Inflyatsiyaning mohiyati va hisoblanish usullari
Inflyatsiya – bu yalpi tovar va xizmatlarning narxini koʻpayishidir. Inflyatsiya makroiqtisodiy beqarorlikni eng murakkab aspekti boʻlib uni tartibga solish iqtisodiy muammo hisoblanadi.
Inflyatsiya (lotincha inflatio - shishish, boʻrtish, taranglashish) – ma’lum davr mobaynida mamlakatda baholar oʻrtacha (umumiy) darajasining barqaror oʻsishi, pulning xarid qobiliyatini uzoq muddatli pasayishi. Inflyatsiya bozor iqtisodiyotining asosiy izdan chiqaruvchi omillari jumlasiga kiradi, uning sur’ati qanchalik yuqori boʻlsa, iqtisodiyotga xavfli ta’siri shunchalik katta boʻladi. Ayniqsa bir iqtisodiy tizimdan ikkinchi bir iqtisodiy tizimga oʻtayotgan mamlakatlarda inflyatsiyaning iqtisodiyotga ta’siri ancha xavfli. Chunki, bu davr narxlarning erkinlashuvi va shunga muvofiq ularning umumiy darajasi keskin oshib ketishi bilan bogʻliq.
Ammo inflyatsiya davrida barcha tovarlarning baholari ham oshavermaydi: ayrimlariniki barqaror boʻlib tursa, ba’zilariniki esa tushishi mumkin.
“Inflyatsiya” atamasi ilk bor Shimoliy Amerikada 1861–1865- yillardagi Fuqarolar urushi davrida qoʻllanildi. Inflyatsiyaning atamasi muomaladagi qogʻoz pul massasining tovarlarning real taklifiga nisbatan haddan ziyod koʻpayib ketishi holatini izohlagan. Ammo inflyatsiyaning bunday tavsifi mukammal emas va uning sabablarini ochib bermaydi. Umuman olganda inflyatsiya pul muomalasi qonunlarining buzilishi shakli sifatida makroiqtisodiy muvozanatning buzilishini, talab va taklif nomutanosibligini anglatadi.
Keynschiar maktabi namoyandalari bunday nomutanosiblikning sababi toʻliq bandlik sharoitida talabning haddan ziyod boʻlishida deb bilishadi. Shu sababli ular ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi past boʻlsa byudjet taqchilligi va qoʻshimcha pul chiqarish yoʻli
bilan xarid qobiliyatini, boshqacha aytganda yalpi talabni koʻpaytirish inflyatsiyaga olib kelmaydi deb hisoblashishadi.
Neoklassik yondashuv tarafdorlari inflyatsiyaning manbai ishlab chiqarishning haddan ziyod oʻsishida, ishlab chiqarish xarajatlarining koʻpayishida deb bilishadi. Demak keynschilar inflyatsiyaga talab tomonidan, neoklassiklar esa taklif tomonidan yondashishadi.
Agar iqtisodiyotda tovarlar va xizmatlar massasi yalpi talabga nisbatan sekinroq oʻssa, yoki yalpi talab koʻpaygani holda oʻzgarmasdan tursa, bu nomutanosiblik baholar darajasining koʻtarilishi orqali bartaraf etiladi. Oqibatda pul birligining xarid qobiliyati pasayadi va milliy iqtisodiyotning qoʻshimcha pul massasiga ehtiyoji paydo boʻladi.
Inflyatsiya nafaqat pul muomalasining izdan chiqishi, balki butun takror ishlab chiqarish mexanizmining kasali, makroiqtisodiy buzilishlar natijasidir. Baholarning oʻsishi, pul birligi xarid qobiliyatining pasayishidan tashqari inflyatsiya namoyon boʻlishining quyidagi uch belgisi ham bor. Bular:
valyuta kurslarining oʻzgarishi;
kredit berish shartlarining qimmatlashuv va muddatlarining qisqarishi tomon oʻzgarishi;
kundalik ehtiyoj mollaridan iborat iste’mol savati bahosining oʻsishi.
Inflyatsiya baho indekslari – deflyator va iste’mol narxlar indeksi yordamida aniqlanadi.
Baholar oʻrtacha (umumiy) darajasining nisbiy oʻzgarishi inflyatsiya darajasi (baholarning oʻsish sur’ati) deb ataladi. Makroiqtisodiy modellarda inflyatsiya darajasi quyidagicha ifodalanishi mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |