Alkogolsiz ichimliklar – bular etil spirtining hajmiy ulushi 0,5%dan ortiq boʻlmagan, bijgʻigan va tarkibida spirt boʻlgan xom ashyodan tayyorlangan ichimliklar uchun esa – koʻpi bilan 1,2% boʻlgan, umumiy minerallashuvi koʻpi bilan 1,0 g/dm3 boʻlgan, asosini ichimlik suvi yoki mineral suv tashkil etadigan ichimliklardir. Ichimlik biroz shirin, biroz nordon, gazlashtirilgan boʻlishi mumkin, lekin bu majburiy emas, tarkibida ishlatishga meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan yoʻl qoʻyiladigan mevalar va rezavorlar, sharbatlar, oʻsimlik xom ashyosi, sut mahsulotlari, asalarichilik mahsulotlari, tuzlar, oziq qoʻshimchalar, biologik faol qoʻshimchalar va boshqa ingrediyentlar boʻlishi mumkin, ammo bu ham majburiy emas.
Alkogolsiz ichimliklarga sanoat yoʻli bilan yoki uy sharoitida ichimliklar tayyorlashga moʻljallangan siroplar, ekstraktlar, konsentratlar (suyuq va quruq kukunsimon) hamda isteʼmol qilishga tayyor ichimliklar (sharbatlar, kvaslar, kvas ichimliklari, ichimlik suvi va mineral suvlar va hokazolar) kiradi.
Siroplar, ekstraktlar, konsentratlar natural xom ashyo (meva-rezavor sharbatlari, morslar, shirin va xushboʻy oʻsimliklarning ekstraktlari va nastoykalari, pivo yoki kvas boʻtqasi va boshqalar) asosida va/yoki turli oziq qoʻshimchalar (xushboʻy moddalar, boʻyoq moddalar, oziq kislotalar, stabilizatorlar va boshqalar) asosida tayyorlanadi.
Ichimliklarning assortimenti boʻyicha ushbu guruhga mansubligining asosiy identifikatsiyalovchi belgisi quruq moddalarning massa ulushi yuqori darajada boʻlishidir: siroplarda – kamida 50 %, ekstraktlarda — 44—62 %, kvas konsentratida — kamida 57 %, kvas boʻtqasining konsentratida — kamida 68 %. Quruq moddalarning miqdori bu qadar koʻp boʻlishi koʻpchilik ichimliklarni siropga oʻxshash yopishqoq konsistensiyaga ega qiladi va bu ularning oʻziga xos belgisidir.
Kukunga oʻxshash konsentratlar bir tekis sochilib turuvchi konsistensiyaga ega boʻlishi, ularda zichlashish va qumoqlik belgilari boʻlmasligi kerak.
Assortimentni identifikatsiyalashda organoleptik xossalarning eʼlon qilingan nomga va tarkibga mosligi ham aniqlanadi. Siroplar, ekstraktlar va konsentratlarning rangi, taʼmi va xushboʻyligi boshlangʻich xom ashyoga xos boʻlgan hamda har bir nom uchun retsepturada yozib qoʻyilgan muhim belgilarga mos boʻlishi kerak. Siroplar meva-rezavorlar, oʻsimlik xom ashyosi yoki xushboʻy xom ashyo (essensiyalar, efir moylari, sitrus nastoykalari, xushboʻy qoʻshimchalar) asosida ishlab chiqarilishi, ularning tarkibida fiziologik qimmatli ingrediyentlar (vitaminlashtirilgan, quvvat beradigan, izotonik, diabetik va boshqa maxsus siroplar) boʻlishi mumkin.
Ekstraktlar ishlab chiqarish uchun tindirilgan meva-rezavor sharbatlaridan, konsentratlar tayyorlash uchun esa – quyuqlashtirilgan sharbatlar, efir moylari, taʼm va xushboʻylik beruvchi moddalar, boʻyoq moddalari, stabilizatorlar, quruq yoki maysa holidagi javdar yoki arpa boʻtqasi, javdar, makkajoʻxori yoki arpa uni va boshqa ingrediyentlardan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |