Madaniyatshunoslik va falsafa. Falsafa madaniyatni o‘rganganda, umuman, madaniy-tarixiy jarayonning mazmuni, muammoning dunyoqarash sohasi, ijtimoiy taraqqiyotda uning tutgan o‘rnini ochishga asosiy e’tiborni qaratadi. Falsafada inson o‘zining madaniy mohiyati bilan namoyon bo‘ladi, falsafa uchun madaniyat inson faoliyati mahsuli va natijasidir. Falsafa voqelikning qaysi bir sohasiga murojaat etmasin, unda hamma vaqt insoniy ma’no va mazmunni ko‘radi, uni madaniyat sohasiga olib kiradi. Falsafa hatto tabiatga murojaat etganda ham uni kimyoviy, biologik yoki fizikaviy emas, balki insoniylik mazmuni, muayyan madaniy qadriyat ekanligi jihatidan olib tekshiradi. Shuning uchun madaniyat falsafiy jihatdan o‘zida insoniy kuch va munosabatlarni gavdalantiradigan predmetli voqelik tarzida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |