Madaniyatshunoslik va sotsiologiya. Sotsiologiya madaniyatni ijtimoiy borliqning bir bo‘lagi tarzida olib o‘rganadi, jamiyatda madaniyat obyektlarini yaratish, o‘zlashtirish, taqsimlash, ularni boshqalarga yetkazishning konkret shakllari hamda usullari; madaniy hayotning barqaror hamda o‘zgaruvchan jarayonlari, ularning mohiyati va tabiatini belgilaydigan mexanizmlar hamda omillar; konkret ijtimoiy birlik yoki tizimning madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ular tomonidan madaniyatni o‘zlashtirganlik darajasi kabi muammolarni tadqiq etadi.
Sotsiologiyada madaniyat taraqqiyotining umumijtimoiy qonuniyatlari, jamiyat rivojlanishining muayyan bosqichida turli tabaqalar va sotsial guruhlar madaniy holatining o‘ziga xosligi qarab chiqiladi. Bunda, tabiiyki, quyidagilarga e’tibor beriladi: yaratilgan va foydalanadigan predmetlar, g‘oyalar, tasavvurlar, ustuvor qadriyatlar; jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadigan ijtimoiy-madaniy me’yorlar; shu tartibdagi munosabatlarni tashkil etish, yashash qoidalari, usullari va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |