Bozor iqtisodiyoti sharoitida makroiqtisodiy muvozanatga erishishning roli va ahamiyati benihoya kattadir. Makroiqtisodiy muvozanat mamlakat iqtisodiyotining toʻgʻri yoki notoʻgʻri yoʻldan borayotganligini koʻrsatuvchi omillardan biri boʻlib hisoblanadi. Chunki, iqtisodiyotda boʻlayotgan doimiy oʻzgarishlar xar qanday mamlakatni ham iqtisodiy muvozanatdan chiqarib yuborishi mumkin.
Iqtisodiy tizimlardagi ogʻish tovarlar va xizmatlar taqchilligini yoki ortiqcha ishlab chiqarilganligini, inflyatsiya, ishsizlik va shunga oʻxshash boshqa salbiy hodisalar sifatida namoyon boʻladi. Ular iqtisodiyot samaradorligining pasayishiga va aholi turmush tarzini tushib ketishiga olib keladi. Shu sababli ham iqtisodiy muvozanat muammolarini tadqiq qilish eng muhim vazifalardan biri boʻlib hisoblanadi.
IS-LM egri chiziqlari kesishadigan nuqta IS-LM modelidagi iqtisodiy muvozanat holatini koʻrsatadi. Bu nuqta oʻzida shunday foiz stavkasi «R» ni va daromad darajasi «Y» ni aniqlaydiki, bunda tovarlar va xizmatlar bozorida talab va taklif hamda real pul mablagʻlariga boʻlgan talab va ularning taklifi oʻzaro teng boʻladi. (27.7- rasm.)
R
R*
Y* Y
27.7-chizma. IS – LM modelidagi iqtisodiy muvozanat
Bu yerda: R*-muvozanatli foiz stavkasi; Y*- muvozanatli daromad hajmi.
IS va LM egri chiziqlarining oʻzaro kesishishi pul taklifi investitsiyalar va jamgʻarmalarni oʻzaro tenglashtiruvchi foiz stavkasi shakllanishi uchun yetarli ekanligini anglatadi.
IS egri chizigʻi rejalashtirilgan xarajatlarga bogʻliq boʻlganligi uchun uning oʻzgarishi fiskal siyosatidagi oʻzgarishlarni xarakterlaydi. LM pul taklifiga bogʻliq boʻlganligi uchun undagi oʻzgarish monetar siyosat tadbirlari natijasini koʻrsatadi.
Bundan xulosa shuki IS-LM modeli fiskal va monetar siyosatning iqtisodiyotga birgalikda koʻrsatadigan ta’sirini baholash imkonini beradi. Davlat xarajatlarining oʻsishi yoki soliqlarning kamayishi IS egri chizigʻini oʻngga siljitadi. Davlat xarajatlarining kamayishi va soliqlarning oshishi esa bu egri chiziqni chapga siljitadi. Xuddi shuningdek, pul taklifining oshishi LM egri chizigʻini oʻngga, kamayishi esa chapga siljitadi. IS-LM modeli ma’lum makroiqtisodiy natijalarga erishishning turli variantlarni koʻrib chiqish imkoniyatini beradi. Bir bozorda boʻlgan oʻzgarish ikkinchi bozorga ham ta’sir etadi. Masalan Markaziy bank ochiq bozordan obligatsiyalar sotib ola boshladi. Natijada pul taklifining koʻpayishi (LM egri chizigʻini oʻngga siljishida aks etib) foiz stavkasining pasayishini keltirb chiqaradi. Monetar impuls ta’sirida, ya’ni, foiz stavkasining pasayishi oqibatida investitsiya
xarajatlari koʻpayadi va IS egri chizigʻi ham oʻngga siljib yangi nuqtada muvozanat oʻrnatiladi.
Agar modelda muvozanati LM egri chizigʻining gorizontal (keyns) kesmasida yuzaga kelsa pul massasining koʻpaytirilishi investitsiyalar, ishlab chiqarish va bandlilikning oʻsishiga olib kelmaydi. Bu iqtisodiy tizimda aloqalar buzilganligidan dalolat beradi. Bunda pul taklifining oʻsishi tovarlar bozoriga ta’sir koʻrsata olmaydi, chunki pul bozorida foiz stavkasini kamaytirish imkoniyati qolmaydi. Bunday vaziyat likvidlilik tuzogʻi nomini olgan.
“Likvidlilik tuzogʻi vaziyatida kredit (monetar) siyosat yalpi talab va milliy daromadni ragʻbatlantirish vositasi sifatida kutilgan samarani keltirib chiqarmaydi va shu sababli, keynschilar fikriga koʻra, (ixtiyorimizda) faqat bir dastak - soliqlar va hukumat xarajatlari orqali yalpi talabga bevosita ta’sir koʻrsatadigan fiskal siyosatgina qoladi”*.
Agar modelda IS egri chizigʻi LM egri chizigʻining vertikal kesmasidan kesib oʻtganda yuz bergan boʻlsa pul taklifini oshirish milliy daromadning oʻsishigava foiz stavkasining pasayishiga olib keladi. Aksinсha, davlat xarajatlarining oshirilishi esa, keynschilar fikriga koʻra, bu kesmada yalpi talabga va milliy daromad hajmiga ta’sir koʻrsatmaydi.
Agar IS egri chizigʻi vertikal koʻrinishda boʻlsa, ya’ni investitsiyalarga talab foiz stavkasi oʻzgarishiga ta’sirchan (elastik) boʻlmagan, masalan investorlar kelajakdagi bozor konyunkturasining noaniqligi sababli oʻz investitsiyalari istiqboliga tushkun baho bersalar investitsion tuzoq yuzaga keladi. Investitsion tuzoq shuni anglatadiki, IS egri chizigʻi vertikal boʻlganda LM egri chizigʻining siljishlari real daromad miqdorini oʻgartirmaydi. Bu holatda pul-kredit siyosati yalpi talalab va milliy daromad hajmiga hech qanday ta’sir koʻrsatmaydi, fiskal siyosat esa samarali boʻladi.
Demak pul- kredit siyosati foiz stavkalari yuqori boʻlganda samarali boʻladi. Fiskal siyosat esa foiz stavkasi minimal, ya’ni LM egri chizigʻi gorizontal, IS egri chizigʻi esa vertikal boʻlganda samaraliroq boʻladi.
Ивашковкий С.Н. Макроэкономика: Учебник.-2-е изд., доп.- М.: Дело, 2002, с. 219 .
Model yordamida makroiqtisodiy siyosat variantlarini tanlash, shuningdek, usullarini muvofiqlashtirilgan holda qoʻllash va siqib chiqarish samaralarini kamaytirish yoʻllarini tahlil etish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |