2.3. Psixologiyaning fanlar tizimida tutgan o’rni
Psixologiya yaxlit va mustaqil fan sifatida kishilar ongida gumanistik mentalitetning shakllanishiga xizmat qilgani uchun ham uning ushbu yo’nalishdagi muammolarni ma’lum ma’noda o’rganadigan barcha fanlar bilan bevosita aloqasini muhim ahamiyat kasb etadi. Bular birinchi navbatda ijtimoiy-gumanitar fan sohalari bo’lib, psixologiyaning ular orasidagi mavqyei o’ziga xos va yetakchidir.
Psixologiya va falsafa
Eng avvalo fanni falsafa va uning oxirgi paytlarda shakllanib, rivojlanib borayotgan ijtimoiy falsafa qismi bilan bo’lgan aloqasi xususida. Bu aloqa ikkala fanning inson va uning hayoti mohiyatini to’la anglash va rivojlanib tendensiyalarini belgilashdagi o’rni va ahamiyatidan kelib chiqadi. Tabiat, jamiyat va inson tafakkurining rivojlanishiga oid bo’lgan umumiy qonuniyatlar va tamoyillarni psixologiya falsafaning bazasidan oladi va shu bilan birga o’zi ham inson ongi va tafakkuri qonuniyatlari sohasidagi yutuqlari bilan falsafani boy ma’lumotlarga ega bo’lishiga yordam beradi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, mustaqillik mafkurasi va milliy ongning shakllanishiga taalluqli umumiy ilmiy qonuniyatlarni izlashda ham yurtimiz sharoitida bu ikkala fan – falsafa va psixologiyaning hamkorligi bevosita sezilmoqda. Bu bog’liqlik avvalo yangicha tafakkur va dunyoqarashni shakllantirish muammosi kundalang turgan tarixiy davrda milliy istiqlol g’oyalarini yurtdoshlarimiz ongi va shuurida shakllantirish kabi dolzarb vazifani bajarishga xizmat qilmoqda.
Psixologiya va tarix
Psixologiya va tarix fanlarining uzviy bog’liqligi ayniqsa, mustaqillik yillarida tarixni xolisona o’rganish va shu bilan birga inson shaxsining madaniy-tarixiy shart-sharoitlarga bog’liq tarzda rivojlanishi ayniyatini xalq ommasi ongiga yetkazishda namoyon bo’lmoqda. Yurtboshimiz I.Karimov o’zining “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” nomli asarida tarixning xalqlar taqdiri va rivojlanishidagi rolini obyektiv tarixiy omillar orqali tushuntirishning ahamiti va o’rni katta ekanligini ta’kidlash bilan bir qatorda, ana shu tarixni yaratuvchi inson psixologiyasini har bir davrda xolisona o’rganish zaruratini alohida alohida e’tirof etgan. Zero, inson ruhiyati va u vakil bo’lgan xalq va elat psixologiyasi orqali tarixiy voqyealarga baho berish milliy istiqlol g’oyalarini yoshlar ongiga singdirishning muhim vositalaridan biridir. Masalan, xalqimiz va davlatchiligimiz tarixida muhim o’rin tutgan temuriylar davri tarixini o’rganish uchun albatta, biz Buyuk Temur shaxsi va temuriyzodalarning insoniy fazilatlarini o’rganishimiz kerak. Ayniqsa, maktab yoshida tarixiy shaxslardagi takrorlanmas va ibratli sifatlar orqali o’sha davr tarixiy muhiti va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tushuntirish ancha samarali va ta’sirchandir. Shuning uchun ham tarixchi va arxeologlar u yoki bu davrni yoritish uchun o’sha davr ijtimoiy qatlamlari, mashhur shaxslari avtobiografiyasini o’rganishga katta ahamiyat bersalar, psixologlar, ayniqsa, ijtimoiy psixologlar katta guruhlar psixologiyasi va shaxsning ma’naviy va ahloqiy qiyofasini to’la o’rganish uchun shaxs mansub tarixiy shart-sharoitlar, xududiy o’ziga xosliklarni ham o’rganadilar. Shuning uchun ham mustaqillikning inson shaxsi kamolotiga berayotgan cheksiz in’omlarini tasavvur qilish uchun biz tariximizni va istiqlol yillarida qo’lga kiritgan muvaffaqiyatlarimizning obyektiv zaminlarini yaxshi o’rganishimiz kerak. Shundagina “O’zbekiston – kelajagi buyuk davlat” shiorining tom ma’nodagi mohiyatini teran anglaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |