III bob bo‘yicha xulosa:
Turkiston milliy jadid teatri namoyondalari va ularning o‘lka madaniy hamda ma'naviy hayotida tutgan o‘rni masalasi hozirgi kunga qadar o‘zining asl bahosini olmagan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilmiy-adabiy merosi keyinchalik o‘zbek milliy dramasining taraqqiyotiga tamal toshi bo‘lib xizmat qildi.
G‘ulom Zafariy – milliy jadid teatri asoschilaridan biri sifatida juda ko‘p asarlar yozib, uni teatr sahnalariga olib chiqishi natijasida mahalliy aholining ma'naviy saviyasi ko‘tarila boshlandi.
Abdulla Avloniyning jadid milliy teatri rivojiga qo‘shgan hissasi Turkistonda “Turon” truppasining ochilishi va uning keyingir -yil lardagi faoliyati bilan izohlanadi.
XULOSA
O‘zbek halqi mustaqillikka tinch yo‘l bilan erishgan bo‘lsa-da, istiqlol uchun olib borilgan kurashlarning ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Mustaqillik sharofati bilangina bu kurashlar tarixini xolisona o‘rganishga imkoniyat yaratildi va milliy tariximiz, ma'naviy boyliklarimizni sinfiy, partiyaviy to‘siqlar bilan xalqdan ajratib qo‘yishdek illatga barham berildi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, keyingi yillarda jadidchilik harakatini o‘rganishda bir qancha ishlar amalga oshirildi. Turkiston jadidchilik harakati tarixini hududlar bo‘yicha maxsus o‘rganilishi masalasi bugungi kunimiz uchun g‘oyat muhimdir.
Xalqimizning mustaqillikka erishish uchun olib borgan uzoq va mashaqqatli kurashlari tarixida namanganlik taraqqiyparvarlarning ham alohida o‘z o‘rinlari bor.
Ma'lumki, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida vujudga kelgan jadidchilik harakati qisqa davrda shakllanib, o‘zining rivojlanish bosqichiga ko‘tarilishga erishib, 1917-yildagi bolsheviklar to‘ntarishidan keyin ham sotsialistik diktatura o‘rnatulguna qadar o‘z mavqyei va yo‘nalishini saqlab qoldi. Jadidchilik Turkiston xalqlari ijtimoiy va madaniy hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan edi.
Jadidchilik harakatining rivojlanishi natijasida Turkistonda maorif, matbuot va teatr san'ati vujudga keldi va o‘zining rivojlanish evolyusiyasini boshdan kechirdi. Bu g‘oyalarning asosida milliy uyg‘onish, milliy mustaqillik va milliy g‘oyalarning tadrijiy yakuni bo‘lgan ozodlik kurashlari yotar edi.
Jadidchilikning mohiyatini Millat va Vatanni anglashdan ular manfaati uchun kurashishgacha bo‘lgan qizg‘in va hayajonli jarayon tashkil qiladi. Ayni paytda, mazkur harakat millatni ham tarbiyalab bergan edi. Xususan, jadidlar millatning yashamog‘i, taraqqiy etishi uchun, birinchi navbatda, ozod, mustaqil bo‘lmog‘i lozimligini anglab yetdilar va keng xalq ommasini uyg‘otishga alohida e'tibor qaratdilar.
Jadidlarning madaniy-ma'rifiy faoliyatlarida teatr san'atining alohida o‘rni mavjud. Chunki, teatr jadidlar nazdida, avvalo, “ulug‘lar maktabi”, “ibratxona” bo‘lib, xuddi maktab va matbuot kabi ma'rifat, ilm olmoq g‘oyasini targ‘ib etishi
ko‘zda tutilgan edi. Ikkinchidan esa, ma'rifiy va ko‘ngilochar tomoshalar orqali mablag‘ topib, maorif, matbuot ehtiyojlariga sarflamoq ko‘zlangan edi. Turkistonga tatar, ozarbayjon, rus sayyor teatr jamoalarining kirib kelishi yevropacha o‘zbek milliy teatr san'atining tug‘ilishiga turtki berdi.
Turkistonning XX asr boshlari matbuotida yevropacha teatr san'atining milliy negizini barpo qilishga bo‘lgan intilishlar bu san'at turi bizda 1913 -yil rasman shakllanmasidan biroz ilgariroq boshlanganiga oid dalillar uchraydi. O‘zbek yangi teatri tarixini maxsus o‘rgangan B. O. Pestovskiy “Inqilob” jurnalining bir necha sonlarida e'lon qilingan katta maqolasida Qorako‘l shahriga yaqin bir qishloqda 1909-yilda “O‘zbek teatri o‘ynaldi”, degan xabar borligini qayd etgan edi.
Milliy teatr g‘oyasi XX asrning boshlariga kelib butun Turkiston shaharlaridagi ziyoli yoshlarning fikr-yodini qamrab oldi. Millatning najotini ma'rifatda ko‘rgan jadid taraqqiyparvarlari o‘z qarashlarining keng miqyos kasb etishida, xalq o‘rtasida ommalashib, ularning “basirat ko‘zlari” ochilishida teatrning benazir ahamiyatini tobora chuqurroq his etmoqda edilar. Ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasining Samarqand va Toshkentda favqulodda muvaffaqiyat qozonishi turli shaharlardagi yoshlarni g‘ayrat “ot”iga mindirdi, o‘z teatr truppalari, o‘z milliy p’yesalari haqidagi orzu-o‘ylarni qalblariga jo qildi. Qolaversa, spektakl namoyishlaridan tushadigan mablag‘ joylarda moddiy yetishmovchilikdan qiynalib va yopilib qolayotgan “usuli jadid” maktablarini kerakli o‘quv qurollari bilan ta'minlash uchun ham yo‘naltirilar edi.
Agar xronologik tartibda oladigan bo‘lsak, Toshkent, Samarqand, Qo‘qondan so‘ng Kattaqo‘rg‘on, Buxoro, Andijon va Namangan shaharlarida teatr truppalari tashkil topib, teatrchilik harakatining keyingi taraqqiyotiga zamin hozirlab borildi.
Jadidlar teatr san'atini axloqiy madaniyatning shakllantirishdagi roliga bergan ahamiyati ham ibratlidir. “Turon” nomli dramatik jamiyat tashkil etiladi. Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Xamzaning “Zaharli xayot”, kabi dramalari paydo bo‘ladi. Jadidizm madaniyatining uchinchi bosqichi 1917-yil oktyabr to‘ntarishdan boshlab 30- -yillargacha davom etdi deyish mumkin. Bu davrda ahvol yanada murakkablashadi. Jadidlar yangi maktablar erkinligi, professional teatrlar ochish
uchun kurash olib boradilar. Ularning diqqat eptiborida milliy istiqlol uchun kurash g‘oyasi yotar edi. Afsuski jamiyat hayotining barcha sohalarini siyosatlashtirish, sub'ektivizmga xaddan tashqari berilish natijasida jadidlarga panturkizm, panislomizm va millatchilik tamg‘asi yopishtiriladi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat singari millat gullari millatparvarligi uchun qatag‘on qilindi
Shunday qilib, ko‘hna Turkistonda yangicha teatr san'ati maydonga keldi, milliy dramaturgiya janri shakllandi. Bu jarayonda Mahmudxo‘ja Behbudiy, G‘ulom Zafariy, Abdurauf Fitrat, Furqat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon kabi jadid namoyondalari muhim rol o‘ynadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |