Mavzu:Davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda Mudofaa sanoati muhim omil.
Uzoq yillar davomida Qurolli Kuchlarimizni harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlar bilan ta’minlash asosan import hisobidan amalga oshirilib kelingan bo‘lib, ushbu holat nafaqat milliy armiyamizni harbiy va maxsus texnika, qurol-aslaha va boshqa zarur jihozlar bilan o‘z vaqtida ta’minlashga, balki mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlash kabi strategik yo‘nalishda xorijiy davlatlarga bog‘lanib qolishdek holatni yuzaga keltirgan edi.
Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslariga ko‘ra, 2017 yil 20 noyabrda davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish hamda mudofaa ahamiyatiga ega ishlab chiqarish sohasida yagona davlat siyosatini olib borishga mas’ul bo‘lgan davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi.
O‘tgan ikki yil mobaynida Qo‘mita tomonidan mamlakatimiz sanoatining harbiy va ikki maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishni ta’minlash va milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘, jangovar texnika, maxsus vositalar va ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli ishlar bajarilib kelinmoqda.
Jumladan, dunyoning 20 dan ortiq rivojlangan davlatlari bilan harbiy-texnik hamkorlik o‘rnatildi, 6 davlat bilan hukumatlararo komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 10 dan ortiq davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlik yo‘nalishida halqaro bitim va kelishuvlar imzolandi. Tizimli ravishda zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalarni xarid qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mudofaa vazirligi kuch va vositalarini jalb qilgan holda mavjud, moddiy va ma’naviy jihatdan eskirgan qurol-aslahalarni modernizasiya qilish bo‘yicha ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Jumladan, BM-21 “Grad” rusumli yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi yangi zamonaviy shassiga o‘rnatildi va bu tizim amaliy sinovlardan muvafaqiyatli o‘tdi.
BTR-70 rusumli transporterga yangi zamonaviy dizel dvigateli, uzatish qutisi o‘rnatilib mobil imkoniyatlari oshirildi. Shuningdek, shaxsiy tarkib himoyasini oshirish maqsadida qo‘shimcha zirh va kumulyativ panjara bilan jihozlandi.
T -64 rusumli tankning kuch bo‘limi to‘liq rekonstruksiyaqilinib, zamonaviy, katta quvvatga ega dvigatel va transmissiya agregatlari qo‘yildi, raqamli aloqa vositalari bilan jihozlandi.
Gaz-66 rusumli avtomobillariga “ISUZU» dvigatellari va uzatish qutilarini o‘rnatgan holda modernizasiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘z navbatida ularning xarakatchanlik va mobil imkoniyatlarini oshirdi.
Shuningdek, KamAZ avtomobillari shassida barcha sharoit va xududlarda qo‘shinlar boshqaruvini ta’minlay oladigan mobil qo‘mondonlik boshqaruv punkti, shuningdek zamonaviy asbob va uskunalar bilan jixozlangan, har qanday murakkab tibbiy amaliyotlarni amalga oshirishga qodir tibbiyot punkti yaratildi.
Bundan tashqari, «Chirchiq aviasiya ta’mirlash zavodi» DK rekonstruksiya qilinib, to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi va texnologik jihatdan qayta jihozlandi, buning natijasida korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish imkoni yaratildi. Jumladan, “Mi” rusumidagi vertolyotlarning ta’mirlanayotgan jihozlari nomenklaturasi ortdi, Su-25 rusumli samolyotlarni ta’mirlash o‘zlashtirilmoqda.
«Vostok» IIB DUKda bugungi kunda o‘qotar qurollar uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarilmoqda. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2020 yilning birinchi yarmida yangi turdagi patronlar ishlab chiqaruvchi liniyaning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Harbiy kiyim-anjomlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi tuzilib, 2019 yilda dastlabki sex faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 2020 yil II kvartalda korxona to‘liq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan, qo‘mita tasarrufidagi («Vostok» IIB DUK, «Chirchiq aviasiya ta’mirlash zavodi» DK, «Innovasion texnologiyalar markazi», «MS TexMash» va «MS RemTex» MCHJlar) va mahalliy korxonalar (KRANTAS, ISUZU va boshqalar)da ishlab chiqarilayotgan harbiy hamda ikki maqsadda qo‘llanadigan mahsulotlar va xizmatlar ko‘rsatish ko‘rsatkichlarini 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Ammo shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqorida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar milliy armiyamizni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlashga qodir bo‘lgan to‘laqonli mudofaa sanoati sektorini barpo etish uchun yetarli emas. Yuqorida belgilangan pirovard natijalarga erishish hamda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) ishlab chiqilmoqda.
Ushbu rejada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni SH.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda 2020 va keyingi yillarda asosiy e’tibor Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika hamda boshqa mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq ta’minlashga, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini takomillashtirishga, ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadli mahsulot turlari va nomenklaturasini ko‘paytirishga, korxonalarga turli imtiyozlar yaratgan holda mahsulotlar tannarxini tushirish va ularning eksportbopligini oshirishga qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |