlarga boʼlinadi. Taqqoslanadigan mulohazalar sigʼishadigan yoki sigʼishmaydigan boʼladi. Mantiqda ikki mulohaza (r va q) dan birining chinligidan ikkinchisining xatoligi zaruriy kelib chiqadigan boʼlsa, ular oʼzaro sigʼishmaydigan mulohaza (hukm) lar deyiladi. Sigʼishmaydigan mulohaza (hukm) lar bir vaqtda chin boʼla olmaydi. Sigʼishadigan mulohazalar aynan bir fikrni toʼliq yoki qisman ifodalaydi. Sigʼishadigan mulohaza (hukm) lar oʼzaro ekvivalentlik, mantiqiy boʼysunish va qisman mos kelish (subkontrar) munosabatida boʼladi.
Sigʼishmaydigan hukmlar qarama-qarshilik (kontrar) va zidlik (kontradiktorlik) munosabatida boʼladi. Mulohaza (hukm) lar oʼrtasidagi munosabatlarning sxematik ifodasi «mantiqiy kvadrat» deb ataladi. Mantiqiy kvadrat orqali mulohaza (hukm) lar oʼrtasidagi chinlik munosabatlari aniqlanadi.
Masalan, «Har bir jamiyat oʼz axloqiy normalariga ega». Bu А – umumiy tasdiq mulohaza (hukm). Ye, I, O koʼrinishlarda quyidagicha ifodalanadi:
Ye. Hech bir jamiyat oʼz axloqiy normalariga ega emas.
I. Baʼzi jamiyatlar oʼz axloqiy normalariga ega.
O. Baʼzi jamiyatlar oʼz axloqiy normalariga ega emas.
Bu hukmlar taqqoslanadigan mulohaza (hukm) lar boʼlib, ular oʼrtasida chinligiga koʼra oʼziga xos munosabatlar mavjuddir.
Sigʼishmaydigan mulohaza (hukm) lar oʼrtasida qarama-qarshilik (kontrar) va zidlik (kontradiktorlik) munosabatlari boʼladi. Qarama-qarshilik munosabati mazmuniga koʼra turlicha boʼlgan umumiy hukmlar oʼrtasida mavjud boʼlib, bu munosabatga koʼra ularning har ikkisi bir vaqtda chin boʼla olmaydi. Bu hukmlar bir vaqtda xato boʼlishi mumkin; agar ulardan birining chinligi aniq boʼlsa, unda boshqasi albatta xato boʼladi. Yuqoridagi misollardan А– mulohaza (hukm) chin, Ye – mulohaza (hukm) xato ekanligi maʼlum boʼladi.
Zidlik munosabati mazmuni va hajmiga koʼra turlicha boʼlgan mulohaza (hukm) lar oʼrtasida mavjud boʼladi. Bu mulohaza (hukm) larning har ikkisi bir vaqtda chin ham, xato ham boʼlmaydi. Ulardan biri hamma vaqt chin, boshqasi esa xato boʼladi. Yuqoridagi misollardan А – mulohaza (hukm) chin boʼlib, O – mulohaza (hukm) xatodir. Shuningdek, I – mulohaza (hukm) chin, Ye – mulohaza (hukm) xatodir.
Sigʼishadigan mulohaza (hukm) lardan mazmuni bir xil, hajmi turli xil boʼlgan hukmlar oʼzaro boʼysinish munosabatida boʼladi. Bunda umumiy mulohaza (hukm) lar boʼysindiruvchi, juzʼiy mulohaza (hukm) lar boʼysinuvchi boʼladi. Boʼysunish munosabatida umumiy hukmlar chin boʼlsa, ularga boʼysinuvchi juzʼiy hukmlar ham chin boʼladi. Lekin juzʼiy hukmlar chin boʼlganda, umumiy hukmlar noaniq (chin yoki xato) boʼladi. Yuqoridagi misoldan А – mulohaza (hukm) chin boʼlgani uchun unga boʼysinuvchi I – mulohaza (hukm) ham chin boʼladi. Аgar umumiy mulohaza (hukm) lar xato boʼlsa ularga boʼysinuvchi juzʼiy hukmlar noaniq (chin yoki xato) boʼladi. Misolimizda Ye – mulohaza (hukm) xato boʼlgani uchun, O – mulohaza (hukm) ham xato boʼladi. Baʼzi holatlarda umumiy hukmlar xato boʼlsa, juzʼiy hukmlar chin boʼladi.
Qisman moslik (subkontrar) munosabati mazmuni har xil boʼlgan juzʼiy hukmlar oʼrtasida mavjud boʼladi. Bu hukmlar bir vaqtda chin boʼlishi mumkin, lekin har ikkisi bir vaqtda xato boʼlmaydi. Аgar ulardan birining xatoligi aniq boʼlsa, unda boshqasi albatta chin boʼladi. Yuqoridagi misolimizda O – mulohaza (hukm) ning xatoligi aniq boʼlgani uchun, I – mulohaza (hukm) chindir.
Ekvivalentlik munosabatidagi hukmlar hamma vaqt chin boʼladi, chunki ularda aynan bir fikr turli shaklda ifodalanadi. Masalan, «А. Oripov Oʼzbekiston Respublikasi madhiyasining muallifi» va «А. Oripov – Oʼzbekiston Qahramoni» mulohaza (hukm) lari oʼzaro ekvivalentdir, yaʼni ular bir xil subʼektga, lekin har xil predikatga ega boʼlgan mulohaza (hukm) lardir.
Hukmlarning chinligiga koʼra munosabatini ifodalovchi yuqorida koʼrsatilgan qonuniyatlar bilishda katta ahamiyatga ega.
5. Hukmlarning modalligi Аtributiv va munosabat hukmlari, shuningdek ulardan tashkil topgan murakkab hukmlar assertorik (lot. assero – tasdiqlayman) yoki voqelik hukmlari deyiladi. Ularda predikatda koʼrsatilgan belgining subʼektda bor yoki yoʼqligi haqida fikr bildiriladi. Modal hukmlarda esa predikatning subʼektga tegishli yoki tegishli emasligi haqidagi fikr qatʼiy, kuchli (zaruriy) yoki qatʼiy boʼlmagan, kuchsiz (ehtimol) tasdiq yoki inkor shaklida bayon qilinadi. Boshqacha aytganda, modal hukmlarda subʼekt va predikatning oʼzaro munosabati haqida muayyan nuqtai nazardan fikr bildiriladi. Masalan, «Inson abadiy yashamaydi» assertorik hukmi «Inson abadiy yashashi mumkin emas», deb bayon qilinganda modal hukm koʼrinishida ifodalanadi. Bu hukm avvalgisiga nisbatan kuchli «Ukam ingliz tilini oʼrganadi» hukmiga nisbatan «Ukam ingliz tilini oʼrganishi mumkin» hukmi kuchsiz tasdiq hukm hisoblanadi. Bu hukmlardan birinchisi assertorik, ikkinchisi modal hukmdir.
Voqelikni bilish jarayonida inson yangi bilimlarga ega boʼladi. Bu bilimlar abstrakt tafakkur yordamida, mavjud bilimlarga asoslangan holda vujudga keladi. Bunday bilimlarni hosil qilish mantiq ilmida xulosa chiqarish, deb ataladi.
Xulosa chiqarish deb bir va undan ortiq chin mulohazalardan maʼlum qoidalar yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqarishdan iborat boʼlgan tafakkur shakliga aytiladi.
Xulosa chiqarish jarayoni asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga oʼtishdan tashkil topadi. Toʼgʼri xulosa chiqarish uchun, avvalam bor, asoslar chin mulohazalar boʼlishi, oʼzaro mantiqan bogʼlanishi kerak.
Masalan, «Аristotelь-mantiq fanining asoschisi» va «Platon yunon faylasufidir» degan ikki chin mulohazadan xulosa chiqarib boʼlmaydi. Chunki bu mulohazalar oʼrtasida mantiqiy aloqadorlik yoʼq.
Xulosa asoslari va xulosa ham oʼzaro mantiqan bogʼlangan boʼlishi shart. Bunday aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan boʼladi. Bu qoidalar buzilsa, toʼgʼri xulosa chiqmaydi. Masalan «Talaba А – aʼlochi» degan mulohazadan «Talaba А – odobli», deb xulosa chiqarib boʼlmaydi.
Xulosa chiqarish xulosaning chinlik darajasiga koʼra, aniqrogʼi, xulosa chiqarish qoidalarining qatʼiyligiga koʼra hamda xulosa asoslarining soniga va fikrning harakat yoʼnalishiga koʼra bir qancha turlarga boʼlinadi.
Mazkur klassifikatsiyada xulosa chiqarishni fikrning harakat yoʼnalishi boʼyicha turlarga ajratish nisbatan mukammalroq boʼlib, u xulosa chiqarishning boshqa turlari haqida ham maʼlumot berish imkonini yaratadi. Xususan, deduktiv xulosa chiqarish zaruriy xulosa chiqarish, induktiv xulosa chiqarish (toʼliq induktsiyani hisobga olmaganda) va analogiya ehtimoliy xulosa chiqarish, deb olib qaralishi, bevosita xulosa chiqarish esa deduktiv xulosa chiqarishning bir turi sifatida oʼrganilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |