9-MAVZU: Organik olamdagi moslanishlar – evolyutsiya natijasi.
REJA:
1. Morfologik moslanishlar.
2. Fiziologik moslanishlar.
3. Etologik moslanishlar.
4. O‘simliklar olamidagi moslanishlar.
Moslanish bu - organizmlarning ichki va tashqi tuzilishi, organlar funksiyasi, xulq-atvori va hayot tarzining muayyan yashash muhiti sharoitiga mos kelishidir. Barcha tirik organizmlarda mavjud bo‘lgan o‘ziga xos moslanish belgilari ularning o‘zi yashab turgan muhitda yashab qolishi, yashash uchun kurashda g‘olib chiqishi, normal nasl qoldirib o‘z belgilarini kelgusi avlodlariga uzatishlari uchun imkon tug‘diradi. Moslanish organizmlarning yashovchanligi, raqobatchanligi va normal nasl qoldirishi bilan uzviy aloqadordir. Raqobatchanlik organizmlarning o‘lik va tirik tabiat, shu jumladan, oziq topish, boshqa jins bilan qo‘shilish, yashash joyini egallashdagi qarshiliklarni yengishidir. Nasl qoldirish esa organizmlar urchishining normal kechishi bilan bog‘liq. Moslanishning bu uch komponenti o‘zaro bog‘liq bo‘lib, tabiiy tanlanish orqali tarkib topgan evolutsion natija hisoblanadi. Tashqi muhit sharoitlari turli-tuman bo‘lganligi sababli, organizmlardagi moslanish belgilari ham xilma-xil bo‘ladi.
Morfologik moslanishlar. Tashqi muhit omillari ta’siri natijasida organizmlar tana tuzilishida shu muhitga mos xususiyatlar paydo bo‘ladi. Masalan, qushlarda tana shakli havo muhitida, baliqlarning tana shakli suv muhitida yashashga yordam beradi. Hayvonlardagi morfologik moslanishlarga himoya rangi, maskirovka, mimikriya, ogohlantiruvchi rang, chalg‘ituvchi rang misol bo‘ladi.
Himoya rangi. Ko‘pchilik hollarda hayvonlarning tashqi rangi o‘zi yashayotgan muhit rangiga mos bo‘lgani uchun ko‘zga kam tashlanadi. Odatda cho‘lda yashaydigan toshbaqa, kaltakesak, ilonlar qum rangida, shimoliy o‘lka hayvonlari - ayiq, kuropatka, tulkilar oq rangda, kvaksha, beshiktervatar, ninachilar yashil barglar orasida yashagani, karam kapalagi qurti uning barglari bilan oziqlangani sababli yashil rangda bo‘ladi. Agar muhit rangi fasllarga qarab o‘zgarsa, u holda hayvonlar rangi ham o‘zgaradi. Masalan, Yevropaning o‘rta mintaqasida yashovchi tulki, tovushqon, kuropatka, gornostay qishda bir, yozda ikkinchi xil rangda bo‘ladi. Maskirovka. Ayrim hollarda hayvonning tana shakli va rangi atrofidagi barg, novda, kurtak, o‘simliklarga o‘xshash bo‘ladi. Chunonchi, chupchik degan hasharot rangi va shakli ingichka novdani, ninabaliq suvo‘tlarini dengiz paxmoq otchasi deb ataluvchi baliq suv o‘simliklarini eslatadi.Ayrim ikki pallali molluskalar shakli suv o‘simliklarining kurtaklariga o‘xshash bo‘ladi. Malayada tarqalgan kallima kapalagining qanotlari shakli, naqsh va tomirlari bargga o‘xshash bo‘ladi. Ogohlantiruvchi rang. Ba’zi hayvonlarning tashqi ko‘rinishi rang-barang bo‘lib, ko‘zga yaqqol tashlanadi.
Fiziologik moslanishlar. Ushbu moslanish tana temperaturasi, qonda tuz va qand konsentratsiyasining turg‘un holda saqlanishiga qaratilgan. Organizmlar shaxsiy hayotining turli bosqichlarida atrof-muhitdagi tuz, namlik, haroratning o‘zgarishlariga nisbatan o‘z turg‘unligini saqlaydi. Masalan, o‘simliklar qishki tinim davridan normal o‘tishi uchun ular hujayrasida suv miqdori kamayib, erigan moddalar konsentratsiyasi ortadi.
Etologik moslanishlar. Bu moslanish turi hayvonlarning xatti- harakatlarida namoyon bo‘ladi. O‘ziga xos harakatlar orqali hayvonlar dushmanlaridan himoyalanadi, oziqa topadi va zaxiralaydi, yil mavsumlariga moslashadi, juft tanlaydi va ko‘payadi, naslini himoya qiladi. Hayvonlar dushmandan saqlanish uchun yashirinadi yoki qo‘rqituvchi xatti-harakatlarni amalga oshiradi. Nasl uchun g‘amxo‘rlik qilish turning yashab qolishida katta ahamiyatga ega.
O‘simliklar olamidagi moslanishlar. Hayvonlar singari o‘simliklarda ham tashqi muhit omillariga nisbatan bir qancha moslanishlar mavjud. Masalan, nam tanqisligiga o‘simliklar turlicha moslashgan bo‘ladi. Bir xil o‘simliklarning bargi ustki tomondan mum qavat (fikus), ikkinchi xillarda qalin tuklar (sigirquyruq) bilan qoplangan. Saksovulda barglar kichik «tangacha»larga aylangan.
Moslanishlarning kelib chiqishi. Darvin tashqi muhitning muayyan sharoitida organizmlardagi murakkab va turli-tuman moslanishlar qanday paydo bo‘lganligini ilmiy asosda tushuntirib berdi.
Savollar:
1.Morfologik moslanishlar haqida gapirib bering.
2.O‘simliklar olamidagi moslanishlarning ahamiyati.
3.Organizmdagi moslanishlarning nisbiyligini qanday izohlaysiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |