Diskret va nodiskret fiskal siyosat. Byudjet taqchilligi va ortiqchaligi
Hukumatning bandlik darajasi, ishlab chiqarish hajmi, inflyatsiya sur’atlari va toʻlov balansi holatini oʻzgartirishga yoʻnaltirilgan maxsus qarorlarni qabul qilishi natijasida davlat xarajatlari, soliqlar va davlat byudjeti qoldigʻini maqsadli oʻzgartirilishi diskret fiskal siyosat deyiladi. Diskret fiskal siyosat yuritilganda iqtisodiy pasayish davrida jami talabni ragʻbatlantirish uchun davlat xarajatlarini oshirilishi va soliqlarni kamaytirilishi natijasida davlat byudjeti kamomadi yuzaga keltiriladi. Oʻz navbatida davriy koʻtarilish paytida byudjet ortiqchaligi yuzaga keltiriladi.
Diskret fiskal siyosat iqtisodiy tebranishlarni yumshatishda muhim rol oʻynasada, uning ayrim kamchiliklari mavjud. Bu, avvalam bor, vaqt oraliqlari bilan bogʻliq. Ya’ni iqtisodiyotda pasayish yoki inflyatsion zoʻriqishning paydo boʻlishi, bu holatlarni aniqlash yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun davlat xarajatlari va soliq tushumlarini oʻzgartirish borasida qaror qabul qilish, bu qaror bajarilishini ta’minlash jarayonlarining har biri oʻrtasida ma’lum vaqt oʻtadi.
Bu vaqt davomida iqtisodiy vaziyat oʻzgaradi va koʻrilgan chora- tadbirlar koʻtilgan natijani bermasligi mumkin. Shu tufayli davriy tebranishlarni avtomatik tarzda yumshatib turish mexanizmini yaratish zarurati yuzaga keladi.
Nodiskret fiskal siyosat – davlat xarajatlari, soliqlar va davlat byudjeti qoldigʻini avtomatik oʻzgartirishni koʻzda tutadi. Nodiskret fiskal siyosat oʻrnatilgan barqarorlashtirgichlarga asoslanadi. Rivojlangan davlatlarda oʻrnatilgan barqarorlashtirgichlari rolini progressiv soliq tizimi, davlat transfertlari tizimi va foydada ishtirok etish tizimi oʻynaydi. Nodiskret fiskal siyosat davriy tebranishlarni
yumshatish uchun hukumatning bevosita aralashuvini talab etmaydi. Davriy pasayish sharoitida daromadlar pasayishi tufayli soliq stavkalari pasayadi. Bu esa jami talabning oshishiga, ishlab chiqarishni kengaytirishga ragʻbatni yuzaga kelishiga olib keladi. Shuningdek pasayish davrida davlat transfertlari, jumladan ishsizlik nafaqasi toʻlovlari miqdori oshadi. Bu holat ham jami talabni oshirib, jami taklif hajmini oshishiga ijobiy ta’sir koʻrsatadi.
Iqtisodiy yuksalish davrida ortiqcha talab iqtisodiyotga inflyatsion ta’sir koʻrsatayotgan sharoitda daromadlar darajasi oshishi bilan soliqlar stavkalari pasayadi va bu jami talabga cheklovchi ta’sir koʻrsatadi. Ayni paytda davlat xarajatlari (ishsizlarga nafaqalar, davlat transfertlarining bir qancha turlar) ham pasayadi. Ammo nodiskret fiskal siyosat vositalari iqtisodiy tebranishlarni toʻliq yumshatish imkonini bermaydi va u diskret fiskal siyosat yuritishni inkor etmaydi.
Iqtisodiyotning oʻrnatilgan barqarorligi darajasi davriy byudjet taqchilligi va ortiqchaligi miqdorlariga bogʻliq. Davriy taqchillik (ortiqchalik) iqtisodiy faollik pasayishi (oshishi) sharoitida soliq tushumlarining avtomatik kamayishi (oshishi) va davlat xarajatlarining avtomatik oshishi (kamayishi) natijasida yuzaga keladigan davlat byudjeti taqchilligi (ortiqchaligi)dir.
G,T T’Byudjetning T=Ta+tY
davri G=cont
taqchilligi
G=Ga-γY
Y1 Y0 Y2
1-chizma. Byudjet taqchilligi va ortiqchaligi
Davriy pasayish bosqichida soliqlar avtomatik pasayishi, davlat transfertlarining oshishi natijasida byudjet taqchilligi kelib chiqadi.
Davriy yuksalish bosqichida soliqlar avtomatik koʻpayishi va davlat xarajatlarining kamayishi natijasida byudjet ortiqchaligi paydo boʻladi. Davlat xarajatlari oʻzgarmas boʻlgan sharoitda ham byudjet taqchilligi va ortiqchaligi mavjud boʻlishi mumkin. Davriy taqchillik va ortiqchalik miqdorlari soliq va byudjet funksiyalari grafiklarining “tikligiga” bogʻliq. Soliq funksiyasi T ning egilish burchagi chegaraviy soliq stavkasi t ning miqdoriga bogʻliq. t qancha yuqori boʻlsa T chizigʻi shuncha tik boʻladi. Davlat byudjetidan beriladigan transfertlar hajmi oʻzgarishining daromadlar oʻzgarishiga bogʻliqligini xarakterlovchi γ koeffitsiyent qancha kichik boʻlsa, G chizigʻi ham shuncha tik boʻladi. Demak daromad oshgani sari byudjetga soliq toʻlovlari oshaveradi, byudjetdan transfert toʻlovlari esa kamayadi.
Davlat xarajatlari daromadga bogʻliq boʻlmagan oʻzgarmas miqdor boʻlganda t qanchalik katta boʻlsa T chizigʻi shuncha tik va iqttisodiyotning oʻrnatilgan barqarorligi darajasi ham shunchalik yuqori boʻladi. Ammo iqtisodiy oʻsishning ta’minlash vazifasi T va G chiziqlarini yotiqroq boʻlishini taqozo etadi.
Oʻrnatilgan barqarorlashtirgichlar muvozanatli YaMM hajmini, uning potensial hajmi darajasi atrofida tebranishi sababini toʻliq tugatmaydi va ishlab chiqarishning har qanday darajasida mavjud boʻlishi mumkin.
Toʻliq bandlikni ta’minlagan diskret fiskal siyosat yuritilishi natijasida davlat byudjetining tarkibiy taqchilligi (ortiqchaligi), ya’ni toʻliq bandlik sharoitida byudjet xarajatlari (daromadlari) va daromadlari (xarajatlari) oʻrtasidagi farq yuzaga keladi.
Davriy taqchillik koʻpincha davlat byudjetining haqiqiy taqchilligi va tarkibiy taqchillik farqi sifatida baholanadi.
Davlat byudjeti kamomadini moliyalashtirish usullari:
Pul-kredit emissiyasi;
Davlat zayomlarini chiqarish;
Davlat byudjetiga soliq tushumlarini koʻpaytirish.
Davlat byudjeti kamomadi pul chiqarish orqali qoplanganda muomalada pul massasini koʻpaytirish inflyatsiyaga olib keladi.
Inflyatsiya darajasi oshganda Oliver-Tanzi samarasi paydo boʻladi. Ya’ni, soliq toʻlovchilar tomonidan davlatga toʻlaydigan soliqlar toʻlovini atayin kechiktirish hollari yuzaga keladi. Bu esa davlat byudjeti kamomadi oshishiga olib keladi. Byudjet taqchilligi tufayli davlat xususiy ishlab chiqaruvchilardan tovarlar va xizmatlar sotib olsa-yu, lekin ular toʻlovlarni kechiktirsa, xususiy ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlari narxlarini oldindan oshirib qoʻyishadi. Bu esa inflyatsiyaning oshishiga olib keladi.
Agar davlat byudjeti taqchilligi davlat zayomlarini chiqarish orqali moliyalashtirilsa, ular sotilishi natijasida pulga talab oshadi. Bu esa oʻz navbatida foiz stavkasini koʻtarilishiga olib kelishi mumkin. Oqibatda investitsiya xarajatlari, sof eksport hajmi va qisman iste’mol xarajatlari kamayadi. Pirovardida siqib chiqarish samarasi roʻy beradi va u fiskal siyosatning ragʻbatlantiruvchi samarasini zaiflashtirib qoʻyadi.
Byudjet taqchilligini moliyalashtirishning bu usuli noinflyatsion usul hisoblansada inflyatsiya xavfini ma’lum muddatga kechiktiradi xolos. Chunki muddati yetgan zayomlarni sotib olish bilan davlat muomaladagi pul massasini koʻpaytiradi. Bu esa oʻz navbatida, baholar darajasining koʻtarilishiga sabab boʻladi. Soliq tushumlarini koʻpaytirish byudjet taqchilligini moliyalashtirishning uchinchi yoʻli boʻlib, u uzoq muddat talab etadigan soliq islohoti oʻtkazilishini talab etadi. Bu islohotlar soliq bazasini kengaytirish, soliq stavkalarini kamaytirish, soliq yukini ishlab chiqaruvchilardan koʻproq mulk egalari va mulkdan foydalanuvchilar zimmasiga oʻtkazish orqali soliqlar tushumini koʻpaytirishni koʻzda tutadi.
Byudjet ortiqchaligini kamaytirish usullariga muomaladagi pul mablagʻlarini olib qoʻyish va davlat qarzlarini toʻlash kiradi.
Davlat qarzlarini toʻlash nominal daromadlar va muomaladagi pul massasini oshirib, baholar darajasining yanada oshishiga olib kelishi mumkin. Shu tufayli byudjetdagi ortiqcha mablagʻlarni muzlatib qoʻyish byudjet kamomadini pasaytirishning nisbatan noinflyatsion usulidir.
Byudjet taqchilligi asosan noinflyatsion usullar bilan, ya’ni davlat obligatsiyalari chiqarish hamda xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar hisobiga moliyalashtirilmoqda. Respublikamizda oʻtkazilayotgan soliq-
byudjet siyosati makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab turish, ustuvor tarmoqlarni investitsiyalash, ta’lim sohasini jadal rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadlariga qaratilib kelinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |