34.Mavzu: Maktabgacha ta’lim tashkilotlari o’rta guruhlarda qurish-yasash
Reja:
1. O’rta guruhda bolalarni qurish-yasashga o’rgatishning dastur mazmuni.
2.Bolalarni qog’ozdan qurish-yasashga o’rgatish.
3. O’rta guruh uchun qurish-yasash mashg’ulot loyihasi tuzish.
O’rta guruh uchun qurish- yasash mashg’uloti.
Mashg’ulotning mavzusi: Qog’ozdan al’bom tayyorlash.
Mashg’ulotning maqsadi:
ta’limiy ahamiyati: Bolalarni qog’ozning o’rtasidan teng ikkiga buklashga o’rgatish, uning uchlari va tomonlarini tenglash, buklash usullarini to’g’ri bajarish malakasini hosil qilish, ularda foydali narsalar yasashga bo’lgan qiziqishlarini uyg’otish.
Tarbiyaviy ahamiyati: Bolalarning mashg’ulotga bo’lgan qiziqishlarini oshirish, rangli qog’oz va yelim bilan ishlashda batartiblikka, tejamkorlikka o’rgatish, tarbiyachining so’zlarini diqqat bilan tinglashga, o’rtoqlariga halal bermaslikka, o’z bajargan ishini so’zlab berishga odatlantirish.
Kerakli jihozlar:
Tarbiyachining namunasi, turli xil qo’lda yasalgan al’bomlar, barcha bolalarga yetadigan miqdorda oq va rangli qog’ozlar, yelim, mo’yqalam, mato.
Mashg’ulotning borishi:
Mashg’ulotning boshida tarbiyachi bolalarga qog’ozlar bilan ishlash va undan nimalar yasash mumkinligi haqida tushuncha beradi va qogozdan yasalgan o’yinchoqlarni ko’rsatadi.
Shu payt eshik taqillab, qo’g’irchoq Lolaxon guruh xonasiga hafa holda kirib keladi.
Tarbiyachi: Lolaxon, nima uchun hafa ko’rinasiz?
Lolaxon: Meni Quyoncha tug’ilgan kuniga taklif qilgan edi. Unga nima sovg’a qilishni bilmayapman.Sabzi olib qo’ygan edim, uni oyim ovqatga ishlatib yuboribdilar.Menga yordam beringlar.
Tarbiyachi: Lolaxon, siz hafa bo’lmang.Biz sizga yordam beramiz.
Bolalar qog’irchoqqa yordam beramiz, a?
Bolalar: Ha, yordam beramiz.
Tarbiyachi: Lolaxon, bugun biz qurish-yasash mashg’uloti-mizda al’bom yasashni o’rganamiz.Siz dam olib o’tirib turing. Bolalar al’bom yasashadi.Siz o’zingizga yoqqan, chiroyli, al’bomni Quyonchaga sovg’a qilasiz.
Tarbiyachi al’bomni tayyorlashni ko’rsatib beradi. Buning uchun uchta cho’zinchoq oq qog’oz va xuddi shu o’lchamdagi bir dona rangli qog’oz kerak bo’ladi.Ular o’rtasidan keng tomoniga qarata teng ikkiga buklanadi. Uchta oq qog’oz bir-birining orasiga joylanib, ustidan rangli qog’oz qoplanadi. Bunda rangli qog’oz muqova vazifasini bajaradi. Endi, muqova sirtini bezashga o’tiladi. Buning uchun tarbiyachi doira, kvadrat, uchburchak va shu kabi geometrik shakllardan barcha bolalarga yetadigan miqdorda rangli qog’ozlardan qirqib tayyorlab qo’yadi. Kichkintoylar al’bom varoqlarini buklab, tayyorlab bo’lganlaridan so’ng mazkur geometrik shakllardan foydalangan holda o’z hohishlariga ko’ra muqovani bezashni taklif etadi. Bolalar mustaqil ish bajarayotganlarida tarbiyachi ularning ishlarini kuzatib turadi va kerakli ko’rsatmalarni beradi.
Mashg’ulotning yakuni:
Tarbiyachi bolalarning ishlarini yig’ib oladi.
Tarbiyachi: Bolalar bugun biz ko’p al’bom tayyorladik, qarang qanday chiroyli. Lolaxon siz o’zingizga yoqqan al’bomni oling va Quyonchaga sovg’a qilib uni bizning nomimizdan tabriklab qo’ying, Bolalar biz kelgusi mashg’ulotimizda, bo’sh vaqtlarimizda al’bomdan foydalanamiz, rasmlar chizamiz, qirqib- yopishtiramiz, deb mashg’ulotni yakunlaydi.
Savol va topshiriqlar:
1.Amaliyot jarayonida o’rta guruhda qurish-yasash faoliyatini qurilish konstruktsiyalash markazida kuzatish.
2.O’rta guruh uchun dastur asosida qurish- yasash faoliyati loyihasi yozish.
3.Dastur mavzulari asosida qog’ozdan qurish-yasash namunalari yasash.
Do'stlaringiz bilan baham: |