Inflyatsion kutilmalar kanali pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimi doirasida amalga oshirilishida inobatga olinishi lozim boʻlgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Iqtisodiy jarayonlar ishtirokchilari qarorlar qabul qilishlarida nafaqat real bozor sharoitlarini, balki ularning kelajakdagi oʻzgarish ehtimolini ham inobatga olishlarida inflyatsion kutilmalar kanali asosiy ahamiyat kasb etadi. Xususan, korxona va tadbirkorlar narxlarni oʻrnatishlari va kelajakda ish haqi oʻzgarishini baholashlari uchun inflyatsion kutilmalar muhim hisoblanadi.
Shu oʻrinda, mazkur kanalning asosiy xususiyati korxona va tashkilotlar tomonidan mahsulot va xizmatlar narxlarini shakllantirilishida namoyon boʻladi. Bunda, kelajakda inflyatsiya darajasining oshishini kutayotgan korxona va tashkilotlar narxlarni oshiradi, bu esa joriy inflyatsiya darajasining oʻsishiga olib keladi.
Shuni ta’kidlash joizki, kutilmalar kanali yuqorida keltirilgan toʻrtta kanallarning barchasi bilan oʻzaro bogʻliqdir. Masalan, pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasining shakllanishi koʻp jihatdan kelajakda kutilayotgan stavkalar darajasiga bogʻliqdir.
Iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning markaziy bank maqsadli koʻrsatkichlariga nisbatan yuqori darajada boʻlishi jamiyatda inflyatsiyani Markaziy bank tomonidan toʻla nazoratga olish borasidagi shubhalarni keltirib chiqaradi. Mazkur vaziyat foiz stavkasini keskin oshirish zaruriyatini tugʻdirishi mumkin.
Oʻzbekiston sharoitida iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish va erkinlashtirish jarayonlari amalga oshirilayotgan davrda inflyatsion kutilmalar oshishi va kelajakda ma’lum muddat davomida saqlanib qolishi mumkin.
Inflyatsion targetlash rejimiga oʻtish Markaziy bankning kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan siyosatiga jamoatchilik ishonchini oshirish va shu asnoda ijobiy inflyatsion kutilmalar shakllanishiga erishishni talab etadi.
Aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kelajakda narxlar oʻzgarishi yuzasidan kutilmalarini baholash va monitoring qilish, shuningdek, mazkur kutilmalarning xususiyatlari hamda unga ta’sir koʻrsatuvchi omillarni atroflicha oʻrganish maqsadida 2018-yildan boshlab Markaziy bank tomonidan iste’mol narxlari dinamikasi va inflyatsion kutilmalarni oʻrganish yuzasidan kuzatuvlar va soʻrovlar olib borish amaliyoti joriy qilindi.
Bunda, Markaziy bank tomonidan inflyatsion kutilmalar shakllanish jarayonini oʻrganish, tahlil qilish va ularni modellashtirish salohiyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |