1.2. Y.G’.G’ulomovning ilmiy faoliyati
Yahyo G’ulomov ilmiy faoliyati davomida, o’zining o’rganganlari, ilmiy kuzatishlari, tarixiy manbalarni tadqiq qilish natijalari , bilganlarini keng omma e’tiboriga havola qilish niyatida “O’zbekistonda moddiy madaniyat asarlarini saqlash va o’rganish yo’lida” ( Toshkent, O’zkomstaris nashri, 1934, № 29 bet, rasmli), “Keksa san’atning qari ustasi” ( “Guliston” jurnali 1935, № 2 ), “O’tmish izlari” (arxeologik tekshirishlar).- “Guliston”, 1937, № 4, ), “Minoraning tiklanishi”, ( “Sots, Fan va turmush” 1939, № 11 ), “Tarixiy yodnomalar” ( “Sots, Fan va turmush”, 1939, № 12) “Qadimgi Poykand” (“ Guliston” 1939, № 11 ), “Qadimgi zamon ishlarini o’rganish” , (“ Sots. fan va turmush” 1939, № 1 ), “Qizilqum ichida qadimgi madaniyat izlari” (“Sots. Fan va turmush “, 1939, № 7-8 ), “Qizilqum ichida” ( “Guliston”, 1939, № 6, ( “Noviy istochnik po istorii zavoevaniya Turkestana russkim sarizmom” , Izv. Uzb. filiala AN , 1941), “Pamyatniki goroda Xivi”( Tashkent. Uz FAN, 1941g) , «Alisher Navoiyning davrini o’rganish haqida» ( «Ulug’ o’zbek shoiri» kitobida, Tashkent, 1948, 3-24 betlar), “XV asrda O’rta Osiyo shaharlarida binolar ansamblining traditsiyasi haqida”6. –( T, 1948 ) , “Chupan – Ata» ( Trudtsi In-ta istorii i arxeologii AN Uzbekistana, T.1.Tashkent. 1948, s. 22-34), “ Beruniy Amudaryo oqimining tarixiy gidrografiyasi haqida” ( «Beruniy – o’ta asrning buyuk olimi “ to’plamida), Toshkent, 1950-yil , 70-76 betlar) , ” O’zbekistonda arxeologiya” Toshkent, «O’zbekiston » nashriyoti, 1956-yil, 43 b, “Nukus shahri” ( “Fan va turmush” jurnali”, 1957 yil № 5, “Qadimgi sak qavmlari”, (“Fan va turmush”, 1957-yil , № 4 ), “Xonbandi “ ( “Fan va turmush” jurnali, 1958 yil, № 4,), “Tarixshunoslikda etnografiya vazifalari” (“O’zbekiston Madaniyati” gazetasi, 1959-yil 10 iyun`), “Qadimgi madaniyatimiz izlaridan”. “O’zfan akadnashr, 1960-yil), ( “Fan va turmush” kutubxonasi), “Jizzax tarixiga oid” ( “Qizil O’zbekiston” gazetasi, 1963-yil 3-yanvar), “ Axsiket obidalari izidan “ ( “ Fan va turmush” jurnali , 1964-yil №8 ), “ Mashhur kishilar qabri izidan” ( “ Fan va turmush” jurnali 1966-yil № 11), “Paxtachilik qachon boshlangan?” ( “Fan va turmush” jurnali, 1966-yil № 1), “Ko’hna tarix izlari” (“ Sovet O’zbekistoni” gazetasi, 1967-yil 29-oktyabr), “Tarix tilga kirganda” ( “O’zbekiston madaniyati” gazetasi, 1967-yil 25-fevral), “V. L. Vyatkin haqida xotiralar” (“O’zbekistonda ijtimoiy fanlar “ jurnali , 1969-yil № 11,) “Arxeologiya nima?” , “ Saodat” jurnali, 1972-yil № 4, ) “Qiz qal’asi” ( “ Fan va turmush”, 1972-yil № 10) kabi ko’plab maqola va risolalar chop etdirdi. “O’zbekiston xalqlari tarixi”, “Samarqand tarixi” asarlariga hammualliflik qildi.
Ushbu asarlarning nomiyoq tarixga qiziquvchi o’quvchilarda qiziqish uyg’otadi. Shulardan kelib chiqib bugungi istiqlol davri farzandlari va kelajak avlod uchun yuqoridagi maqolalarni to’plab, ruscha asarlarini tarjima qilib Yahyo G’ulomovning saylanma asarlarini nashr etmoq lozim. Akademik Yahyo G’ulomov nafaqat tarixchi olim, arxeologik ekspeditsiyalar natijasida to’plangan osori atiqalarni avaylab saqlashga intildi, balki moziyni yanada chuqur tahlil eta oladigan tadqiqotchilarni yetishtirish uchun jon kuydirib,Rossiya shaharlaridagi ilm maskanlariga iqtidorli talabalar, aspirantlarni yo’llab turdi7. 1956-59-yillarda O’ZFA tarix va arxeologiya institutiga direktorlik qilgan paytida esa, tarixga oid qo’llanma, monografiyalar yozish uchun tadqiqotchilarga yetarlicha shart sharoitlar yaratib berish bilan birga, tarixchi aspirantlar uchun qo’shimcha joy olishgayam muvaffaq bo’ldi.
Ayni paytda esa u o’z davrining fidoyi kishisi ham edi. Kunlarning birida Yahyo G’ulomov «Vecherniy Toshkent» gazetasida poytaxtimiz ko’chalaridan birining ozoda, shinamligi haqidagi maqolani o’qib qoladi.Yolg’on va maqtovdan iborat bu maqolani o’qigach, akademikning fig’oni falakka chiqadi.Chunki, tarixchi ushbu ko’chadan har kun o’tar, bu yer ozoda va shinam emas, axlat uyumlariga to’la vayrona edi.Nohaqlikka chiday olmaydigan Yahyo aka haqiqiy vaziyat to’g’risidagi maqolasini yozib tahririyatga topshiradi. Muharririyat esa uni bosishga botinaolmay, maqolani» tanishib chiqish» uchun shahar firqa qo’mitasiga yetkazishadi. U yerdagilar bo’lsa olimni hashamdor xonalariga chaqirib, akademikga do’q po’pisa qilib deyishadiki, «Ha, Toshkent sizga yoqmay qoldimi? Yoqmasa, to’rt tomoningiz qibla ketavering» Bunday haqoratlarga esa akademik g’urur bilan, «Men Toshkentda tug’ilganman, kindik qonim shu yerda to’kilgan va men shu yerda yashayman! Senga o’xshaganlar kelib ketaveradi» deb amaldorning xonasidan chiqib ketadi. Shundan so’ng, shahar firqa qo’mitasidagilar O’ZFAga arxeologning tanobini tortib qo’yish kerakligi haqida topshiriq berishadi.
Tabiiyki, davr dovullariga qarshi chiqish yomon bo’lishini akademik yaxshi bilar, ammo nohaqliklarga chiday olmasdi.Xususan, tarixiy obidalarga e’tiborsizlik, paxta maydonlarini kengaytirish bahonasida, noyob obidalarga shikast yetib, yo’q qilib yuborilayotganidan kuyunib, respublika rahbarlariga murojaat qiladi. Laganbardor, o’zini firqa faoli sanovchilar esa, rahbar nomiga yo’llangan xat bilan tanishgach, katta idorada yig’in chaqirishib, Yahyo G’ulomovga obdon nasihat qilishib, bu ishingiz o’zingizga yomon bo’ladi deya gap uqtirishadi8. Shunda faollardan biri, akademikni kechirim so’ratdirish niyatida,» Yahyo G’ulomovich, balki bu xatni siz yozmagandirsiz, tobingiz yo’qligida shogirdlaringiz yozgandir, rahbarlardan shuni aytib uzr so’rasangiz bo’lardi» deya tilyog’malik qilgan. Bunga javoban Yahyo aka, » Yo’q! Bu xatni soppa sog’ vaqtimda, o’zim, o’z qo’lim bilan yozganman.Bu noyob obidalar bizning tariximiz.Ularni saqlab qololmasak, kelajak avlod bizni aslo kechirmaydi» deb dadil gapirgan ekan. Yahyo G’ulomovning Xorazmlik shogirdi Abdulla Sotliqov ustozining hayotidagi yana bir ibratli voqeani shunday esga olgandilar: “Domla yurtimizdagi tarixiy yodgorliklarning jonkuyari edi. Qadimgi qal’alar, qo’rg’onlar, masjidu madrasalar va boshqa me’moriy yodgorliklarni kelgusi avlodga asrab-avaylab saqlab qolish haqida ko’p qayg’urardi. “Ular uzoq tariximiz va boy madaniyatimizning jonli guvohi”, deb uqtirardi. Har gal uchrashganimda Xorazmning Xiva, Hazorasp, Vayangan, Qalojiq qal’alari, ularning ahvoli haqida uzoq surishtirardi. Chunki sobiq sho’rolar davrida paxta yakkahokimligining hukmronligi hamda ayrim rahbarlarning beparvoligi tufayli ko’pgina bebaho yodgorliklar o’sha davrda vayrona ahvolga kelib qolgan edi. Qal’a devorlari ekin maydonlariga o’g’it qilindi, masjidu madrasalar buzildi yoki omborxonalarga aylantirildi. Xiva, Buxoro, Samarqand, Jizzax va Nurota tumanlarida shunday bo’lganligini o’z ko’zim bilan ko’rganman. Xivaning Deshon qal’asidan deyarlik asar ham qolmadi. Domla bularni ko’rib ich-ichidan kuyinardi. Xat orqali, ba’zan rahbarlar bilan shaxsan uchrashib tarixiy obidalarni saqlab qolish zarurligini tushintirar va ulardan buni iltimos qilar edi. Ba’zida bunday uchrashuvlar ochiq tortishuvgacha borib yetardi. Kechagidek esimda, bir kuni shogirdlaridan biri domlaning huzuriga kelib Samarqanddagi Afrosiyob qal’asini qudratli mexanizmlar yordamida vayron qilinayotganligi haqida noxush xabar keltirdi. Bizlar tushdan keyin gurunglashib o’tirgan edik. Bu xabar domlani juda asabiylashtirdi. Domla shogirdi Abdulahadga darhol Samarqandga samolyot uchun chipta keltirishni buyurdi. Shu zahotiyoq Samarqandga jo’nab ketdilar.
Borsalar, haqiqatdan ham bul`dozer va ekskovatorlar Afrosiyobning ko’p joyini vayron qilgan ekan. Afrosiyobning qoq o’rtasidan Toshkent-Samarqand avtomobil yo’li o’tkazilayotgan ekan. Mexanizatorlarga ishni to’xtatishni iltimos qilganlar, ammo ular domlaga quloq solishmagan, yuqoridan berilgan topshiriqni bajarayotganligini aytganlar. Shundan so’ng domla viloyat va shahar rahbarini axtarib ketgan. Baxtli tasoddifga qarangki, o’sha paytda shaharning teatr binosida Samarqand viloyatiga qandaydir orden topshirish marosimi bo’layotgan ekan. Rahbarlar shu tantanaga yig’ilishganlar. Tantanada respublika rahbarlaridan biri ham ishtirok qilayotgan , majlis endi boshlanayotgan ekan. Domla teatr binosiga kelib, xodimlardan biriga rahbarni chaqirib berishni so’ragan, o’shanda rahbar domlaning ismini eshitishi bilan zaldan foyega chiqqan. Salom alikdan so’ng domla unga voqeani tushuntirgan, tezda chora ko’rishni iltimos qilganlar. Rahbar shunda domlaga qarab, «Yahyo aka, bir past sabr qiling, ordenni topshirib olaylik, so’ngra bu masala bilan birgalikda shug’ullanamiz va ijobiy hal qilishga harakat qilamiz», degan. Domla bu javobdan juda asabiylashgan, so’ngra rahbarga qarab, zardali ohangda «Hurmatli yoshulli, ordenni bir necha soat kechikib topshirilsa ham, hech narsa o’zgarmaydi, ammo shu bir necha soat ichida Afrosiyobdan asar ham qolmaydi. Afrosiyob – o’tmish tariximizning jonli guvohi, davlatchiligimiz beshigi, jahon madaniyatining nodir durdonasi. Agar u tarix sahnasidan yo’q bo’lib ketadigan bo’lsa, tarix sizni hech qachon unutmaydi», – degan. Bu so’z rahbarga kuchli ta’sir qilgan shekilli, darhol mas’ul xodimlarni chaqirtirib, Afrosiyobdagi olib borilayotgan ishlarni to’xtatishni buyurgan. Natijada, Toshkent-Samarqand yo’li qal’ani chetlab o’tadigan bo’lgan. Shunday qilib, O’zbekistondagi Afrosiyobga o’xshagan o’nlab-yuzlab tarixiy obidalar domlamiz Yahyo G’ulomovning jonkuyarligi, qa’tiyatligi va jasorati tufayli hozirgi va kelgusi avlodlar uchun asrab qolindi. Domla Samarqanddan kelgach, ushbu voqeani sevinch bilan menga xikoya qilib bergan edi.
Domlaning qanchalik vatanparvar inson ekanligini tubandagi misol ham yorqin tasdiqlaydi. Esimda, Toshkent zilzilasidan ikki yil keyin, yoz faslida domlaning hovlisiga to’rt nafar arxitektor (shulardan biri ayol kishi edi) kirib keldilar.
Domla ularni iliq kutib oldi. Ularning ismlari esimdan ko’tarilgan. Ehtimol, ular Notkin va Bulotovlar bo’lsa kerak. Toshkentdagi qurilishlarning bir xilda, xuddi gugurt qutisiga o’xshatib qurilayotgani, ko’rinishi yo’qligi va sifati pastligi haqida gapirdilar. Toshkent Sharqning mash’al shaharlaridan biri, imoratlarning qurilishida sharqona ko’rinish bo’lsa, toshkentlik me’morlarning ham fikrlari hisobiga olinsa yaxshi bo’lar edi, dedilar. Ular o’zlarining fikrlarini shaharning mas’ul rahbarlariga yetkazishni domladan iltimos qildilar. Domla ham Toshkentdagi olib borilayotgan qurilishlar haqida xuddi shunday fikrda edi9. Domlaga me’morlarning yuqoridagi so’zlari ma’qul tushdi. Ertasi kuni ishga ketayotib, domla shahar partiya qo’mitasining birinchi kotibi qabulida bo’lgan, kotib muomala madaniyatidan ancha bexabar yosh yigit ekan. Domla kotibga yuqoridagi taklifni asoslab, tushuntirib bergan. Biroq kotib domlaning fikriga yetarli e’tibor bermagan.
Shundan sal oldinroq domlaning markaziy gazetada bosilgan “Toshkent choyxonalari” haqidagi tanqidiy maqolasi uni ranjitgan bo’lsa kerak, johillik bilan ko’nglidagi g’azabni to’kib socha qolgan.
Kotib domlaga qarab, «Domla siz bizning ishimizga ko’p aralashavermang. Nima qilishimizni o’zimiz yaxshi bilamiz. Ortiqcha aqlning hojati yo’q. Siz o’zingizning cho’ldagi ishingiz bilan shug’ullaning, agar bizlarning qilayotgan ishimiz Sizga ma’qul kelmasa Toshkentdan chiqib keta qoling. Ammo bizning ishimizga xalaqit bermang», deb qo’pol muomala qilgan. Bu so’zdan domlaning jahli chiqqan. Kotibga qarab, «Men-ku asli Toshkentlikman, butun umrim ilm axtarib cho’lu biyobonlarni kezganman. Sen ham issiq xonangni, yumshoq kursingni tark etib, cho’lu qumlarda izg’irin sovuq va jazirama issiqlarda yurib, azobini tatib ko’rsang, xo’p yaxshi ish bo’lar edi», deb yana otasidan eshitmagan «shirin» so’zlarni aytib, kotibning xonasidan chiqib ketgan. Domla uyiga kelib ancha vaqtgacha o’ziga kelolmadi, madaniyatsiz, nasl-nasabi ma’lum bo’lmagan kimsalarning amal kursisida o’tirganligidan qattiq ranjidi.
Domla juda mehmondo’st ham bo’lib, uning xonadonida mehmonsiz kuni kam bo’lardi. Mehmonlar orasida Rossiya, Ukraina, Qozog’iston, Tojikiston va boshqa joylardan kelgan olimlarni uchratish mumkin edi. Ular fan yangiliklaridan, olamda yuz berayotgan voqealar haqida miriqib suhbatlashishardi. Domlaning huzuriga do’stlari va shogirdlari ham tez-tez tashrif buyurib, hamsuhbat bo’lardilar. Ba’zan gurung respublikamizning ichki imkoniyatlari, xalqimizning turmush darajasiga borib taqalardi. Domla suhbatdoshining mulohazalarini juda e’tibor bilan tinglar, o’z fikrini ham ochiq aytishdan qaytmasdi. Esimda, domla bir suhbatida «O’zbekiston boy imkoniyatga ega mamlakat. Tabiiy boyliklari serob, yerlari hosildor. Daryolar, chashma va soylaridan, tog’ daralaridan oqayotgan suvlaridan tejab-tergab foydalanilsa, yana qanchalab qadim sug’orilgan yerlardan foydalanish mumkin. Paxtamiz, ipagimiz va boshqa mahsulotlarni shu yerning o’zida qayta ishlansa va sotilsa, qo’lidan ish keladigan odamlarga tadbirkorlik imkoni berilsa, xalqimiz yanada farovon yashardi. Ilg’or davlatlarning tashqaridan bergan yordami bilan hamma muammolarni hal qilib bo’lmaydi. Avvalo, halqning o’z erki, xoxish-irodasi, tashabbusi ham bo’lishi kerak. Tashqaridan hech kim biror maqsadsiz bekorga yordam bermaydi», dedi. Domla birpas to’xtab, suhbatdoshlariga nazar solarkan, so’zini davom qildirdi. «Yurtning farovonligi uchun odamlarimizning, ayniqsa mansabdor shaxslarning fikrlashi va ma’naviyati ham yuqori bo’lmog’i kerak. Xalqimiz qadim-qadimdan yuksak ma’naviyatli, oriyatli, imon-e’tiqodli va mehnatsevar xalq bo’lgan. Ammo negadir shu yaxshi xislatlarga qaraganda yomon illatlar ko’payib borayapti.
Ayniqsa, ayrim rahbarlar faoliyatida bu aniq ko’zga tashlanayapti. Mansabni suiste’mol qilish, molparastlik, ko’zbo’yamachilik, maishatparstlik illatlari kurtak otayaptiki, bunga chidab bo’lmaydi. Tarixdan ma’lumki, qaerda bunday yaramas illatlar avj olsa, shu joyning kelajagi bo’lmaydi», deb so’zni yakunladi. Bularning barchasi o’sha davrda ko’pchilikni tashvishga solayotgan muammolar edi. Domla ishxonasidan qo’lyozma solingan xatjildni olib chiqdi. Unda adreslar aniq yozilgan edi. Xatjildni shogirdi Abdulahad Muhammadjonovga berar ekan, uni pochtaga tashlab o’tishni iltimos qildi. Abdulahadga qarab, xatni o’qib ko’ring, uni Abdulla ham eshitsin, deb menga ishora qildi. Abdulahad xatni ovoz chiqarib o’qidi, biroq yuzida tashvish alomati sezilib turardi10. Chunki xatda tubandagi o’tkir jumlalar yozilgan ekan: «Hurmatli….(ismi, familiyasini qoldirdik). Ma’lumingizki, keyingi paytlarda Toshkentda qonunbuzarlar, bezorilar, o’g’ri-o’triklar ko’payib qoldi. Bundan odamlarning tinchligi va osoyishtaligi buzilmoqda. Shunday bir vaziyatda she’r va ashulalar mashq qilishni birpas to’xtatib, bu ishni o’z egalariga qo’yib bersangiz, o’zingiz esa bevosita mas’uliyatli vazifangiz bilan shug’ullansangiz, ko’p ma’qul ish bo’lardi». Ushbu xat respublikamizning qonunchilikni muhofaza qiluvchi eng yuqori lavozimdagi boshlig’iga yozilgan ekan. Abdulahad domlaga qarab, yuzida tashvish bilan bu xatni jo’natsak oqibati nima bo’lar ekan, deb xavotirlandi.
Shunda Yahyo aka “qachongacha qo’rqib yashaymiz. Kimdir bularni aytishi kerak-ku, «Qarg’adan qo’rqqan tariq ekmaydi», xat oxirida imzoyimiz bor”, deb qo’ydi. Abdulahadning tashvishlanganicha bor edi. O’sha davrda yuqoridagi rahbarlarga ochiq so’zlarni yozib yuborish, o’z hayotini tahlikaga solish bilan barobar edi. Domla buni yaxshi bilar edi. Zero, u odamlar tashvishi, elu-yurtning g’ami bilan yashardi. O’sha qaltis zamonda bunday xatni yozib yuborishning o’zi jasorat edi.
Yana bir voqea esimda. Domlaning Fathulla aka ismli qadrdon sinfdosh do’sti bor edi. U tez-tez domlani yo’qlab kelar va ishdan keyin yoshlik davrini eslab, domla bilan chaqchaqlashib o’tirardilar. Fathulla aka nafaqada bo’lib, oilasi o’rta hol darajada edi. Domla do’stini moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlab turardi. Agar Fathulla aka uzoq vaqt ko’rinmay qolsa, domlaning o’zi borib hol-ahvolini bilib, uyiga o’zi bilan olib kelardi. Fathulla akani haftalab uyidan yubormasdi. Chunki u domlaning haqiqatdan ham sadoqatli, shirinsuxan do’sti edi. Bir kuni qizg’in suhbat orasida Fathulla aka hayotdagi kamchiliklardan, yaramas illatlardan va nafaqaning kamligidan so’z yurita boshladi. Domla do’stining so’zini bo’lmadi, oxirigacha tingladi. So’ngra do’stiga qarab hazil aralash: «Fothi, so’zlab bo’lding-mi, aytgan gaplaring haq gaplar. Ammo kimga shikoyat qilyapsan, o’zi! Axir, shu hukumatni qo’lingga qurol olib, o’zing o’rnatgan emasmisan! Endi bu yog’iga chidashga to’g’ri keladi», deb qo’ydi. Ushbu kinoya bilan aytilgan so’zning tagida chuqur falsafiy ma’no bor edi”.
Bundan tashqari Yahyo G’ulomov o’sha davrdagi mafkuraviy bosimlarga qaramay, Amir Temur hayoti va faoliyatini haqqoniy o’rgangan Ibrohim Mo’minovni himoya qilishga ham bosh bo’ladi. Negaki, I.Mo’minovning “ Amir Temurning O’rta Osiyo tarixida tutgan o’rni va roli” kitobi 1968-yilda chop etilgach, asarga nisbatan salbiy qarash, norozilik harakatlari kuchayib ketadi. Moskvada nashr etiladigan “Voprosi istorii» jurnali ( 1973-yil № 2)da A.P.Novosel`tsevning, “Istoriya SSSR” jurnali (1973-yil № 5)da esa M.Abduraimovning muallif va asar qahramonini qoralab chiqqan maqolalari yoritiladi. Shuningdek, O’ZFA tarix institutida bir necha bor kitob muhokama qilinganida, Yahyo G’ulomov, Hamid Sulaymonov, Hamid Ziyoev, O.Eshonov, SH.O’razaev, B.Lunin, L.I.Rempel`, G.A.Pugachenkova. M.Xayrullaev, M.Nurmuhammedov, R.Aminova, X.Inoyatovlar Ibrohim Mo’minovni yoqlab chiqishga jur’at qilgandilar. Moskva nashrida , u yerdagi tarix institutida qoralangan asarni va muallifni yoqlab chiqishga bosh bo’lish o’sha davrda chinakam olimona jasorat edi11. Ha, Yahyo G’ulomov ana shunday fidoyi vatanparvar olim bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |