4-BOB. NOOZIQ-OVQAT TOVARLARINI IDENTIFIKATSIYALASH VA QALBAKILASHTIRISH
Reja:
4.1. Nooziq-ovqat tovarlarini identifikatsiyalash va qalbakilashtirish tushunchasi.
4.2. Nooziq-ovqat tovarlarini identifikatsiyalash turlari va usullari.
4.3. Nooziq-ovqat tovarlarini identifikatsiyalash vositalari.
4.4. Nooziq-ovqat tovarlarini qalbakilashtirish tushunchasi va uni aniqlash turlari, usullari.
4.5. Qalbakilashtirish oqibatlari.
4.6. Parfyumeriya mahsulotlarini identifikatsiyalash va qalbakilashtirish.
4.7. Neft mahsulotlarini identifikatsiyalash va qalbakilashtirish.
4.8. Qogʻozni identifikatsiyalash va qalbakilashtirish.
4.9. Toʻqimachilik tovarlarini identifikatsiyalash va qalbakilashtirish.
4.1. Nooziq-ovqat tovarlarini identifikatsiyalash va qalbakilashtirish tushunchasi
Nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalash va qalbakilashtirish toʻgʻrisidagi bilimlar bilan qurollangan talaba nooziq-ovqat tovarlarning haqiqiyligini amaliyotda identifikatsiyalay oladi va ularning sohtalashtirilganligini aniqlay biladi, qalbakilashtirish usullarini aniqlash imkonini beradigan mezonlarni tanlay oladi, mahsulotning xususiyatlari uning muhim belgilariga oʻxshashligini tasdiqlay oladi, obyektga qoʻyiladigan standartlar talablariga rioya etilganligini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita aniqlay oladi.
Nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalash va qalbakilashtirish texnik va iqtisodiy vazifalar majmuasini qamrab oladi:
nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalash va qalbakilashtirish toʻgʻrisidagi nazariy qoidalarni rivojlantirish;
identifikatsiya mezonlari hamda usullarini, tovarlar sohtalashtirilganligini aniqlash yoʻllarini ishlab chiqish;
tovarlarni identifikatsiyalashning meʼyoriy-huquqiy bazasini yaratish;
sinalayotgan tovarlarning barcha xossalari yoki bosilgan tamgʻasidagi, idishidagi, ilova qilingan hujjatlar va meʼyoriy hujjatlardagi tavsifi bilan baholanadigan oʻxshash tovarlarga muvofiqligini tadqiq qilish;
tovarlarni qalbakilashtirishning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha turkum tadbirlarni ishlab chiqish;
identifikatsiya ekspertizasining xolisligini va resurslar hamda vaqt kam sarflanishini taʼminlaydigan ekspress-usullarni ishlab chiqish.
Nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalash va
qalbakilashtirish quyidagi fanlarga tayanadi:
kimyo – xom ashyoni va boshlangʻich materiallarni identifikatsiyalashda yordam beradi;
fizika – tovarlarning mexanik, elektrik, termik va boshqa fizik xossalarini identifikatsiyalash imkonini beradi;
biologiya- xom ashyo va materiallarning kelib chiqish tabiatini identifikatsiyalash imkonini beradi;
tovarshunoslik- assortimentga mansublikni identifikatsiyalash, shuningdek tovarlarning sifat koʻrsatkichlarini identifikatsiyalash uchun zarur va yetarli boʻlgan koʻrsatkichlar nomenklaturasini ishlab chiqish imkonini beradi;
iqtisodiyot – tovarni iqtisodiy kategoriya sifatida bilish, tovarlarni qalbakilashtirish oqibatida isteʼmolchilar, davlat va qonuniy ishlab chiqaruvchilar koʻradigan moddiy zararlarning sabablarini ochish imkonini beradi.
Qalbakilashtirilgan tovarlarni oʻz vaqtida aniqlash hamda tovarlarning haqiqiyligini tasdiqlashning nazariy tasavvurlarini va amaliy koʻnikmalarini hosil qilish “Nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalash va qalbakilashtirish” degan bobda oʻrganiladi.
Nooziq-ovqat tovarlar sohtalashtirilgan degan shubha bilan ularni identifikatsiyalash faqat maxsus fizik, fizik-kimyoviy va
kimyoviy usullardangina emas, balki qalbakilashtirishni aniqlash hamda yangi samarali identifikatsiyalash usullaridan ham foydalanishni talab qiladi.
Identifikatsiyaga xilma-xil vazifalar xos:
koʻrsatish vazifasi – taqdim etilgan tovar namunasini konkret nom, nav, marka, tur, shuningdek tovar partiyasi bilan bir xil, deb koʻrsatish;
axborot berish vazifasi – bozor munosabatlari subyektlariga zarur axborotni yetkazish vazifasi;
tovarning assortiment koʻrsatkichi bosilgan tamgʻada, tovarga ilova qilingan hujjatlarda koʻrsatilgan axborotga mosligini, yaʼni tovarning haqiqiyligini tasdiqlash vazifasi;
boshqarish vazifasi – mahsulotning sifat tizimi unsurlaridan biri boʻlib xizmat qilish vazifasi.
Identifikatsiya vaqtida natijaning salbiy boʻlib chiqishi tovarlar sohtalashtirilganligidan dalolat beradi.
Tovarlar, xizmatlar, qimmatli qogʻozlar (pul,
aksiyalar, veksellar va boshqalar), axborot, ishchi kuchi va tijorat faoliyatining boshqa obyektlari
identifikatsiya obyektlaridir. Oʻrganilayotgan fanda nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalash obyekt boʻladi.
Bozor munosabatlarining barcha ishtirokchilari nooziq-ovqat tovarlarni
identifikatsiyalash subyektlaridir:
1) ishlab chiqaruvchilar – xom ashyoni, yarim tayyor mahsulotlarni, butlovchi buyumlarni qabul qilib olish bosqichida hamda tayyor mahsulotni berish vaqtida;
2) savdo tashkiloti (savdo vositachisi) – oldi-sotdi shartnomalarini tuzish, tovarlarni qabul qilib olish va ularni sotishga
tayyorlash bosqichlarida;
3) isteʼmolchi – tovarni organoleptik koʻrsatkichlar boʻyicha, oʻzining hayotiy tajribasiga, bilimlariga tayanib va tovar haqida yetarli axborotga ega boʻlmasdan boshqalarning fikriga quloq solib sotib olayotganida. Bunda xaridor oʻz xatolari uchun oʻzining puli bilan haq toʻlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: