Nazorat savollari:
1. Qaytgan nurlardagi mineral ranglari nimaga bog‘liq?
2. Ranglar qaysi minerallarga taqqoslanadi va u qanday bajariladi?
4 - LABORATORIYA ISHI
MA’DAN MINERALLARNING QAYTGAN NURLARDAGI QO’SHQAYTARISHINI VA ANIZATROPLIGINI ANIQLASH.
ETALON-LARDA KUZATISH
Ishning maqsadi: Ma’danli minerallarning silliqlangan yuzasidan qaytgan nur yordamida qo’shqaytarishini va anizatropligini aniqlash.
Nazariy asoslar: Qaytgan nurda butunlay rangsiz ma’danli minerallar uchramaydi, lekin aniq rangga ega bo‘lganlari ham juda kam uchraydi. Minerallarning ko‘pchiligi ma’dan mikroskopi ostida rangsiz, pushti, sarg‘ish, yashil, ko‘kimtir va noaniq tasvirlarda ko‘rinadi. Xira ranglar tasvirdagi minerallarni qurshovchi minerallar ta’siri ostida bo‘ladi.
Laboratoriya ishini bajarish tartibi.
Ma’dan minerallarining qaytgan nurlardagi ranglarini aniqlash uslubi quyidagilardan iborat.
Agar shlifda noma’lum mineral yaqinida mineral-etalon joylashgan bo‘lsa, unda yetarli daraja aniqlik bilan nafaqat mineralning rangini, balki uning kuchsiz rang tusini ham aniqlash mumkin.
Tekshirilayotgan mineralni mineral-etalon bilan solishtirib, uning rangini va “rangsiz minerallar” deb ataluvchi guruhga mansub minerallarning rang tusini aniqlash mumkin. Yuqorida minerallar qaytarish darajasini aniqlashda keltirilganidek, rangsiz minerallarning qaytgan nurlardagi rang tuslarini aniqlash qizil, sariq va yashil filtrlarni qo‘llash bilan osonlashadi va aniqlashadi. Yashil rangli filtr ishlatilganda yashil va ko‘k tusli minerallarda (pirargirit, prustit, bulanjerit); sariq rangli filtrda – sariq rang tusli minerallarda (pirit, markazit va boshqalar); qizil rangli filtrda – qizil, pushti va zarg‘aldoq rang tusli minerallarda (arsenopirit, rammelsbergit, xloantit va boshqalar) eng ko‘p qaytarish darajasi kuzatiladi.
Jilolash sifati past bo‘lsa, ma’dan minerallarining qaytgan nurlardagi rangini aniqlashga to‘sqinlik qiladi. Shunday qilib, xalkozin yomon jilolanganda ko‘k rangli bo‘lsa, yaxshi jilolanganda – ko‘k tusli oq rangda; pirit yaxshi jilolanganda sariq tusli oq rangda bo‘lsa, yomon jilolanganda yaqqol sariq rangli bo‘ladi. Shuning uchun shlifni tekshirishni boshlashdan avval, uni yaxshilab zamsha yoki qalin matoga ishqalab, chang va yupqa qoplama pardalardan tozalash kerak, chunki oson oksidlanuvchi minerallar yuzasi yopilib, mineral rangini aniqlashga to‘sqinlik qiladi.
Minerallar kuchli yorug‘lik nurlarida ochroq rangda ko‘rinadi. Shuning uchun minerallar rangini aniqlashda bir xil kuchdagi yorug‘lik manbalardan va bir xil rang filtrlaridan foydalanish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |