Kurs ishining maqsadi. Kurs ishining maqsadi naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanishning xorij tajribasini o`rgangan holda O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanishni takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
Kurs ishining vazifalari. Kurs ishi maqsadiga erishish uchun quyidagi vazifalar qo`yilgan:
Naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish xususidagi nazariy va metodik yondashuvlarni tahlil qilish;
Naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish yuzasidan xorij tajribasini o`rganish va xulosa shakllantirish;
Naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish tizimini rivojlantirish yo`nalishlarini aniqlash;
Tijorat banklarida naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish amaliyotini takomillashtirish bo`yicha xorij tajribasidan O`zbekiston bank amaliyotida tahlil qilish va baho berish.
Kurs ishi obyekti va predmeti. O`zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish tizimi hisoblanadi.
Kurs ishi predmeti bo`lib, tijorat banklarida naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanish sohasidagi tashkiliy-iqtisodiy munosabatlar va naqd pulsiz hisob-kitoblar bo`yicha operatsiyalar hisoblanadi.
Kurs ishining tuzilish tarkibi. Mazkur kurs ishi kirish, 3 ta reja, xulosa, foydalanilgan adabiyotlardan tarkib topgan.
Respublikamizda naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil etishning iqtisodiy va huquqiy asoslari
Bozor iqtisodiyoti sharoitida xalq xo’jaligini rivojlantirishning eng muxim omillaridan biri - pul aylanishini to’g’ri va aniq tashkil qilishdan iborat, chunki bozor iqtisodiyoti tovar-pul munosabatlarining holati va taraqqiyoti bilan chambarchas bog’liqdir. Korxona va tashkilotlar o’zlarining xo’jalik faoliyatlari jarayonida doimo bir-birlari bilan aloqada bo’ladilar. Ular o’rtasida tovar ayirboshlash jarayoni pul va pulli hisob-kitoblar yordamida amalga oshiriladi. Tovar ayirboshlashning o’zi esa pul aylanishining moddiy asosi bo’lib hisoblanadi, uning asosida boshqa pulli munosabatlar vujudga keladi. (soliq organlari, pensiya fondi, bank muassasalari va boshqalar). Pulli munosabatlarda pul shakllaridan foydalanish xususiyatlari va to’lov usullariga ko’ra pul aylanishi naqd pulli va naqd pulsiz pul aylanishiga bo’linadi.
Chakana savdo va aholiga pullik xizmat ko’rsatish asosan naqd pulda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, naqd pulli aylanishga kommunal xizmatlar uchun to’lovlar, maishiy xizmatlar uchun to’lovlar, ishchi va xizmatchilarga ish haqi va va unga tenglashtirilgan to’lovlarni to’lash, sug’urta tashkilotlariga badallar to’lash, uy-joy qurilishi va boshqa maqsadlar uchun olingan kreditlarni qaytarish va boshqa to’lovlar kiradi. Naqd pul aylanishi umumiy pul oborotining taxminan 10 foizini tashkil etadi.
Xalq xo’jaligida bo’ladigan pul aylanishining 80-90 foizini naqd pul ishlatmasdan, naqd pulsiz hisob-kitob shakllari asosida olib boriladi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar deganda, korxona va tashkilotlarning tovar ayirboshlash, xizmat ko’rsatish va tovarsiz operatsiyalar bo’yicha bir-biriga bo’lgan talab va majburiyatlarni naqd pul ishlatmasdan pul mablag’larini bir hisobvaraqdan ikkinchi hisobvaraqqa o’tkazish orqali amalga oshirilishi tushuniladi. Naqd pulsiz pul aylanishi yalpi ijtimoiy mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida sodir bo’ladigan munosabatlarini o’zida aks ettirishiga ko’ra ikki kismga bo’linadi:
Tovar operatsiyalari bo’yicha pul aylanishi.
Moliyaviy majburiyatlar bo’yicha pul aylanishi.
Birinchi guruhga tovarlarni sotish, xizmatlar ko’rsatish va kapital qurilish jarayonidagi hisob-kitoblarni aks ettiruvchi pul aylanishi kiradi. Ikkinchi, moliyaviy majburiyatlar, guruhiga esa byudjetga to’lovlar, ya’ni foydadan to’lanadigan soliq, qo’shilgan qiymat solig’i va boshqa majburiy to’lovlar hamda byudjetdan tashqari fondlar, bank ssudalarini qaytarilishi, kredit uchun foizlarning to’lanishi, sug’urta kompaniyalari bilan hisob-kitoblar kiradi.
Naqd pulsiz aylanish pulli munosabatlar ishtirokchilarining joylashuviga qarab bir shahar ichidagi va shaharlararo pul aylanishiga bo’linadi. Bir shahar ichidagi pul aylanishi bir hisob markaziga qarashli banklar o’rtasidagi hisob-kitoblar majmuini bildiradi. Shaharlararo pul aylanishi esa turli hisob markazlariga qarashli banklar o’rtasida amalga oshiriladigan hisob-kitoblar yig’indisidir. Lekin respublikamizda bank tizimining rivojlanishi, «elektron to’lovlar» tizimiga o’tish asosida hisob-kitoblarning tezligi va sifatining oshishi natijasida hisob-kitoblarda ishtiroq etuvchi sub’ektlarning joylashuviga karab ikkiga bo’lish maqsadga muvofiq bo’lmay qoldi. Chunki hisob-kitoblarda katnashuvchi sub’ektlar qaysi hududda joylashganidan qat’iy nazar, to’lovlar bir necha soatda, xattoki bir necha daqiqada o’tkaziladi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil etishda bir qator tamoyillarga asoslaniladi.
Bu tamoyillar quyidagilardir:
Har bir xo’jalik sub’ekti o’z pul mablag’larini banklarda ochilgan depozit hisobvaraqlarda saqlashlari lozim. Korxona va tashkilotlar o’zaro hisob-kitoblarini bevosita bankdagi hisobvaraqlar orqali amalga oshirishlari shart. Qaysi bankda hisobvaraq ochishni mijozlarning o’zlari tanlaydilar.
Hisob-kitoblar to’lovchining roziligi bilan yoki uning topshirig’iga asosan depozit hisobvaraqdagi mablag’i evaziga amalga oshiriladi. Korxona bank kreditidan foydalanish huquqiga ega bo’lsa, to’lovlar bank krediti hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
To’lovlar belgilangan to’lovlar ketma-ketligi asosida bajariladi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar hisob-kitob shakllarini mustaqil tanlashlari va uni shartnoma orqali mustahkamlab qo’yishlari mumkin.
Tovar etkazib beruvchi korxona hisobvarag’iga pul mablag’lari mazkur mablag’larining mol sotib oluvchi korxona hisobvarag’idan o’chirilgandan so’ng o’tkazib beriladi.
To’lovni kafolatlash maqsadida, etkazib berilishi lozim bo’lgan tovar yoki ko’rsatilishi lozim bo’lgan xizmat qiymatining 15 foizi oldindan to’langandan so’nggina tovarlar jo’natiladi yoki xizmatlar ko’rsatiladi.
Hisob-kitoblarni amalga oshirishda yuqorida sanab o’tilgan tamoyillarga amal qilinmas ekan, bu hisob-kitob munosabatlarida qatnashuvchi tomonlarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi hududida naqd pulsiz hisob-kitoblar «O’zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to’g’risida» 2020 yil 13 aprelda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida olib boriladi. «O’zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to’g’risida»gi Nizom Fuqarolik kodeksi, «Markaziy bank to’g’risida»gi, «Banklar va bank faoliyati to’g’risida»gi, «O’zbekiston Respublikasi korxonalari to’g’risida»gi Qonunlari va Markaziy bankning O’zbekiston hududida naqd pulsiz hisob-kitoblarni tartibga soluvchi boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
Mulkchlik shakllarining xilma-xilligi sharoitida xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyati tovar-pul munosabatlari rivojlanish sharoitlarida naqd pulsiz hisob-kitob qoidalari xo’jalik organlari tomonidan hisob-kitob shakllarini erkin tanlash printsiplaridan kelib chiqadi va ular shartnomalarda mustahkamlanadi. Xo’jalik organlarining shartnomaviy munosabatlariga bank aralashmaydi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar deganda, turli mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlarning tovar ayirboshlash, xizmat ko`rsatish va tovarsiz operatsiyalar bo`yicha bir-biriga bo`lgan talab va majburiyatlarni naqd pul ishlatmasdan pul mablag`larine bir hisobvarag`dan ikkinchi hisobvarag`ga o`tkazish orqali amalga oshirilishi tushuniladi.
Iqtisodiyotda naqd pulsiz hisob-kitoblar ma’lum tizim asosida olib boriladi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi o’z ichiga hisob-kitoblarni tashkil qilish tamoyillari, shakllari, usullari hamda naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil qilish oldida qo’yilgan talablarni oladi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar bir necha shakllarda olib boriladi va bu shakllar vaqt o’tishi bilan o’zgarib borishi mumkin. Hozirgi kunda respublikada naqd pulsiz hisob-kitoblar O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan va xalqaro amaliyotda qabul qilingan shakllarda tashkil etiladi. Hisob-kitob shakllari deyilganda, huquqiy me’yorlarda ko’zda tutilgan, pul mablag’larining mahsulot etkazib beruvchi, yoki xizmat ko’rsatuvchi korxona va tashkilotlarning hisobvarag’iga yozish usuli, hisob-kitob hujjatining turi va hujjatlar aylanishi tartibi bilan farq qiluvchi hisob-kitob turlari tushuniladi.
Iqtisodiy adabiyotda naqd pulsiz hisob-kitoblar tushunchasining mazmuni xususidagi qarashlar bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi. A.S.Neshitoy, E.F.Jukov, V.P.Polyakov va boshqa yana bir qator iqtisodchi olimlarning asarlarida naqd pulsiz hisob-kitoblar to’lovlarni banklardagi hisobraqamlari orqali pul ko’chirish yo’li bilan hamda o’zaro talablarni voz kechish asosida o’tkazish tushuniladi. Masalan, E.Jukovning ta’rifiga ko’ra, “naqd pulsiz hisob-kitoblar – bu naqd pullardan foydalanmasdan, pul mablag’larini kredit muassasalaridagi hisobraqamlari bo’yicha pul ko’chirish va o’zaro talablarni voz kechish vositasida amalga oshiriladigan hisob-kitoblardir”1. Keltirilgan ushbu ta’rifdan ko’rinadiki, E.Jukov naqd pulsiz hisob-kitoblarning ikki jihatini ajratib ko’rsatadi: pul mablag’larini kredit muassasalarida ochilgan hisobraqamlari orqali pul mablag’larini ko’chirish va o’zaro talablarni voz kechish.
Fikrimizcha, ushbu ta’rif hozirga qadar o’zaro talablarni voz kechish tartibi mavjud bo’lgan o’tish iqtisodiyoti mamlakatlari (Rossiya, O’zbekiston, Qozog’iston, Ukraina va h.k.) amaliyoti uchun xos. Taraqqiy etgan mamlakatlar amaliyotida esa o’zaro talab va majburiyatlarni voz kechishga asoslangan hisob-kitoblar mavjud emas. O’tish iqtisodiyoti mamlakatlarida esa, iqtisodiyotning pul mablag’lari bilan ta’minlanganlik darajasi past bo’lganligi sababli xo’jalik yurituvchi sub’ektlar o’rtasida debitor-kreditor qarzdorlik miqdori katta. Bunday sharoitda debitor-kreditor qarzdorlik miqdorini qisqartirish, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning Davlat byudjeti oldidagi qarzdorligini kamaytirish maqsadida o’zaro talab va majburiyatlarni voz kechish usulidan foydalanishga majbur bo’lishadi. Masalan, O’zbekiston Respublikasida 2015 yilning 1 yanvar holatiga monetizatsiya koeffitsientining amaldagi darajasi 22,7 foizni tashkil qildi2. Xalqaro valyuta fondi ekspertlarining tavsiyasiga ko’ra, monetizatsiya koeffitsientining eng past darajasi 30-33% bo’lishi kerak.
Prof. O.I.Lavrushin tahriri ostida chop etilgan “Bankovskoe delo” darsligida naqd pulsiz hisob-kitoblarga quyidagi uch shaklda amalga oshiriladigan hisob-kitoblar kiritiladi:
– to’lovchilar va pul mablag’larini oluvchilarning kredit muassasalarida ochilgan hisobraqamlariga yozish yo’li bilan amalga oshiriladigan hisob-kitoblar;
– o’zaro talablarni voz kechish yo’li bilan amalga oshiriladigan hisob-kitoblar;
– muomaladagi to’lov instrumentlari (veksellar,va h.k.) ni uzatish orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblar3.
Naqd pulsiz hisob-kitoblarning yuqorida keltirilgan ta’rifidan farqli ravishda, O.I.Lavrushin ta’rifida to’lov instrumentlari vositasida amalga oshiriladigan hisob-kitoblar ham naqd pulsiz hisob-kitoblarga kiritiladi. O.I.Lavrushin tomonidan berilgan ta’rif naqd pulsiz hisob-kitoblarning mazmunini to’laroq ochib berishga xizmat qiladi. Buning sababi shundaki, mazkur ta’rifda birinchidan, o’tish iqtisodiyoti mamlakatlarining xo’jalik amaliyoti uchun xos bo’lgan o’zaro talablarni voz kechishga asoslangan hisob-kitoblar o’z ifodasini topgan; ikkinchidan, banklardagi hisobraqamlariga yozish orqali amalga oshiriladigan naqd pulsiz hisob-kitoblar e’tirof etilgan; uchinchidan, to’lov instrumentlari orqali yuzaga keladigan naqd pulsiz hisob-kitoblarning mavjudligi ta’kidlangan. Tovarlar va xizmatlar bo’yicha to’lovlarni amalga oshirishda to’lov instrumentlarining ikki turidan, ya’ni oddiy va o’tkazma tijorat veksellaridan keng foydalaniladi. Shunisi xarakterliki, tijorat veksellari pulning to’lov vositasi funktsiyasini bajara oladi. Shu sababli, naqd pulsiz to’lov aylanmasida ishtirok etadigan pul mablag’larining ma’lum qismining o’rnini bosa oladi. Masalaning ikkinchi jihati ham bor. Ushbu jihatning mazmuni shundan iboratki, o’tkazma tijorat veksellari indossament orqali bir necha marta aylanish xususiyatiga ega bo’lib, xo’jalik sub’ektlari o’rtasidagi debitor-kreditor qarzdorlik hajmini keskin qisqartirish imkonini beradi. Demak, oddiy va o’tkazma tijorat veksellari muomalasi orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblar ham naqd pulsiz hisob-kitoblarga kiradi.