2.Mavzu: Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo’yiladigan Davlat talablarini o’rganish.
Reja.
1.Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo’yilgan davlat talablari.
2.”Ilk qadam” dasturining ahamiyati, sohalari.
3. Turli yosh guruhlarda tasviriy faoliyat turlarining dastur mazmuni.
4.Markazlarda tasviriy faoliyatni tashkil etish.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonini tashkil etishda turli faoliyatlardan (noan’anaviy, zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan, mujassam), o’yinlardan (ta’limiy, voqeaband, sahnalashtirilgan va h.k) foydalaniladi. faoliyatlar o’z navbatida bolaga tushunarli va qiziqarli bo’lishi uchun o’yin tarzida tuzilishi maqsadga muvofiqdir. Bu narsani amalga oshirish, ayniqsa ilk, kichik, o’rta yosh guruhlarida alohida ahamiyatga egadir.
Bolalarga beriladigan bilim, ko’nikma va malakalar ma’lum tizim asosida (soddadan murakkabga), pedagogikaning izchillik tamoyiliga (biri ikkinchisining davomi sifatida va to’ldirib) mos holda berilganda, ijobiy natijalarga erishish, shuningdek, ta’lim turlari o’rtasida uzviylikni ta’minlash mumkin.
Faoliyatlar guruhning hamma bolalari bilan bir vaqtda olib boriladi. Bir xil yoshdagi bolalar tarbiyalanadigan guruhlarda faoliyatlar dasturning mazmuni hamma bolalar uchun bir xil bo’ladi. Agar bir guruhda turli yoshdagi bolalar bo’lsa, ularni ikki-uch kichik-kichik guruhlarga bo’lib, har bir kichkina guruh uchun alohida faoliyat mazmuni belgilanadi. Biroq, bunday hollarda ham hamma bolalar bilan bir xil mashg’ulot o’tkaziladi. Kun tartibida har bir faoliyat uchun ma’lum vaqt ajratilgan. Faoliyatning mazmuni qilingan talabni ma’lum yoshdagi bolalar belgilangan vaqt ichida bajara oladigan qilib belgilanadi.
Faoliyatga yaxshi tayyorlanish uni muvaffaqiyatli o’tkazish shartlaridan biridir. Tayyorgarlikni turli tomondan ko’rib chiqish mumkin.
Avvalo, bolalarning, ularga tavsiya qilinadigan ishni bajarish uchun tayyor ekanliklariga ishonch hosil qilish kerak. Bu ishonch bolalarning o’yin, sayr qilish vaqtida va boshqa mashg’ulotlarda o’zlari rasmini soladigan, loydan yasaydigan, qog’ozdan qiyiladigan buyumlar haqida zarur bo’lgan tasavvur va bilim hosil qilganliklarini bilish demakdir. Tarbiyachi faoliyat rejasini tuzayotganida bolalarning ana shunday tayyor yoki tayyor emasligini, ma’lum buyumning rasmini sola bilish, qog’ozdan qiyib yopishtira olish, loydan yasay olish malakalarini bor yo’qligini e’tiborga olishi kerak. Bolalarga biror narsani ko’rsatish faoliyat boshlanishi oldidan bevosita ular bilan suhbat o’tkazish kerak bo’ladi.
Faoliyatni muvaffaqiyatli o’tkazish uchun materiallarni tayyorlash, qalamlar va bo’yoqlarning rangini tanlash katta ahamiyatga ega. Agar tarbiyachi ranglarni puxta tanlasa, buyumni tasvirlash uchun uning barcha muhim tomonlarini nazarga olsa, bolalar ishi sifatining oshishiga ancha yordam beradi. Yaxshi tanlangan bo’yoqlar bolalar ishining chiroyli chiqishiga, ularda badiiy didni tarbiyalashga yordam beradi. Tarbiyachi rasm chizishva qirqib-yopishtirish uchun belgilangan qog’ozlarga bolaning ismi va mashg’ulot sanasini avvalroq yozib qo’yadi. Bolalar stollar atrofiga o’tirgan vaqtda ba’zi bolalar yorug’likka qarama-qarshi o’tiradilar yoki yorug’lik o’ng tomondan bo’lib, qo’lning soyasi qog’ozga tushib turadigan bo’lib qoladi. Shu sababli tarbiyachiga nisbatan hammasi oldi bilan o’tiradigan juft stollarni faoliyat uchun eng qulay deb hisoblanadi.
O’rta va yuqori guruhlarda tayyorgarlik ishlariga navbatchilar jalb qilinadi. Quyi guruhlarda esa hohlagan bolalar tarbiyachiga yordam beradi. Faoliyatga tayyorgarlik ishlarida bolalarning qatnashuvi katta ahamiyatga egadir: shu yo’l bilan ularda mashg’ulotga qiziqish tug’diriladi, kattalarning mehnatga yordam berish ko’nikmasi hosil bo’ladi.
Faoliyat uchun hamma ishlar tayyor bo’lgach, bolalarni faoliyatga chaqirish lozim. Bolalar o’yinchoqlarini, kitoblarini yig’ishtirib qo’yadilar va o’z o’rinlariga o’tiradilar. Tarbiyachining bolalarga bo’lgan murojaati qiziqtiradigan, hayajonli va shu bilan birga jiddiy, ishga doir bo’lishi zarur. Bolalarni to ishni boshlashga ruhsat berilmaguncha, stol ustidagi tayyorlab qo’yilgan narsalarning birortasini ham olmaslikka va qo’l uzatmaslikka odatlantirish kerak.
Bolalarni tarbiyachidan biror narsa so’ramoqchi bo’lganlarida, qo’l ko’tarib ruhsat so’rashga odatlantrish kerak.
Bolalar butun faoliyat davomida o’z o’rinlarida o’tirishi, har yerga sakrab o’tmasligi, xona bo’ylab u yoq – bu yoqqa yurmasliklari kerak. Tarbiyachi mashg’ulot tugashi oldidan bolalarning ishni qanday tugatayotganliklarini ko’rib chiqadi.
Faoliyat tugagach tarbiyachi barcha bolalarga unga qarab o’tirishni taklif qiladi va mashg’ulotga baho beradi yoki bolalar ishtiroki bilan muhokama qiladi. O’rta va yuqori guruhlarda rasm va qirqib – yopishtirish ishlarini yig’ib olish navbatchiga topshirilishi lozim. Loydan yasalgan buyumlar qotguncha stollar ustida qoldirish yoki belgilangan joyga har bir bolaning o’zi olib borishi mumkin. Faoliyatdan so’ng har bir bola o’z o’rnini tartibga soladi, loy bo’laklarini teradi, qog’oz qiyqimlarini chiqarib tanlash uchun biror idishga soladi, mo’yqalamni yuvib, qutichaga soladi. Navbatchilar barcha zarur jihozlarni yig’ishtirib olib, javon yoki tokchalarga joy-joyiga tahlab qo’yadilar.
Shunday qilib, tasviriy faoliyat faoliyatlari uch qismdan iborat:
I–qism. Bolalarni faoliyatga jalb qilish, joy-joyiga o’tkazish.
II - qism. Bolalarning ishni bajarishi, tarbiyachining ayrim bolalarga ko’rsatma berishi, butun guruhni kuzatib borishi, ba’zan bolalarga qo’shimcha ravishda kichikroq ko’rsatmalar berishi, faoliyatni tugatish kerakligini eslatish.
III – qism. Baholash, ishlarni yig’ib olish, ularni ko’rib chiqish, tahlil qilish, stollar ustini yig’ishtirishdir.
Savol va topshiriqlar:
1.Davlat talablarini yo’nalishlarini aytib bering.
2. Ijodiy rivojlanish bo’limi haqida nimalar bilasiz?
3.MTT o’quv dasturi haqida aytib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |