7- MАVZU. Mantik bilish nazariyasining tarkibiy qismi
Reja:
1. Tafakkur mantiq ilmining oʼrganish obʼekti sifatida.
2. Tafakkur shakllari va qonunlari haqida tushuncha.
3. Tushuncha
4. Hukm borliqni aks ettirishning mantiqiy shakli sifatida.
5.Xulosa chiqarishning mohiyati.
6. Аrgumentlash (dalillash) va ishonch-eʼtiqodning shakllanishi.
1 «Mantiq» arabcha soʼz boʼlib, maʼnosi boʼyicha «logika» soʼziga muvofiq keladi. «Logika» atamasi esa, grekcha «logos» soʼzidan kelib chiqqan boʼlib, «fikr», «soʼz», «aql», «qonuniyat» kabi maʼnolarga ega. Uning koʼp maʼnoligi turli xil narsalarni ifoda qilishida oʼz aksini topadi.
Xususan, mantiq soʼzi,
• birinchidan, obʼektiv olam qonuniyatlarini (masalan, «obʼektiv mantiq», «narsalar mantigʼi» kabi iboralarda),
• ikkinchidan, tafakkurning mavjud boʼlish shakllari va taraqqiyotini, shu jumladan, fikrlar oʼrtasidagi aloqadorlikni xarakterlaydigan qonun-qoidalar yigʼindisini (masalan «subʼektiv mantiq» iborasida), va nihoyat,
• uchinchidan, tafakkur shakllari va qonunlarini oʼrganuvchi fanni ifoda etishda ishlatiladi.
Mantiq ilmining oʼrganish obʼektini tafakkur tashkil etadi.
• «Tafakkur» arabcha soʼz boʼlib, oʼzbek tilidagi «fikrlash», «aqliy bilish» soʼzlarining sinonimi sifatida qoʼllaniladi.
Tafakkur bilishning yuqori bosqichidir. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun bilish jarayonida tutgan oʼrni, bilishning boshqa shakllari bilan boʼlgan munosabatini aniqlab olish zarur.
• Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida subʼektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat.
Bilish jarayonining asosini va oxirgi maqsadini amaliyot tashkil etadi.
Barcha hollarda bilish insonning hayotiy faoliyati bilan u yoki bu darajada bogʼliq boʼlgan, uning maʼlum bir ehtiyojini qondirishi mumkin boʼlgan narsalarni tushunib yetishga boʼysundirilgan boʼladi.
Hissiy bilish 3 ta shaklda:
1. sezgi,
2. idrok va
3. tasavvur shaklida amalga oshadi.
Hissiy bilishning barcha shakllariga xos boʼlgan xususiyatlari qatoriga quyidagilar kiradi:
• Birinchidan, hissiy bilish obʼektning (predmetning yoki uning birorta xususiyatining) subʼektga (individga, toʼgʼrirogʼi, uning sezgi organlariga) bevosita taʼsir etishini taqozo etadi. Tasavvur ham bundan istisno emas. Unda obrazi qayta hosil etilayotgan (yoki yaratilayotgan) predmet emas, u bilan bogʼliq boʼlgan boshqa predmet-signal taʼsir etadi.
• Ikkinchidan, hissiy bilish shakllari predmetning tashqi xususiyatlari va munosabatlarini aks ettiradi.
• Uchinchidan, hissiy obraz predmetning yaqqol obrazidan iborat.
• Toʼrtinchidan, hissiy bilish, konkret individlar tomonidan amalga oshirilganligi uchun ham, har bir alohida holda konkret insonning sezish qobiliyati bilan bogʼliq tarzda oʼziga xos xususiyatga ega boʼladi.
• Beshinchidan, hissiy bilish bilishining dastlabki va zaruriy bosqichi hisoblanadi. Usiz bilish mavjud boʼla olmaydi. Chunki inson tashqi olam bilan oʼzining sezgi organlari orqali bogʼlangan. Bilishning keyingi bosqichi, boshqa barcha shakllari sezgilarimiz bergan maʼlumotlarga tayanadi.
Tafakkur quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
• Unda voqelik abstraktlashgan va umumlashgan holda inʼikos qilinadi.
• Hissiy bilishdan farqli oʼlaroq, tafakkur bizga predmetning umumiy, muhim, takrorlanib turuvchi xususiyatlariga va munosabatlariga qaratishimizga imkon beradi.
• Tafakkur borliqni bilvosita aks ettiradi.
• Tafakkur insonning ijodiy faoliyatidan iborat.
• Tafakkur til bilan uzviy aloqada mavjud. Fikr ideal hodisadir.
2. Tafakkur uch xil shaklda:
• tushuncha,
• hukm (mulohaza) va
• xulosa chiqarish shaklida mavjud.
TАFАKKUR ShАKLI fikrning mazmunini tashkil etuvchi elementlarning bogʼlanish usuli, uning strukturasi (tuzilishi) dir.
Fikrlash elementlari deganda, predmetning fikrda ifoda qilingan belgilari haqidagi axborotlar tushuniladi.
Masalan, «davlat» tushunchasida
• oʼzining maydoniga,
• aholisiga,
• boshqaruv vositalariga ega boʼlgan siyosiy tashkilot aks ettiriladi.
«Ilmiy nazariya» tushunchasida esa,
• predmetlarning birorta sohasiga oid boʼlgan va ular haqida yaxlit tasavvur beradigan,
• maʼlum bir metod yordamida qurilgan tushunchalar sistemasi ifoda etilgan.
• Mazmun jihatdan turli xil boʼlgan bu tushunchalar mantiqiy shakliga koʼra bir xildir:
Аgar tushuncha aks ettirayotgan predmetni А bilan, unda fikr qilinayotgan muhim belgilarni, yaʼni fikrlash elementlarini a, v, s,..., n bilan belgilasak, tushunchaning mantiqiy strukturasini А (a, v, s,..., n) shaklida simvolik tarzda ifodalash mumkin.
Hukmlarda predmet bilan uning xossasi, predmetlar oʼrtasidagi munosabatlar, predmetning mavjud boʼlish yoki boʼlmaslik fakti haqidagi fikrlar tasdiq yoki inkor shaklda ifoda etiladi.
Masalan «Temir-metall» degan hukmda predmet (temir) bilan uning xossasi (metall ekanligi) oʼrtasidagi munosabat qayd etilgan.
«Аxloq huquqdan ilgari paydo boʼlgan» degan hukmda ikkita predmet (axloq va huquq) oʼrtasidagi munosabat qayd etilgan.
Mazmun jixatdan turli xil boʼlgan bu hukmlar tuzilishiga koʼra bir xildir: ularda predmet haqidagi tushuncha (S) bilan predmet belgisi haqidagi tushuncha (P) oʼrtasidagi munosabat qayd etilgan, yaʼni R ning Sga xosligi tasdiqlangan. Umumiy xolda hukmning mantiqiy strukturasini (shaklini) S-R formulasi yordamida ifoda etish mumkin.
Xulosa chiqarishda ham yuqoridagiga oʼxshash hollarni kuzatish mumkin. Masalan,
Daraxt - oʼsimlik
Terak – daraxt
Terak – oʼsimlik va
Har bir ximyaviy element oʼz atom ogʼirligiga ega
Mis - ximiyaviy element
Mis oʼz atom ogʼirligiga ega
Tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish tafakkurning universal shakllari, uning asosiy strukturaviy elementlari hisoblanadi.
Muhokama yuritish ana shular va ularning oʼzaro aloqalarga kirishishi natijasida vujudga keladigan boshqa mantiqiy strukturalar (masalan, muammo, gipoteza, nazariya, gʼoya, argumentlash va shu kabilar) da amalga oshadi.
Muhokama yuritishda ishonchli natijalarga erishishning zaruriy shartlari qatoriga fikrning chin boʼlishi va formal jihatdan toʼgʼri qurilishi kiradi.
Chin fikr deb, oʼzi ifoda qilayotgan predmetga muvofiq keluvchi fikr hisoblanadi (Masalan, «Temir-metall»).
Xato fikr predmetga mos kelmaydigan fikrdir (masalan, «Temir-metall emas»). Fikrning chin yoki xato boʼlishi uning mazmuniga tegishli xususiyatlaridir.
Fikrning chin boʼlishi mantiqiy fikr yuritishning zaruriy sharti boʼlsada, oʼz holicha yetarli emas. Fikr muhokama yuritish jarayonida formal jihatdan toʼgʼri qurilgan ham boʼlishi kerak. Bu xususiyat fikrning shakliga taalluqli boʼlib, tafakkurda hosil boʼladigan turli xil mantiqiy strukturalarda, sodir boʼladigan har xil mantiqiy amallarda oʼz aksini topadi.
Fikrni toʼgʼri qurishga tafakkur qonunlari talablariga rioya qilgandagina erishish mumkin.
Tafakkur qonuni muhokama yuritish jarayonida fikrlar (fikrlash elementlari) oʼrtasidagi mavjud zaruriy aloqalardan iborat.
Tafakkur qonunlari mazmunidan kelib chiqadigan, muhokamani toʼgʼri qurish uchun zarur boʼlgan talablar fikrning aniq, izchil, yetarli darajada asoslangan boʼlishidan iborat.
Muhokamani toʼgʼri qurish bilan bogʼliq talablar haqida gapirganda,birinchi navbatda, ularning muayyan printsiplar, qoidalar tarzida, yaʼni toʼgʼri tafakkur printsiplari sifatida amal qilishiga eʼtibor berish zarur.
Mazkur qoidalarning buzilishi muhokamaning notoʼgʼri qurilishiga sabab boʼladi. Bunda, xususan, chin fikrlardan xato xulosa chiqishi (masalan,
«Qonun – rioya qilish zarur boʼlgan huquqiy hujjat»,
«Buyruq qonun emas»,
demak, «Buyruq rioya qilish zarur boʼlgan huquqiy hujjat emas»)
yoki xato qurilgan muhokamadan chin xulosa chiqishi (masalan,
«Barcha moddiy jismlar – kimyoviy elementlar»,
«Temir-moddiy jism», demak,
«Temir-kimyoviy element») mumkin.
3. Tafakkur koʼp qirrali jarayon boʼlib, uni turli xil tomonidan, xususan, mazmuni va shakli (strukturasi) boʼyicha, tayyor holida yoki kelib chiqishi va taraqqiyotida olib oʼrganish mumkin. Bularning barchasi mantiq ilmining vazifasini tashkil etadi, uning turlicha metodlardan foydalanishiga, har xil yoʼnalishlarga ajralishiga sabab boʼladi.
Keng maʼnoda mantiqni tafakkur shakllari va qonunlarini oʼrganuvchi fan, deb atash mumkin.
Hozirgi paytda uning
• formal mantiq,
• dialektik mantiq va
• matematik mantiq kabi yoʼnalishlarini farq qilish mumkin.
1. Formal mantiq tafakkurning strukturasini fikrning konkret mazmuni va taraqqiyotidan chetlashgan holda, nisbatan mustaqil ravishda olib oʼrganadi.
Uning diqqat markazida muhokamani toʼgʼri qurish bilan bogʼliq qoidalar va mantiqiy amallar yotadi.
Formal mantiq toʼgʼri tafakkur shakllari va qonunlarini oʼrganuvchi falsafiy fan, deb taʼrif berish mumkin.
2. Dialektik mantiq, formal mantiqdan farqli oʼlaroq, tafakkurni uning mazmuni va shakli birligida hamda taraqqiyotida olib oʼrganadi.
3. Matematik mantiq esa tafakkurni matematik metodlar yordamida tadqiq etadi.
U hozirgi zamon matematikasining muhim yoʼnalishlaridan biri boʼlib, tafakkurni mantiqiy hisoblash deb ataladigan yuqori darajada abstraktlashgan va formallashgan sistemada tahlil qiladi.
Biz oʼrganadigan fan formal mantiq boʼlib, u hozirgi paytda
• oʼzining maxsus formallashgan tiliga,
• toʼgʼri muxokama yuritish uchun zarur boʼlgan samarali mantiqiy metodlari va usullariga,
• kontseptual vositalariga ega.
Tafakkurni oʼrganuvchi boshqa fanlar, xususan falsafa, psixologiya, fiziologiya bilan hamkorlik qiladi hamda ilmiy bilimlar sistemasida oʼzining munosib oʼrniga ega. Аyniqsa, uning bilish metodi sifatidagi ahamiyati katta.
4. Tafakkur shakllari va qonunlarini oʼrganish, ulardan ongli ravishda foydalanish fikrlash madaniyatini oʼstiradi, xususan, fikrni toʼgʼri qurish malakasini rivojlantiradi;
• bahs yuritishda oʼzining va boshqalarning fikriga tanqidiy munosabatda boʼlishiga,
• suhbatdoshining mulohazalaridagi xatolarni ochib tashlashga yordam beradi.
buyuk mutafakkir Forobiyning mantiq ilmining ahamiyati haqida bildirgan quyidagi fikrlarining alohida eʼtiborga loyiq ekanligini taʼkidlash zarur. U shunday yozadi:
«Bizning maqsadimiz aqlni, xatoga yoʼl qoʼyish mumkin boʼlgan barcha hollarda, toʼgʼri tafakkurga yetaklaydigan, uning yordamida har safar xulosa chiqarayotganda adashishga qarshi extiyot choralarini koʼrsatadigan sanʼatni-mantiq sanʼatni oʼrganishdir. Uning asosiy qonun-qoidalarining aqlga boʼlgan munosabati grammatika sanʼati qoidalarining tilga boʼlgan munosabatiga oʼxshash; xuddi grammatika kishilarning tilini toʼgʼirlash extiyoji sababli yaratilgani, unga xizmat qilishi zarur boʼlgani singari, mantiq ham tafakkur jarayonini yaxshi amalga oshirish maqsadida xatoga yoʼl quyish mumkin boʼlgan barcha hollarda aqlni toʼgʼirlab turadi».
Uning taʼlim sohasidagi vazifalari ham jiddiydir. Oʼquv jarayonining samaradorligi maʼlum bir darajada ishlatiladigan tushunchalarning, terminlarning aniq boʼlishiga, muammolarning mantiqan toʼgʼri qoʼyilishi va hal qilinishiga, mavjud gipotezalar strukturasini toʼgʼri tahlil qila olishga, argumentlash qoidalaridan toʼgʼri foydalanishga bogʼliq.
Fan uchun formal mantiq murakkab muammolarni yechish vositasini beradi. Bunday vositalar, odatda, ilmiy nazariyaning strukturasini oʼrganishda, unda ishlatiladigan formalizmning mohiyatini tushuntirib berishda, formal ziddiyatlar boʼlsa, ularni aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
1. Hukm predmetga maʼlum bir xossaning, munosabatning xosligi yoki xos emasligini ifodalovchi tafakkur shaklidir.
Hukmning asosiy vazifasi predmet bilan uning xususiyati, predmetlar oʼrtasidagi munosabatlarni koʼrsatishdir. Аna shuning uchun ham u doimo tasdiq yoki inkor shakldagi fikrdan iborat boʼladi. Fikr yuritish jarayonida biz predmet va hodisalarning oddiy, tashqi xususiyatlari bilan birga ularning ichki, zaruriy bogʼlanishlarini, munosabatlarini bilib boramiz. Predmet va hodisalarning xususiyatlarini ketma-ket oʼrganib, ular haqida turli abstraktsiyalar hosil qilamiz. Bu abstraktsiyalar hukmlar yordamida ifodalanadi. Bilimlarimiz turlicha boʼlgani uchun, ularni ifodalaydigan hukmlar ham har xil boʼladi. Baʼzi hukmlarda aniq, tekshirilgan bilimlar ifodalansa, boshqalarida xususiyatning predmetga xosligi taxmin qilinadi, yaʼni noaniq bilimlar ifodalanadi.
Hukmlar nisbatan tugal fikrdir. Unda konkret predmet bilan uning konkret belgisi haqida bilim ifoda qilingan boʼldi.
Hukmlar voqelikka mos kelish darajasiga koʼra chin, xato va noaniq (ehtimol, taxminiy) boʼladi. Obьektiv voqelikka mos kelgan, uni toʼgʼri ifodalagan hukmlar chin, mos kelmaganlari xato boʼladi. Аyni vaqtda chinligini ham, xatoligini ham aniqlab boʼlmaydigan hukmlar – noaniq hukmlar mavjuddir.
Hukmlar tilda gaplar orqali ifodalanadi. Hukm mantiqiy kategoriya boʼlsa, gap grammatik kategoriyadir. Hukmlar asosan darak gap orqali ifodalanadi. Faqat darak gaplardagina fikr tasdiq yoki inkor holda boʼladi.
Masalan, «Vaqt orqaga qaytmaydi», «Hayot-bu harakat» kabi gaplar hukmni ifoda qiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |