II-bob. Yahyo G’ulomovning qadimgi Xorazm va
Mohandaryodagi ekspeditsiyalari 2.1. Yahyo G’ulomovning qadimgi Xorazmdagi ekspeditsiyasi
Ma’lumki, o’lkamizda arxeologiya fani chorizm istilosidan so’ng, mustamlakachilarning o’lkani tadqiq qilib, topilgan osori atiqalarni Peterburg va Moskvaga tashib keta boshlaganlaridan so’ng shakllana boshlagandi. Yahyo G’ulomovgacha bo’lgan davrda toshkentlik savdogar Akram Asqarov, samarqandlik Abu Said Maxzum, 1929-yilda Qashqadaryoda, keyin esa Yettisuvda arxeologik tadqiqotlar o’tkazgan Turdi Mirg’iyosovlar faoliyat olib borishgandi.
Ular orasida Turdi Mirg’iyosov chin ma’nodagi vatanparvar arxeolog edi. Ayniqsa u Yettisuvda faoliyat olib borarkan, To’qmoq tumani chekkalarida qadimgi shaharga tegishli obidalar borligini, ammo ular rahbarlarning e’tiborsizligi, mahalliy aholining loqaydligi natijasida vayrona holga kelayotganidan kuyunib tegishli idoralarga uch marotaba telegramma yuborishga majbur bo’lgandi.
Turdi Mirg’iyosov kuyunchaklik bilan “Biz Verniyga uchta xabar yubordik.Ammo hech qanday javob olomadik.
Oradan yana uch yil o’tsa, bu minoradan hech narsa qolmaydi. Qisqacha qilib aytganda, turkistonlik arxeologlar bu yerdagi yodgorliklarni o’z panohiga olishmasa fan va tarix uchun qimmatli manbalarning hammmasi yo’q bo’ladi va avlodlarning qarg’ishiga uchraymiz”.
Bundan ko’rinadiki, mustamlakachilar tarixiy obidalarga emas, qimmatbaho topilmalarga e’tibor qaratishgandi. Yahyo G’ulomov arxeologiyada ma’lum bir tajriba, ko’nikma orttirgach, ana shunday jonkuyar Turdi Mirg’iyosov hamda kasbdoshi Rashid Nabievlar bilan 1936-yilda Xorazmda o’zining mustaqil tadqiqotlarini boshlab yubordi12. 1937-yildan boshlab, ular safiga arxeolog A.I.Terenojkin hamda arxitektor B.Zasipkinlar qo’shildi. O’sha vaqtda Toshkentdan chiqgan poezd to’g’ri Xorazmga bormas, negaki 1947-yilgacha vohaga temir yo’l yotqizilmagandi. Shunday vaziyatda bir guruh arxeologik ekspeditsiyaning Turkmanistonning Chorjo’y shahridagi bekatga borishi, u yerdan yo Amudaryodagi kemalar orqali, yoki Buxoro qumliklaridan ot, tuya, eshaklarda olis Xorazmga borishining o’zi ming mashaqqat edi. Ana shunday holatda Yahyo G’ulomov va safdoshlari 1936-yildan 1947-yilgacha yilda ikki marotaba olis vohaga tashrif buyurishardi. Shuningdek, qum barxanlari Xorazmdagi obidalarni o’z bag’riga olganicha qadim sir asrorlarni mahkam bekitib olgan, ish g’oyat qiyin edi.Bu haqda Yahyo G’ulomov o’z kundaligiga o’sha mashaqqatli onlarni shunday bitgandi: «barxanli qumliklar bilan qoplangan taqirlardan iborat bu zimziyo ko’hna o’lkada na mashina va na ot arava yura olar edi. Guruhimizning asosiy transport vositalari ustiga xurjinlarida oziq-ovqat, ko’rpa-to’shak, palatka, plajet, teadolit hamda qozon tovoq va qumg’on ortilgan 5-6 eshaklardan iborat edi».
Ana shunday mashaqqatlarga qaramay, arxeologik guruh, Guldursun, Norinjonqa’lada tadqiqotlarini boshlab yubordi. Qum issig’i arxeologlarni charchatsada topilayotgan qadim osori atiqalar yanada ularni ixlos bilan tarixni o’rganishga undardi. Ba’zida esa qum barxanlari orasida halokatli voqealar ham ro’y berib turardi. Xususan, 1937-yil yozida Yahyo G’ulomov qadimgi kanal izlarini xaritaga tushirish maqsadida, yolg’iz o’zi Norinjonqa’ladan chiqib, uchrayotgan arxeologik materiallarga qiziqqanicha, guruh joylashgan yerdan 10-12 km uzoqqa borib qoladi. Qolaversa, yo’lda uchragan noyob topilmalar bilan arxeolog yelkasidagi sumka tobora og’irlashib borar, yo’l uchun na non, na suv olingandi. Buning ustiga jazirama issiqdan, arxeolog charchagani, chanqaganidan ortga qaytarkan, adashib Teshikqa’la tomon borib qoladi.
Kuni bilan u qumlikdagi jaziramada yurganidan, suvsiraganicha og’zi qurib, tili tanglayiga yopishib qolgan, oyog’ida umuman madoriyam qolmagandi. U zo’rg’a o’tovga yetib bordiyu, ostonaga yetgach yiqilib hushidan ketdi.Boshqa bir gal esa qayiqda daryo bo’ylab suzisharkan, daryoda to’lqin ko’tarilib, suvga cho’kishiga oz qolgandi.O’shanda yaratgan egam omon-eson ularni qirg’oqqa sog’ chiqargach, Yahyo G’ulomov kech bo’lib qolganiga qaramay, yolg’iz o’zi yana to’qayzorni kesib o’tgan yakka oyoq yo’ldan arxeologlar joylashgan guruh tomon yo’l oladi. Shunda u bir halokatdan zo’rg’a qutulib, yana bir falokatga yo’liqdi: to’satdan uning oldidan bo’rilar galasi chiqib qoldi.Bo’rilar arxeologdan qirq qadam naridagi qamishzorda qandaydir hayvonni g’ajishardi.
Yahyo G’ulomovni sezib, bo’rilarning avval quloqlari dikkaydi-yu, so’ngra tumshuqlarini yuqori ko’tarib, birdaniga 5-6 ta bo’ri arxeologning yo’lini kesib o’tib, ikki tomonda xuddi karvondek tizilib turishdi.Shunda Yahyo G’ulomov qo’rqish alomatini sezdirmay, qadamini bir xil bosib, yo’l-yo’lakay bir qo’li bilan qamish popiltiriqlaridan yulib, ikkinchi qo’li bilan cho’ntagidagi gugurtni olib, ularni yoqqanicha ma’shala qilib oldi.Bo’rilar galasi o’ljasini yeb to’yganidanmi yo qamish ma’shalasidan qo’rqqanidanmi, xudo bu safar ham arxeologni qutqarib, eson-omon Teshikqa’ladagi kasbdoshlari oldiga yetkazdi13. Ha, Yahyo G’ulomov hayotida shunday sermashaqqat, qiyin kunlar ko’p bo’lgan.Ammo undagi ilmga fidoyilik, tarixga ixlosning qa’tiyligi bois, Yahyo G’ulomov arxeologiyada ko’plab qadim qa’lalarning sirini ochib, katta o’zgarish qildi.Ayniqsa Vyatkindek teran tarixchidan so’ng, Sergey Tolstov bilan Xorazmda ko’p yillar hamkorlik qilishi uning ilmu fanda yuksak natijalarga erishishiga sababchi bo’ldi.Aynan Yahyo G’ulomovning 1936-yilda Quyi Amudaryoning har ikkala sohilidagi qa’lalarda boshlab yuborgan tadqiqotlari, undagi topilayotgan fanga noma’lum sirlarning kashf etila boshlashi, Sergey Tolstov ekspeditsiyasining tashkil topishiga sabab bo’ldi deyish mumkin. Natijada 1937-yildan S.Tolstov o’z hamkasblari bilan Xorazm zaminida arxeologik tadqiqotlarini boshlab yubordi. Har ikkala arxeolog va ularning hamkasblarining ilmiy ishlari bois fanda Xorazm sivilizatsiyasi degan atama paydo bo’ldi.Yahyo G’ulomov esa Xiva shahridagi me’moriy obidalarni ilmiy tadqiq qilib, “Xiva va undagi me’moriy yodgorliklar” mavzusida 1941-yilda nomzodlik ishini himoya qildi. O’sha yili fan sohasida, xususan arxeologiyada istiqbolli izlanishlar olib borayotgan Yahyo G’ulomovni Qori-Niyoziy boshchiligidagi yana bir ilmiy ekspeditsiyaga a’zo qilib kiritishdi.Ya’ni, T.N.Qori-Niyoziy, M.M.Gerasimov, L.V.Oshanin, A.A.Semyonov, V.N.Kononov, B.N.Zasipkin H.T.Zaripov, S.Ayniy, M.Sheverdin, Mixnovskiy, Turkevich, Zizenkov, Krintsitskaya, Sprishevskiy, Al`baum, Tatevosyan, Zavalin, N.A.Kim, Usta Akrom va Usta Shirin Murodov, Malik Qayumov kabi turli soha vakillaridan tashkil topgan ekspeditsiya safida Yahyo G’ulomov ham 15-24-iyunda Samarqandda bo’ladi. Biroq Yahyo G’ulomovning asosiy tadqiqotlari, fundamental ilmiy ishlari Xorazm bilan bog’liq edi. Shu bois u urushdan ilgarigi arxeologik tadqiqot ishlarini qo’lyozma asarlardagi voqeliklar jarayoni bilan taqqoslab chiqishga intildi.
Ma’lumki, 1941-yilda boshlangan urush sabab O’zbekistonga ko’plab keksalar, bolalar, zavod-fabrikalar, 31 ta oliy o’quv yurti, 7 ta harbiy akademiya bilan birga ijod va ilm ahli ham evakuatsiya qilib ko’chirilgandi. Ijodkorlar orasida A.Axmatova, N.Virta, S.Gorodetskiy, A.Deych, K.Zelenskiy, YA.Kolas, B.Lavrenov, V.Lugovskoy, N.Pogodin, I.Sel`vinskiy, A.Tolstoy, V.Yan kabi ko’plab o’sha davrning mashhur yozuvchi, shoir, dramaturglari bor edi. O’zbek ijodkorlari bilan boshlangan hamkorlik va do’stlik natijasida Oybek va A.Deych “Alisher Navoiy” ocherkini, Hodi Zarif, V.Jirmunskiy bilan hamkorlikda “O’zbek qahramonlik eposi”ni, Uyg’un A.Tolstoy ko’magida “Ona” p`esasini yaratishdi.
Bunday hamkorlik olimlar orasidayam davom qildi. Xususan, Yahyo G’ulomov Rossiyalik B.Grekov, V.Struve, K.Trever, A.Yakubovskiy, S.P., M.E.Voronets, V.A.Shishkin, shuningdek o’zimizning yurtdoshlardan T.N.Qori-Niyoziy, E.SH.Rajabov, V.I.Zohidov kabi olimlar bilan birgalikda «O’zbekiston xalqlari tarixi» asarining ikki tomligini yaratishga kirishdi. Mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan ushbu asar fundamental tadqiqot bo’lib,1-tomning bosh muharriri S.Tolstov, maxsus muharrir esa Yag’yo G’ulomov qilib belgilangandi.Bu orada urush tugab yuqoridagi olimlar o’z yurtlariga jo’nab ketishadi. Natijada endigina mashinkaladan chiqgan, ammo tahrir qilish lozim bo’lgan asarni Moskva, Leningrad shaharlariga olib borib mualliflarga o’qitish, tahrir qildirish, ilmiy muhokama qildirish ishlari ishlari Yahyo G’ulomov zimmasiga tushadi.
Garchi yuqoridagi asar o’sha davr mafkurasi va talabi asosida yozilgan bo’lsada, keyingi davrda yaratilgan O’zbekiston xalqlari tarixiga poydevor vazifasini o’tadi.Bu orada Yahyo aka Moskvadagi sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining Moddiy madaniyat (arxeologiya) instituti doktoranturasiga kiradi. Shu tariqa ham o’zining ilmiy ishini davom etdirishga, hamda ikki tomlik asarni shaharlar oralab qatnab nashr etdirshga ulguradi. Xullas, ikki tomlik tarix urush davri qiyinchiliklariga qaramay, ilmu fan bilan shug’ullanishga harakat qilgan olimlarning fidoyiligi edi. Urushdan so’ng Yahyo G’ulomov, ko’p yillar davomida Quyi Amudaryo bo’ylarida olib borgan ilmiy tadqiqot ishlarini umumlashtirgan holda, 1950-yili Moskvada doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.
Ana shu ilmiy ishi asosida 1957-yilda ruscha, 1959-yilda bo’lsa o’zbekcha «Xorazmning sug’orilish tarixi» monografiyasi yuzaga keldi. Ushbu fundamental, ilmiy akademik asar Yahyo G’ulomovning tarixshunoslikda g’oyat teran tadqiqotchi ekanligini ko’rsatdi.Chunonchi, sun’iy sug’orishga asoslangan quyi Amudaryo xalqlari hayotida obi hayotning tutgan o’rni, asrlar mobaynida u bilan bog’liq bo’lib o’tgan voqea hodisalar monografiyada haqqoniy yoritilgani sabab, asar keng shuhrat qozondi. Dunyoga mashhur Ermitaj muzeyi direktori , akademik B.B.Piotrovskiy ta’kidlaganidek, “Yahyo G’ulomovning O’rta Osiyo xo’jalik hayotining asosi hisoblangan sug’orish sohasidagi tadqiqotlari haqiqatan ham buyukdir”.
Yahyo G’ulomov ushbu asarni yozish jarayonida Xorazmda o’zi va S.Tolstov o’tkazgan arxeologik ekspeditsiya natijalariga tayanibgina qolmasdan, ilgarigi davrda sug’orilish tarixiga, suv xo’jaligi tizimiga doir yaratilgan asarlarniyam qunt bilan o’rgandi14. Aynan xonlikning bosh mirobi bo’lib ishlagan Munis, Ogahiylar, xonlar sulolasiga mansub Bayoniy, “Turkistonning sug’orilish tarixi” va o’lka tarixiga oid yana yuzlab asarlar yozgan V.V.Bartol`d, Xorazmda bo’lib bebaho manbalar to’plagan Kaul`bars, Kun singari olimlar asarlariga e’tibor berdi.
Bundan tashqari, “Xorazmning sug’orilish tarixi” mavzusidagi doktorlik ishi va monografiyasini yozish jarayonida arab, fors tilidagi qo’lyozma asarlar, rus tilidagi kitoblardan 267 tasini o’qib o’rgandi, o’z asarida ana shu manbalardan iqtibos keltirib o’tdi. Ulardagi voqeliklar jarayonini bir-biriga taqqoslab chiqdi, shulardan kelib chiqib mavzuga yondoshgan holda sohaga doir betakror asar yaratdi. Bunday asarlar orasida Yahyo akaning e’tiborini tortgani, bevosita vohada bo’lib, ko’rgan-kechirganlari, ilmiy tadqiqot ishlarini monografiyalarga muhrlagan Morgunenkov va Sinzerlinglarning faoliyatlari bo’ldi. Ma’lumki, F.P. Morgunenkov (1880-1939) uzoq yillar davomida o’lkadagi irrigatsiya, melioratsiya, gidrotexnika sohasidagi murakkab muammolarning ilmiy–amaliy yechimini topish uchun tinimsiz harakat qilgan.
Olim O’rta Osiyo Davlat universiteti talabalariga saboq berish bilan bir qatorda O’zbekiston Suv xo’jaligi Bosh boshqarmasi va “Davlatsuvloyiha” institutida ham samarali faoliyat ko’rsatgan. Tarixdan ma’lumki, Chor Rossiyasi O’rta Osiyoni istilo qilgandan keyin o’lkadagi suv muammolarini hal qilish va yangi yerlarni o’zlashtirish, daryo transportini yo’lga qo’yish kabi muammolarni buyuk knyaz` N.K.Romanov, baron A.V.Kaul`bars, polkovnik A.I.Gluxovskoy, akademik V.V.Bartol`d, tadqiqotchilar V.A.Obruchev, N.G.Petrusevich kabi mutaxassisslar ham o’rganganlar.
Xususan, 1893-yilda A.I.Gluxovskoy o’zining «Amudaryo suvlarini eski o’zani orqali Kaspiy dengiziga oqizish hamda Amu–Kaspiy–Volga daryosi va Mariin kanallari tizimi orqali Afg’oniston chegarasidan Peterburg va Boltiq dengiziga suv yo’li ochish» nomli kitobida Petr 1ning 1716-yildagi «Hindistongacha suv yo’lini izlab topish” haqidagi topshirig’ini bajarsa bo’ladi, deb yozgandi. Biroq ulardan farqli o’laroq F.P.Morgunenkov suv tizimida bir qator ixtirolar ham yaratgandi. Uning Turkistondagi ilk faoliyati 1910-yildan ko’zga tashlanadi. Shu yili u V.Aleksandrov va A.Yesaev kabi tadqiqotchilar qatori suvni balandlikka ko’tarib berish imkoniyatiga ega so’rg’ich (nasos) loyihasi uchun guvohnoma olgandi. 1915-yilda injener qish va toshqinlar vaqtidagi Amudaryoning ortiqcha suvlari bilan Janubiy-sharqiy Kaspiydagi bo’z yerlarni o’zlashtirish g’oyasini ilgari surdi o’z asarida ( “Predpolojeniya ob oroshenii yugo-vostochnogo poberej`ya Kaspiyskogo morya zimnimi i izbitochnimi pavodkovimi vodami Amu-dar`i” / “ Zapiski Russkogo Texnicheskogo obshestva”, 1915. № 6-7. Unda Taxiatosh qisnog’idan olingan kanal Sariqamish ko’li yaqinidan o’tib, Eski O’zboyning 500 km. irmog’iga ulanishi va daryo suvlarini Balxondagi Nebit dog’ etaklarigacha oqizish taklif etilgandi. Yosh injener o’ta og’ir va serxarajat loyihani asoslash niyatida yangi yerlar “Kaliforniya va Misriga aylanadi”, deb yozgandi.
1915-yilda F.P.Morgunenkov Mirzacho’ldagi Romanov kanalini kengaytirshsh bilan 175 ming desyatina yangi yerlarni o’zlashtirish mumkinligini isbotladi. Shu bilan bir qatorda u kanaldan suvni qo’tarib berish imkoniyatiga ega bo’lgan o’zining propellerli nasoslarini o’rnata boshladi. Muhandisning Turkistondagi samarali faoliyatini Rossiya Yer ishlari mahkamasi xodimi A.A.Tatishev yuqori baholagandi. 1918-yilda Turkistonda paxtachilikni rivojlantirish maqsadida 50 mln so’m mablag’ ajratish to’g’risida hukumat qarori qabul qilinadi. Uning aksariyat qismi rus dehqonlari joylashtirilgan Mirzacho’lni o’zlashtirishga yo’naltirilishini hisobga olgan F.P.Morgunenkov “Nikol`skiy” posyolkasi yaqinida dastlabki zemlesosni o’rnatdi.
Uning rus fotografi Prokudin–Gorskiy tomonidan olingan surati amerikalik arxeolog Xantingtonning “Turkiston al`bomi”dan o’rin olgandi15. Markazdan Mirzacho’lni o’zlashtirish imkoniyatlarini o’rganishga safarbar etilgan injenerlar G.K.Rizenkampf, I.G.Aleksandrov, V.F.Bulaevskiy, V.D.Ifrin, N.D.Proxorov, B.K.Ladigin, tuproqshunos I.A.Dimo, agronomlar R.R.Shreder, G.S.Zaytsevlar bilan birga kelgan P.F.Morgunenkov sug’orish muammolarini chuqur o’rganishga harakat qildi. Hususan u R.R.Shreder bilan birga yerlarni sug’orish asosida paxtaning yangi navlarini ekish va yaxshi hosil yetishtirish imkoniyatlarini asosladi. Keyinchalik “Davlat suvloyiha” institutida ishlayotgan vaqtida P.F.Morgunenkov Chirchiq, Angren, Keles daryolarida gidrotexnik inshootlar qurish loyihasini tuzdi. Iqtidorli injenerning takliflari Bo’zsuv gidroelektrostantsiyasi qurilishi jarayonida e’tiborga olindi.
1926-yilda F.P.Morgunenkov rahbarligida G.P.Sazonov, M.N.Yermolaev, B.X.Shlegel` tomonidan Amudaryoning Qoraqum orqali o’tgan eski o’zanida quriladigan yirik kanal loyihasi tayyorlandi (Morgunenkov F.P., Sevast`yanov I.A. Irrigatsionnie perspektivi Turkmenii.—M.,1925).
Unda Bo’sag’a qishlog’i yaqinidan olingan va soqasida suvni boshqarish inshooti qurilmagan 2 ta 4 km. uzunlikdagi kanallar orqali daryo suvlari qurib qolgan Kalif O’zboyiga yo’naltirilishi ko’zlangandi. Oradan bir oz vaqt o’tib, 100 km. uzunlikdagi kanal yaqinida o’t-o’lanlar paydo bo’ldi va cho’lda ekilgan paxtadan yaxshi hosil olindi. Kelgusida o’zani 400 kmga yetkazilgan kanal orqali Murg’ob, Tajan va Atrek vohalari yerlari sug’orila boshlandi. Ammo mazkur yirik loyiha amalga oshirilgan vaqtda uning asosiy ijodkori dunyodan o’tgandi.
1927-yilda F.P.Morgunenkov injener V.V.Poslavskiy bilan hamkorlikda Janubiy Xorazm sug’orish tizimini qayta qurish imkoniyatini o’rgandi va bir qator foydali takliflar berdi.
Ular orasida Amudaryoning Ustyurt va Qoraqum chegarasida bo’lgan, ammo qurib qolgan O’zboy nomli o’zani orqali ortiqcha suvlarini Kaspiy dengizi tomonga oqizish haqidagi yangi g’oyalar ham bor edi. 1927- yilda Morgunenkov, Sinzerling kabi mutaxassislarning taklifi bilan sobiq ittifoq suv xo’jaligi komissariyati tassarufida Quyi Amudaryo del`tasidagi sug’orish kanallari boshqarmasi ? Upradik tashkil etildi va uning xodimlari Xorazm vohasining sug’orish tizimlarini qayta o’rganishni ham boshladilar.
1929-yil 31-iyulda F.P.Morgunenkovga yirik sug’orish kanallarini cho’kmalardan tozalashga moslashtirilgan yangi zemlesos (tuproq so’rg’ich) moslamasini ixtiro qilganligi to’g’risida patent (guvohnoma) berildi. Moslama maxsus yasalgan kemaning old va orqa qismiga o’rnatilgan aylanma tirgakdagi troslar yordamida ko’tarib-tushiriladigan trubalar orqali so’riladigan tuproq aralash suvni qirg’oqqa chiqarib tashlardi. Dunyodagi, shu jumladan Xorazm vohasidagi suv xo’jaligi va ob-havoning o’zgarishi muammolarini ilmiy va amaliy jihatdan o’rganishda V.V.Sinzerlingning xizmatlari beqiyos darajada katta bo’lgan.
Mashhur sayohatchi va taniqli gidrolog olim Vladimir Vladimirovich Sinzerling 1884-yil 31-avgustda Sankt–Peterburg shahrida tavallud topdi. U yoshligida yelkanli kemada dunyodagi barcha okeanlarda suzdi. Keyinchalik ishchi, texnik, injener sifatida bir qator suv inshootlari, shu jumladan juda murakkab deb hisoblangan Amerikadagi Kolorado daryosidagi qurilishlarda qatnashdi.
1913-yildan V.V.Sinzerling Amudaryo del`tasida gidrologik tadqiqotlar olib bordi va Bosh Turkman kanalining dastlabki loyihasini tayyorlash guruhiga rahbarlik qildi. Kanal qurilishi oradan 40 yil o’tib boshlangan bo’lsa-da, uning ilk chizmalari e’tiborga molik deb tan olingandi. 1918-yilda yangi hukumat V.V.Sinzerlingni Davlat inshootlarining tashkiliy byurosiga kiritdi va u irrigatsiya, melioratsiya va o’rmonlarni tiklash loyihalarini tuzishda faol qatnashish imkoniyatiga ega bo’ldi.
1924-yil bahorida Quyi Amudaryo havzasida vujudga kelgan suv muammolarini yechishga yordam berish maqsadida O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (SredazEKOSO) tomonidan Xorazm vohasiga taklif qilingan V.V.Sinzerling mavjud sharoit bilan yaqindan tanishdi va daryo suvlarini so’l qirg’oq tomon yo’naltirish yuzasidan zarur amaliy maslahatlar berdi. Keyinchalik u tahlil qilgan ma’lumotlarini “Amudaryo del`tasida sug’orish va paxtachilik istiqbollari” nomli maqolasida aks ettirdi. (Sinzerling V.V. “Perspektivi orosheniya i xlopkovodstva v del`te Amu-Dar`i ”, J.: “Xlopkovoe delo”. — M, 1924). Shuningdek u Moskvaga qaytggach, Amudaryo havzasida o’rgangan ma’lumotlarini to’ldirib, “Amudaryoda sug’orish” nomli monografiyasini nashr qildirdi ( M, 1927, 808 s)16. Unda Xorazm vohasidagi yerlar sathi yiliga o’rtacha 1 mm, shu bilan bir qatorda daryodan chiqqan qum-sovg’a loy aralashtirilib to’kiladigan mineral va mahalliy o’g’itlar sababli 7 mm. ko’tarilishi qayd qilingan. V.V.Sinzerlingning kitobi-suv xo’jaligi muammolari bilan shug’ullayotgan olimlar qatoridan mustahkam o’rin egallashiga zamin yaratdi. Yahyo G’ulomov aynan suv xo’jaligi tizimi va sug’orilish tarixi mavzusini tadqiq qilarkan, talabalik davrida “Pravda Vostoka” gazetasida yoritilgan, o’sha davrda katta shov-shuvga sabab bo’lgan sud jarayoni tafsilotlari bilan ham tanishadi. Ma’lumki, o’sha yillari aynan suv xo’jaligi tizimida katta kamchilik va nuqsonlar ro’y bergan, davlatning millionlab mablag’lari o’zlashtirib yuborilgandi. 1928-yilning bahorida, Toshkentda bo’lib o’tgan O’rta Osiyo suv xodimlarining sud jarayoni katta shov-shuvlarga sabab bo’lganicha bor edi.
Negaki ushbu sudda shu davrdagi O’rta Osiyo suv inshooatlarining qurilishidagi katta kamchilik, nuqsonlar, salbiy jihatlar fosh qilingan edi. Sudda davlat ayblovchisi , prokuror Kondurushkin O’rta Osiyo “mirob”larining ishida “bosqinchilik, zararkundachilik va sabotaj”ning barcha qonuniy belgilari bor ekanligini isbotlagan edi.Buning ustiga, Moskvadagi Davlat reja qo’mitasi suv sektsiyasi rahbarlari Novatstsi, Kenig, Seydler va Rizenkampflarning O’rta Osiyo Suv boshqarmasi boshliqlari Rikunov, Proxorov va Mor bilan birga to’la rejalashtirilgan va texnikaviy hamkorlikda rivojlangan faoliyatlari haqida gapirar ekan, Kondurushkin shunday dahshatli so’zlarni tilga oladi: “ Sudda, biz tashkiliy qarshilikka, ustamonlar to’dasining fitnasiga duch kelib turibmiz”. Ushbu suddagi tergov materiallari salkam 50 tomni tashkil etgan, ayblov fikri esa mayda bosmada yozilgan 162 sahifada bayon qilingan edi.Ish Toshkentda bo’lib o’tgan Moskvadagi Oliy Sudning sayyor yig’ilishida besh hafta mobaynida ko’rib chiqilgandi.Suddagi qora kursida yuqorida nomi tilga olingan-Rikunov, Proxorov va Mordan tashqari, ularning o’rinbosarlari-Riskin, Shugaevskiy va Sharov, shunindek,O’rta Osiyo suv xo’jaligi Boshqarmasining ma’sul lavozimlarini egallagan 17 nafar sudlanuvchi (jami-23 kishi) o’tirib, javob berishgandi.
Sudda ayblangan kishilarning ism-shariflaridan ko’rinib turibdiki, o’lkadagi yer, suv sharoitini bilmay, bu tizimga rahbarlik qilgan mustamlakachilar endigina qad ko’tarayotgan sho’ro davlatining, xalqning millionlab mablag’larini o’zlashtirib yuborishgandi. Talabalik davrida Yahyo G’ulomov sud materiallari bosilgan “Pravda vostoka” gazetasini o’qib, faqat afsus va nadomat chekardi xolos. Chunki, mahalliy miroblar, yetuk olimlar fikriga e’tibor berilmay qilingan loyihalar natijasida Janubiy Xorazm suv tizimida ham ko’plab xato, nuqsonlarga yo’l qo’yilgandi. Sud materiallariga ko’ra, “ko’zda tutilgan smetadagi pul faqat 6 million rubl edi.1924-yilda ishga kirishildi. 2.519.900 rubl sarf qilingandan keyingina, asosiy inshooatlar noqulay o’rinda qurilganligini, ularni 25 kilometr nariga surish kerakligini “payqab qolishdi”.Bu ishlarni to’xtatib, yangi loyiha bo’yicha ishga kirishdilar. Yangi loyiha esa 1927-yilning sentyabrida ham, ya’ni quruvchilar tergovda javob bera boshlagan paytda ham tayyor bo’lmagan edi.Yangi loyiha 61 million so’mlik smetaga asoslangan edi.Janubiy Xorazm fojiasi shu bilan ham yakunlanib qolmadi.Quruvchilar ustidan sud bo’layotgan kunlarda Sormovodan “zemlesos”lar kelishi kutilayotgan edi.Sormovoga 1.200 ming so’mlik, 2 “zemlesos” buyurtma berilgan bo’lib, “O’rtaOsiysuvxo’jaligi” o’z ishlarini rivojlantirish uchun daryo flotiliyasini ochishni mo’ljallagan edi.
-Janubiy Xorazmda esa birorta zovur ham qazilgani yo’q,-deb ta’kidlanadi sud hisobotida. Sud hukmiga ko’ra, Rikunov va Mor huquqlardan mahrum qilinmagan holda 6 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. Proxorov-3 yilga.Eng qattiq jazo esa ikkinchi darajali shaxs bo’lgan muhandis Siromyatnikovga tegishli: u huquqlardan mahrum qilingan holda 6 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.Sud Moskvadagi Davlat Reja Qo’mitasi Suv sektsiyasidan Rizenkampf va boshqalarni sud javobgarligiga jalb qilish haqida qaror chiqardi (ammo ularning birortasi ham javobgarlikka tortilmadi), 23 nafar ayblanuvchining 3 nafari esa oqlandi. Ha, suv xo’jaligi tizimida ana shunday achinarli, fojiali holatlar ham bo’lgan edi. Bu voqealarni talabalik davrida gazetadan o’qigan Yahyo aka kuyunib qo’ygan bo’lsa, keyinchalik o’zi suv tizimi bilan shug’ullanarkan, bevosita sudda ko’rilgan vohada bo’larkan, fojialar ko’lami naqadar katta bo’lganini his etdi. Yahyo G’ulomov shu tariqa suv xo’jaligi tizimidagi yutug’u kamchiliklarni o’rganib, soha xodimlarining tajribalarini, o’zining ekspeditsiyada to’plagan ma’lumotlarini boshqa manbalarga taqqoslagan holda “Xorazmning sug’orilish tarixi” monografiyasini yaratdiki, ushbu asar mavzuga har tomonlama keng yondoshilganligi bilan e’tiborli, umri boqiy asardir17.
Monografiya arxeolog-tarixchining Quyi Amudaryo bo’ylaridagi odam oyog’i yetib bormagan, ammo bir paytlari gullab yashnagan qa’lalarda olib borgan tadqiqotlari natijasida yozilgandi.Goh piyoda, gohida otu eshakda yurganicha, daryo va anhorlar yoqalab yurib, shu sohaning tajribali mutaxassislari bilan maslahatlashib ko’plab ma’lumotlar to’plagan, qa’lalarda tekshirishlar olib borgandi.
Ana shu izlanishlari uning ushbu asarida o’z aksini opgan.Garchi mavzu sug’orilish tarixi bo’lsada, suv bu hayot ekan, daryo bo’yida barpo etilgan qa’lalar, ulardagi turmush tarzi, umuman olganda Amudaryo, uning quyi qismidagi hayotning, odamzotning ilk izlaridan tortib to 1950-yilgacha bo’lgan tarix sadolari monografiyada yoritilgan.
Asar 1957-yilda rus tilida, 1959-yilda esa o’zbek tilida nashr qilingan. Ma’lumki, Yahyo G’ulomov yashab ilmiy faoliyat olib borgan davr, sho’ro davrining mafkuraviy bosimlari ko’p bo’lganidan, muallif asarida chorizm mustamlakachiligi, sho’rolarning kollektivlashtirish, quloqlashtirish davridagi sug’orish tizimidagi holatni, qatag’on qurboni bo’lgan O’rta Osiyolik Yevropada o’qigan birinchi irrigator Muhammad Aminadinov faoliyatini yoritaolmagan. Albatta, teran tafakkurli akademik o’sha mash’um yillarda hayot qanday kechganligini yaxshi anglar, biroq bosma nashrda, xususan yoqlangan dissertatsiyasi va kitobida bu to’g’rida ochiq yozaolmas, yozgan taqdirdayam nashr etdirolmas edi18. Biroq shunday bo’lsada, ushbu monografiya orqali nafaqat Quyi Amudaryo bo’ylaridagi eng qadimdan to 20 asrning 50 yillarigacha bo’lgan sug’orish tizimini, balki hayot jarayonini ham bilish, tarix sadolarini anglash, saboqlaridan xulosa chiqarish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |